Главная » 2020 » Ноябрь » 27 » 1 dekabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
09:02

1 dekabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?


Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar vakolatiga o‘tkaziladi

Prezident farmoniga asosan, 2020 yil 1 dekabrdan boshlab ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar vakolatiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs tomonidan MJTKning tegishli moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan jarimani sud va vakolatli idoralarda ish ko‘rilgunga qadar ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantirish tizimini joriy etiladi.

Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi

Prezident qaroriga binoan Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida davlat tibbiy sug‘urta tizimini yo‘lga qo‘yish belgilandi. Ushbu tizim doirasida Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi.

Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta'minlash;
  • aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta'minlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etish;
  • tajriba-sinov loyihasi doirasida Davlat budjetidan kafolatlangan paketni moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan mablag‘larni jamlash, boshqarish, ularning maqsadli va samarali sarflanishini tashkil etish;
  • tajriba-sinov loyihasining natijalariga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.

O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchixonasida savdo va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi

«Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Afg‘oniston Islom Respublikasidagi elchixonasi shtatlar jadvaliga mehnatga haq to‘lash fondiga tegishli o‘zgartirishlar kiritgan holda savdo va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi lavozimi kiritiladi

Jismoniy tarbiya va sport universiteti tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda uyushmalar ustidan o‘quv va ilmiy-uslubiy rahbarlik yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti respublikadagi barcha jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyati ustidan o‘quv va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xizmat itlari bilan ta'minlanadi

«O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga ko‘ra, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligi Inspeksiya ehtiyojlaridan kelib chiqib, yiliga 5 tadan o‘simliklar karantini sohasidagi o‘ziga xos «detektor»lar – xizmat itlari hamda 5 nafardan kinologlar tayyorlab berilishini ta'minlaydi.

Umumta'lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi

Umumta'lim fanlarini bilish darajasini baholash bo‘yicha test sinovlarini o‘tkazish va sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:

  • 2020 yil 1 dekabrda ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo‘yicha;
  • 2021 yil 1 fevralda kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha;
  • 2022 — 2024 yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari bo‘yicha.

Ma'lumot uchun, hukumat qarorida 2021/2022 o‘quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta'lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta'lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi joriy etilishi belgilangan.

Atrof muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan, mo‘ljallanayotgan va rejalashtirilayotgan ayrim faoliyat turlari bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi

Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda atrof muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan I va II toifalarga mansub bo‘lgan mo‘ljallanayotgan va rejalashtirilayotgan faoliyat turlari bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: o‘zgaradi, 1 dekabrdan, qonunchilikda | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя