Главная » 2020 » Декабрь » 21 » Abdukarim Mirzayev haqida xushxabar berildi
21:07

Abdukarim Mirzayev haqida xushxabar berildi


Turkiyada hibsga olingan jurnalist va bloger Abdukarim Mirzayev O‘zbekistonga deportatsiya qilinmaydigan bo‘ldi. Bu haqida ayni vaqtda Turkiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik yana bir jurnalist Sanjar Said o‘z blogida xabar berdi. 

“Istanbul Immigratsiya idorasi (Goç idorasi)dan kelgan oxirgi xabarga ko‘ra xavotirga o‘rin yo‘q. Abdukarim Mirzayev deport qilinmaydi, chiqishi esa vaqt masalasi ekan”, deb yozmoqda Sanjar Said. 

O‘zbekistonlik jurnalist Abdukarim Mirzayevning tasdiqlanmagan shubha-gumonlar asosida hibslanishi va deportatsiya qilinishi mumkinligi haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbekistonlik foydalanuvchilari orasida trendda chiqqan mavzulardan biri bo‘ldi. Hafta oxirida Mirzayev masalasi kun tartibida bo‘ldi. Facebook, Twitter #FREEDOMtoABDUKARIM, #freeabdukarim, #ABDUKARIMGAOZODLIK xeshteglari bilan yozilgan postlar bilan to‘ldi. 

Eslatib o‘tamiz, taniqli jurnalist, Turkiyaning Kastamonu universiteti Kommunikatsiyalar fakulteti jurnalistika bo‘limi magistranti Abdukarim Mirzayev joriy yilning 11 dekabr kuni turk politsiyasi tomonidan qo‘lga olindi.

Jurnalistni huquqiy jihatdan himoya qilish uchun yollangan advokat vaziyatni o‘rgangach, kimdir Abdukarim Mirzayevga tegishli raqam orqali shubhali shaxslar bilan muloqotda bo‘lgani haqida xabar bergani, ushbu ma’lumot ortidan jurnalist kuzatilib, so‘ngra qo‘lga olinganini aniqladi.

10 dekabrdan 11 dekabrga o‘tar kechasi yarim oqshomda zirhli avtomobillarda qurollangan va harbiy libosdagi to‘rt kishi, shuningdek, fuqaro kiyimidagi shaxslar Abdukarim Mirzayevning uyiga kelib, tintuv o‘tkazishgan. Ular uydan hech qanday shubhali narsa topa olmagan va qo‘shnilar guvohligida hujjatlarni rasmiylashtirib, jurnalistni olib ketishgan.

Keyingi kuni yollangan advokat u bilan uchrashgan, politsiyaga jurnalistning shubhali shaxslar bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini isbotlovchi dalil va hujjatlarni taqdim etgan. Shubha va gumonlar o‘z tasdig‘ini topmaganidan so‘ng uni mamlakatdan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqarib, Migratsiya idorasining chet elliklarni saqlash bo‘limiga yuborishgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Abdukarim Mirzayevning hibslanishi O‘zbekistonning so‘rovi asosida bo‘lmagani, mamlakatda unga nisbatan jinoiy ish ochilmaganini ma’lum qildi. Hozirgacha Tashqi ishlar vazirligi, Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi va O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi holat bo‘yicha rasmiy bayonot berganicha yo‘q. 

 


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: xushxabar, Abdukarim Mirzayev | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя