Главная » 2021 » Апрель » 25 » 1 maydan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
21:23

1 maydan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?


IELTS’dan 7 ball olgan yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab beriladi
Hukumat qaroriga binoan imtihon topshirish xarajati kompensatsiya qilinadigan xalqaro imtihon tizimlari ro‘yxati va kompensatsiya uchun talab etiladigan yuqori ballar belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, hozircha IELTS, TOEFL, GMAT, GRE va SAT imtihon tizimlaridan yuqori ball olgan yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab beriladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning idoraviy va hududiy bo‘linmalari boshqaruv xodimlarining soni 15 foizgacha qisqartiriladi
Prezident qaroriga binoan:
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning idoraviy va hududiy bo‘linmalari boshqaruv xodimlarining soni 15 foizgacha maqbullashtiriladi hamda ularning yangilangan cheklangan soni belgilanadi;
  • vazirlik va idoralarning rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari ilovaga muvofiq qisqartiriladi.
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tugatiladi
Prezident qaroriga asosan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tugatiladi hamda Agentlikning jami 110 nafar shtat birligi hisobidan Moliya vazirligi tarkibida boshqaruv xodimlari cheklangan soni 54 nafardan iborat Kapital bozorini rivojlantirish departamenti tashkil etiladi.
Shuningdek, 2021 yil 1 maydan boshlab quyidagi mablag‘lar Moliya vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi:
  • fond birjasida qimmatli qog‘ozlar savdosini amalga oshirishda sotuvchi tomonidan to‘lanadigan yig‘im;
  • emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning dastlabki chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun to‘lanadigan yig‘im;
  • emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni yiriklashtirish jarayonida ularning nominal qiymati oshirilganda emitent tomonidan to‘lanadigan yig‘im;
  • qimmatli qog‘ozlarning chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va (yoki) avval ro‘yxatdan o‘tgan qimmatli qog‘ozlarning chiqarilishiga o‘zgartirishlar bo‘yicha hujjatlar ko‘rib chiqilganligi uchun to‘lanadigan yig‘im;
  • lotereyalarni tashkil etish faoliyatini tartibga solish bilan bog‘liq yig‘imlar;
  • qimmatli qog‘ozlar bozorida operatsiyalarni o‘tkazish huquqini beruvchi malaka attestatini olishga talabgorlarni (jismoniy shaxslarni) attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish uchun undiriladigan yig‘im;
  • qimmatli qog‘ozlar savdosining tashkilotchilari va qimmatli qog‘ozlar bozoridagi professional ishtirokchilarning faoliyatini amalga oshirishi uchun litsenziya olish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish uchun undiriladigan yig‘im;
  • belgilangan tartibda Moliya vazirligi tomonidan undiriladigan boshqa yig‘imlar.
Moliya vazirligi davlat organlari budjetdan tashqari jamg‘armalarining daromad va xarajatlarini e'lon qilib boradi
2021 yil uchun qabul qilingan davlat dasturida Moliya vazirligi tomonidan:
  • davlat organlari budjetdan tashqari jamg‘armalarining daromadi va xarajatlari;
  • ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda ularga ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar xaridlari;
  • davlat subsidiya va grantlarining miqdorlari va oluvchilariga oid moliyaviy ma'lumotlarni OAV va Internetda e'lon qilish amaliyotini joriy etish belgilangan.
«Shaffof xayriya» yagona interaktiv portali ishga tushiriladi
Prezident farmoniga asosan homiylik mablag‘larini markazlashtirilgan holda to‘plash va tarqatish, ularning maqsadli hamda manzilli yo‘naltirilishini monitoring qilish, ushbu jarayonlarni to‘liq avtomatlashtirish va oshkoraligini ta'minlash, shuningdek, xayriya etuvchi o‘z mablag‘ining ishlatilishini kuzatib borish imkonini beruvchi «Shaffof xayriya» yagona interaktiv portali ishga tushiriladi.
Barcha tashkilotlarda ijroni nazorat qilish faqat «Ijro.gov.uz» tizimida amalga oshiriladi
Prezident farmoniga asosan barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish faqat «Ijro.gov.uz» tizimida amalga oshiriladi.
Ichki ishlar organlari tarbiya koloniyasi tarbiyachilariga qo‘shimcha oylik ustama haq to‘lanadi
Prezident qarori bilan ichki ishlar organlari tarbiya koloniyasi huzuridagi 35-son umumiy o‘rta ta'lim maktabi filiali o‘qituvchilari va tarbiya koloniyasining tarbiyachilariga, shu jumladan shahodatlangan tarkibga mansub tarbiyachilariga ham amaldagi ustama haqlar va to‘lovlardan qat'i nazar, alohida mehnat sharoitlari uchun tegishlicha bazaviy tarif stavkasining va lavozim maoshining 75 foizi miqdorida qo‘shimcha oylik ustama haq to‘lab beriladi.
«O‘zbekiston milliy kinofondi» davlat muassasasi xodimlariga 50 foiz miqdorida shaxsiy ustamalar to‘lanadi
Prezident farmoniga asosan «O‘zbekkino» Milliy agentligi huzuridagi «O‘zbekiston milliy kinofondi» davlat muassasasining xodimlariga ularning mehnatiga haq to‘lash oylik jamg‘armasining 50 foizi miqdorida Davlat budjeti hisobidan shaxsiy ustamalar to‘lanadi.
Ko‘p qavatli bino va inshootlar qurilishida elektron texnik pasportlar shakllantiriladi
Prezident qaroriga ko‘ra, yangi qurilishi rejalashtirilayotgan ko‘p qavatli bino va inshootlarning konstruktiv tizimi, qurilish maydonining seysmik darajasi, yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar materiallarining mustahkamlik ko‘rsatkichlarini nazarda tutuvchi elektron texnik pasportlarni shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligini reyting baholash tizimini olib boruvchi veb-portal test rejimida ishga tushiriladi
Hukumat qarorida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
  • 2020 yil 1 dekabrga qadar fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligini reyting baholash tizimini olib boruvchi avtomatlashtirilgan veb-portalning (keyingi o‘rinlarda veb-portal) texnik-loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlash;
  • 2021 yil 1 maydan veb-portalni test rejimida ishga tushirish vazifasi yuklangan.
O‘zbekistonga olib kiriladigan va olib chiqiladigan ekologik xavfli mahsulotlarni majburiy ekologik sertifikatlashtirish tartibi joriy etiladi
Hukumat qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va respublika hududidan olib chiqishda ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni majburiy ekologik sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risida nizom 2021 yil 1 maydan kuchga kiradi.

Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: O'zbekistonda, nimalar o'zgaradi, 1-may | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя