Главная » 2020 » Февраль » 21 » 6=9×4. Norvegiyada 6 soatlik mehnat unumdorligi ma'lum qilindi. O‘zbekistonda ish vaqti tartibiga rioyasi bo‘yicha nazorat kuchaytirilmoqda
20:11

6=9×4. Norvegiyada 6 soatlik mehnat unumdorligi ma'lum qilindi. O‘zbekistonda ish vaqti tartibiga rioyasi bo‘yicha nazorat kuchaytirilmoqda


Norvegiya bir sutkada 6 soatdan kamroq ishlash davomiyligiga ega bo‘la turib, qolgan davlatlarga nisbatan mehnat unumdorligi bo‘yicha 2 baravar mehnat unumdorligiga ega. Davlat tashkilotlarida ish vaqti o‘rtacha 8-9 soat davom etadigan Gretsiya, Rossiya va Koreyada mehnat unumdorligi Norvegiyaga nisbatan 3-4 marta kam. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida bo‘lib o‘tgan videoselektor majlisida shu haqda ma'lum qilindi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri. 

Davlat idoralarida ish jadvaliga qat'iy rioya qilish, dam olish kunlarida davlat xizmatchilarining dam olishiga to‘sqinlik qilmaslik, davlat xizmatlarini tashkil etish hamda inson resurslarini boshqarishda mehnat qonunchiligiga amal qilish mehnat unumdorligini oshiruvchi asosiy omillardir. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Nodirjon Maqsumovning bildirishicha, ayni yuqoridagi omillarga e'tiborsizlik sababli xorijiy davlatlar nufuzli oliy ta'lim muassasalarida tahsil olgan o‘zbekistonlik yoshlarning aksariyati hukumatning ish haqidagi taklifini rad etishgan. «Umid» jamg‘armasi orqali ta'lim olgan o‘zbekistonliklarning aksari ertalabdan yarim kechagacha ishda qolish ehtimoli bois, davlat idoralarida ishlash takliflarini qabul qilishmagan. 

«Qolaversa, davlat idoralari va tashkilotlarida ishlayotgan xizmatchilarning ota-onalaridan ham ko‘plab xatlar keldi. “Mening farzandim davlat xizmatida ishlaydi, dam olish kuniyam, bayram kuniyam, kechasi-kunduzi ishlaydi, biz ko‘rmaymiz”, degan mazmunda. 

Eng achinarlisi, muntazam ravishda belgilangan vaqtdan qolib ishlash, bayram kunlari, dam olish kunlari ishlash oilaviy muhitga, ishchi sog‘lig‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatib, mehnat layoqatini erta yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Shunaqa bo‘lyapti ham. U yoki bu rahbarni qidirib qolib, nima bo‘lganiga qiziqsak, bemor bo‘lgani oydinlashadi. Buning sababi mehnat tartibi bilan bog‘liq bo‘lib chiqmoqda. Bundan tashqari, asosiy vaqtini ishda doimiy o‘tkazish xodimlarda ijodiy kayfiyat pasayishiga, ularning ish samaradorligi tushishiga, shuningdek, tashkilotlarning elektrenergiyasi, internet va boshqa joriy xarajatlari oshishiga ham sabab bo‘lmoqda. Bu budjet mablag‘larini anglatadi», - dedi Nodirjon Maqsumov.

Majlisda ma'lum qilinishicha, o‘tkazilgan tahlillarga binoan ishdan so‘ng qolib ishlash natijasida iqtisodiyot va ijtimoiy foydaga nisbatan salbiy oqibatlari bir necha barobar ortiqdir.

«Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, ish vaqti davomiyligi natijadorlik bilan teskari proporsional ekani aniqlangan. Ya'ni, xodim qancha ko‘p ishlasa, uning samaradorligi shunchalik tushib borgan. 

Biz uchun qanchalik g‘ayritabiiy tuyulmasin, quyidagi raqamlar tadqiqotchilar haqligini ko‘rsatmoqda. Tadqiqot davomida aniqlanishicha, Norvegiya bir sutkada 6 soatdan kamroq ishlash davomiyligiga ega bo‘la turib, qolgan davlatlarga nisbatan mehnat unumdorligi bo‘yicha 2 baravar mehnat unumdorligiga ega. Davlat tashkilotlarida ish vaqti o‘rtacha 8-9 soat davom etadigan Gretsiya, Rossiya va Koreyada mehnat unumdorligi Norvegiyaga nisbatan 3-4 marta kam. 

Barchamiz bir narsani chuqur anglashimiz lozim. Bundan buyon ish joyida qanchalik ko‘p o‘tirish emas, balki natijadorlik asosiy mezon bo‘lishi lozim. Xodimlar ish faoliyatini uning ish joyida qanchalik uzoq o‘tirishi bilan baholash odat tusiga aylangan. 

Aksariyat rahbarlar uchun xodimning ishdan so‘ng, nima bilan band ekanligi emas, balki ish joyida o‘tirganligi muhim. Vaholanki, bugun zamonning o‘zi ushbu yondashuvni inkor etmoqda. Endilikda, rahbarlarning rahbarlik salohiyati xodimlarining qancha vaqt ish joyida o‘tirgani bilan emas, balki natijadorligi bilan o‘lchanadi», - dedi Maqsumov. 


Manba: "kun.uz"
| Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя