Главная » 2020 » Декабрь » 24 » 10 yil oldin yo‘qolgan uysiz odamni soch-soqoli olingandan so‘ng qarindoshlari tanib qolishdi
18:23

10 yil oldin yo‘qolgan uysiz odamni soch-soqoli olingandan so‘ng qarindoshlari tanib qolishdi


Braziliyaning Goyas shtatida boshpanasiz odam o‘n yil oldin g‘oyib bo‘lgan qarindoshi ekanligini yaqinlari bilib qolishdi. Bularning hammasi sartaroshxonada olingan fotosurat tarqalgandan so‘ng sodir bo‘ldi, deya xabar berdi «Times Now News» nashri.

Juan Koelo Gimares 2010-yilda bedarak ketgan. U jon saqlash uchun 10 yil ko‘chalarda tentirab, axlat titishiga to‘g‘ri kelgan.

Bir kuni u sartarosh Alessandro Lobodan soqolini tekislab qo‘yishni iltimos qildi. Biroq sartarosh hammasini shundayligicha qoldirmaslikka qaror qildi va 45 yoshli Juan Gimaresning soch-soqolini chiroyli qilib olib qo‘ydi.

«Ko‘pincha biror nimaga muhtoj odamlarga yordam beramiz. Hozir og‘ir davr, ko‘pchilik yaqinlarini yo‘qotmoqda, moddiy sharoiti ham qiyin. Shuning uchun hozir har qanday yordam muhim», — deya izohladi Lobo.

Qiyofasini o‘zgartirishga chamasi ikki soat vaqt ketdi. Salon xodimlari uysiz odamning soch-soqolini chiroyli qilib olib qo‘yishdi. Hatto, kiyim-kechak ham sovg‘a qilishdi. Ko‘zguda o‘zining yangilangan qiyofasini ko‘rgan Juan ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

Alessandro Juan bilan tushgan suratini ijtimoiy tarmoqlarga joyladi va ko‘p o‘tmay mashhur bo‘lib ketdi. Ma’lum vaqtdan so‘ng sartaroshga uysizning qarindoshi murojaat qildi.

«Ular fotosuratni ko‘rishgach, men bilan bog‘lanishdi. Chunki uning telefoni ham, doimiy manzili ham yo‘q edi. Kimningdir hayotini o‘zgartirish uchun arzimagan narsa talab etilishini ko‘rsatmoqchi edim. Bunday bo‘lishini xayolimga ham keltirmagandim», — dedi Lobo.

Juanning singlisi Mariya akasini yo‘qotib qo‘yganiga 10 yilcha bo‘lgan. U akasini topishga rosa harakat qilgan, lekin barcha urinishlar besamar ketgach, uni o‘ldi deb o‘ylagan. Bir kuni Internetdagi fotosuratda akasini tanib qoldi. Alessandro aka-singilning uchrashuvini tashkil qildi: ular bir-biridan ayrilay demasdi.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: qarindoshlari, uysiz, tanib qolishdi, yo‘qolgan, soch-soqoli | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя