Главная » 2021 » Январь » 6 » 2021-yilning asosiy xatari ma’lum qilindi. U koronavirus emas
23:23

2021-yilning asosiy xatari ma’lum qilindi. U koronavirus emas


Eurasia Group konsalting kompaniyasi 2021-yilning asosiy xatar va tahdidlari ro‘yxatini e’lon qildi. Kompaniya an’anaga ko‘ra yil boshida dunyo siyosatiga ta’sir ko‘rsatuvchi tahdidlar o‘nligini e’lon qiladi. Bu gal hisobot Eurasia Group prezidenti Yan Bremmer hamda shirkat raisi Kliff Kupchan muallifligida tayyorlangan.

AQShda prezident almashuvi tadqiqot mualliflari tomonidan dunyo barqarorligini izdan chiqaruvchi birlamchi xatar o‘laroq baholangan. Gap shundaki, demokratlar yetakchisi Jo Bayden qizg‘in bahslar ila kechgan saylovda amaldagi prezident Donald Trampni mag‘lub etgani ma’lum. J.Baydenning g‘alabasi garchi rasman e’tirof etilgan bo‘lsa-da, mamlakatning qariyb yarim aholisi yangi prezident faoliyati legitim ekaniga shubha bilan qaramoqda. Bu esa ichki siyosatda demokratlar hamda respublikachilar o‘rtasidagi ziddiyani yanada kuchaytiradi. Eng xavotirli jihati, mazkur siyosiy inqiroz AQShga nisbatan ittifoqchilarning ishonchiga soya soladi. Negaki, oradan to‘rt yil o‘tib, Jo Bayden o‘rniga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa prezident strategik yo‘nalishlarni bemalol o‘zgartirib yuborishi mumkinligi ayon bo‘lib qolmoqda.  

COVID-19 pandemiyasi ikkinchi asosiy xatar o‘laroq qayd etilgan. Tahlilchilarga ko‘ra, koronavirusga qarshi emlash jarayoni kasallikni jilovlash borasida ijobiy samara bersa-da, moddiy imkoniyatlar notengligi vajidan dunyoda boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tabaqalanish yanada kuchayadi.

COVID-19 tarqalishi dunyo siyosati hamda iqtisodiyotiga ham kuchli zarba beradi. Qashshoq mamlakatlarning tashqi qarzi oshib, ish o‘rinlari keskin kamayadi. Pirovardida dunyo mamlakatlarida hukumalarga qarshi norozilik to‘lqini kuchayishi hech gap emas.

Hisobotda iqlim o‘zgarishi uchinchi xatar sifatida baholangan. Chunki yangi yilda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ilmiy bahslar siyosat sahnasiga ko‘chadi. Deylik, AQSh Xitoyning ekologik toza texnologiyalariga taqiq qo‘yadi. Toza energiya manbalari bo‘yicha ilmiy izlanishlar ham siyosiy bosim ostida qoladi. Bularning bari iqlim o‘zgarishiga qarshi juda sekinlik bilan kechayotgan kurashni deyarli yo‘qqa chiqaradi.

Ekspertlarga ko‘ra, AQSh va Xitoy o‘rtasida ziddiyatning avj olishi to‘rtinchi tahdid sanaladi. Vaksina poygasi, texnologiya borasidagi kimo‘zaro bellashuv, savdo-iqtisodiy kelishmovchiliklar ikki yirik mamlakat o‘rtasida taranglikni battar kuchaytiradi. Hongkong, Tayvan va Janubiy Xitoy dengizining maqomi bo‘yicha ziddiyatlar esa yanada taranglashadi. Ikki gigant mamlakat to‘qnashuvi dunyo siyosati va iqtisodiyotini qalqitishi turgan gap.

Eurasia Group tahlilchilari global miqyosda ma’lumotlar almashuvi muammolarini beshinchi tahdid o‘laroq qayd etgan. Axborot oqimidagi to‘siqlar IT kompaniyalarning xarajatini ko‘paytiradi, internetda muvaffaqiyat qozongan biznes loyihalar ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Axborot xavfsizligi yo‘lidagi xavotirlar ortiqcha ehtiyotkorlik choralari va taqiqlarga olib keladi.

Tadqiqotda kibermakonning nazoratsiz qolishi, Turkiyadagi siyosiy beqarorlik, neft narxining tushib ketishi ortidan Yaqin Sharqdagi ijtimoiy taranglikning ortishi, Germaniya hukumatini 15 yildan beri boshqarib kelayotgan Angela Merkelning lavozimidan ketishi, Lotin Amerikasi davlatlarida ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning kuchayishi ham tahdidlar sifatida baholangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShdagi nufuzli tahlil markazi – Atlantika kengashi ham global tahdidlar borasida o‘z versiyasini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, COVID-19 inqirozi bashariyat hayotiga zarba beruvchi asosiy xatar o‘laroq qayd etilgan. AQShdagi munozarali saylovda Baydenning g‘alaba qozongani,  dunyoda yetilib kelayotgan moliyaviy inqiroz, AQSh – Eron, AQSh – Xitoy ziddiyati ham qaltisliklar sifatida baholangan.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Koronavirus, xatari | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя