Главная » 2019 » Декабрь » 29 » 2020-yildan qanday mahsulotlarni birja orqali sotib olishimiz mumkin bo‘ladi?
12:13

2020-yildan qanday mahsulotlarni birja orqali sotib olishimiz mumkin bo‘ladi?


O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi 2020-yilning yanvar oyidan faoliyatida nima o‘zgarishlar kutilayotganligini  ma`lum qildi. Unga ko‘ra,
 
1. Monopolist korxonalar va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi faqat birja savdolari orqali (Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan o‘rnatiladigan kvotalar bo‘yicha) eksport qilinadi. 
 
Mahalliy mahsulotlarimizni birja savdolari orqali jahon bozorlariga olib chiqish sotuvchi-korxonalar uchun xaridorlarni yanada kengroq qamrab olish, yetkazib berilayotgan tovarlar uchun to‘lovlarni kafolatlash va o‘tkazilayotgan auksionlar evaziga qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlarini ochib beradi.
 
2. Quyidagi tovarlar ichki bozorda bozor tamoyillari asosida faqat ochiq birja savdolari orqali barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng ta’minlangan holda sotiladi:
 
- mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar (respublikaning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarida joylashgan iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida o‘z savdo tarmoqlari orqali sotiladigan, umumiy ishlab chiqarish hajmining 10 foizidan oshmaydigan hajmi bundan mustasno);
 
- texnik moy, omuxta-yem, xo‘jalik sovuni, neft eritkichi, neft parafini va mis kuporosini;
 
- yoqish mazuti, isitish yoqilg‘isi, suyultirilgan gaz va neft bitumi (maxsus iste’molchilarga o‘rnatilgan tartibda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotiladigan hajmlar bundan mustasno).
 
Mazkur tovar resurslarini ochiq birja savdolari orqali sotilishi xaridorlar, shu jumladan tadbirkorlarning ulardan erkin foydalanishi sezilarli darajada kengaytiradi, sotuvchilar birja savdolari natijasida olingan qo‘shimcha daromad hisobiga o‘zlarining iqtisodiy samaradorligini oshirish imkoniga ega bo‘lishadi.
 
3. Birja savdolariga qo‘yilishi lozim bo‘lgan, ichki bozorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizasiya qilinadigan yuqori likvidli va monopol mahsulot to‘g‘risida ma’lumotlar majburiy tartibda birjaning rasmiy vebsaytiga joylashtiriladi.
 
4. Sotuvchi va xaridorlarning kelishuviga ko‘ra birja savdolari qoidalari asosida chet el valyutasida import bitimlari tuzish mexanizmi joriy etiladi.
 
Tovarlarni birja savdolari orqali import qilish savdo ishtirokchilari uchun tuzilgan bitimni bajarilishini kafolatlash mexanizmidan foydalanish, hamda narxlarni bozor tamoyillari asosida shakllanish kabi qulayliklarni taqdim etadi. Shuningdek bu mexanizm O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan yoki kam miqdorda ishlab chiqariladigan tovarlarning ichki narxlarini barqarorlashtirishga ham xizmat qiladi.
 
5. Strategik ahamiyatiga ega bo‘lgan buyurtmachilar uchun davlat xaridlarini hududlar kesimida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishtiroki bilan o‘tkazish imkoniyatini beruvchi elektron do‘konning yangi bo‘limi to‘la ishga tushuriladi.
 
6. Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar:
 
- eng yaxshi takliflarni tanlab olishi yo‘li orqali amalga oshirish haqida e’lon 15 kundan kam bo‘lmagan muddatga maxsus axborot portaliga joylashtiradilar;
 
- mazkur xaridlar bo‘yicha xarid komissiyasining bayonini maxsus axborot portaliga 2 ish kuni muddatga jamoatchilik muhokamasiga joylashtiradilar;
 
- davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalar to‘g‘risida ma’lumotlarni 3 ish kundan kechiktirmasdan maxsus axborot portaliga tuzilgan shartnomalar reyestriga kiritadilar;
 
- xaridlarni elektron do‘kon va boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion orqali qonunda belgilangan mezonlarga muvofiq amalga oshirish huquqi berilmoqda.

7. Mijozlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida birja elektron savdo platformalari uchun yagona kliring tizimini joriy etiladi. Ushbu tizim yordamida mijozlar o‘z kliring hisob varaqlaridagi pul mablag‘laridan birjaning barcha savdo platformalari uchun foydalanish mumkin bo‘ladi. Ya’ni mijozlar birja savdolari va onlayn auksionlarida tovarni sotish yoki sotib olishlari uchun birjaning hisob-kitob kliringdagi bitta hisobvarag‘idan foydalanadilar.
 
8. Ko‘rgazma-yarmarka savdolarning yangilangan tizimi joriy etiladi. Bunda mijozlar uchun savdolarni auksion va auksionsiz shaklida o‘tkazish, hamda narxlar so‘rovi mexanizmidan foydalanish mumkin bo‘ladi. 
 
Shuningdek tadbirkorlik sub’yektlarini elektron tijorat sohasiga keng jalb qilish maqsadida ko‘rgazma-yarmarka savdolari tizimida birjaning tuzilgan bitimlar ijrosini hisob-kitoblar kliringi palatasi orqali kafolatlash mexanizmi joriy etiladi. Endilikda sotuvchi va xaridorlar birja savdolarida amal qiluvchi bitimlar bajarilishini kafolatlash kabi qulayligidan ko‘rgazma-yarmarka savdolari tizimida ham foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Shartnoma shartlari bajarilmaganligi uchun jarimani qo‘llanilishi mazkur savdo tizimiga bo‘lgan ishonchni oshiradi va tomonlarning shartnomaviy intizomini mustahkamlaydi.
 
9. Birja savdolari bo‘yicha yangi mobil ilovasi ishga tushiriladi. Zamonaviy dizayn, interfeysga ega mobil ilova “aqlli” izlash funksiyasi va shaxsiy kabinet orqali birja savdolari to‘g‘risida barcha ma’lumotlarni olish imkonini beradi. 


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя