Главная » 2020 » Июнь » 15 » Abdukarimov o‘limi. Andijonda o‘zi nima bo‘lgan edi?
21:25

Abdukarimov o‘limi. Andijonda o‘zi nima bo‘lgan edi?


Ijtimoiy tarmoqlar va bir qator saytlarda Andijonda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Andijon shahri, "Navro‘z" mahallasi, Mahjuriy ko‘chasida yashovchi 1976 yilda tug‘ilgan Alijon Abdukarimovning ichki ishlar bo‘linmasida noqonuniy ushlab turilgani, kaltaklangani va natijada vafot etgani haqida ma’lumotlar tarqalgan.
O‘zi nima bo‘lgan edi? Nima uchun ahvol shu darajaga borib yetdi? Nima uchun ichki ishlar tizimi xodimlari noqonuniy xatti-harakat qildi, kabi boshqa qator savollar bugun barchani qiziqtirishi tabiiy, deydi "human.uz".
 Marhum Alijon Abdukarimov 1976 yilda Andijon shahrida tavallud topgan. Savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullangan. Mahalladoshlari, oila a’zolarining aytishicha, mahallaning to‘y-ma’rakalarida, jamoat ishlarida faol, tinch tirikchilik o‘tkazib kelgan fuqaro bo‘lgan. Ichki ishlar bo‘limida hisobda turmagan.
 A.Abdukarimovning turmush o‘rtog‘i, 1986 yilda tug‘ilgan Maxsuma Abdullayeva hamda uning akasi Zokirjon Abdukarimovning ta’kidlashlaricha, joriy yil 29 may kuni tungi 21:00 larda fuqaro kiyimida bo‘lgan, o‘zlarini ichki ishlar xodimi, deb tanishtirgan uch nafar kishi kelib, A.Abdukarimovni kuch bilan olib ketishmoqchi bo‘lgan. Dod-faryod solib, yo‘llarini to‘sgan homilador xotinini ham chetga surib tashlab, turmush o‘rtog‘ining qo‘llarini qayrib, uyidan olib chiqib, mashinaga solib olib ketishgan.
 Shu voqeadan keyin xotini, singlisi qarindosh-urug‘lariga xabar berishadi. Ular viloyat ichki ishlar boshqarmalariga borishib, A.Abdukarimovning xodimlar uyidan olib chiqib ketishganini aytib, uning qaerdaligini surishtirishgan. Oradan bir-ikki soat o‘tib, ular Andijon shahar ichki ishlar boshqarmasi 4-bo‘linmasida ushlab turilganidan xabar topishgan. Bo‘linmaga borib, so‘rab-surishtirishganida A.Abdukarimov haqida biror bir aniq javob aytilmagan. Lekin u tonggacha ushlab turilgan, marhumning yaqinlari esa tonggacha bo‘linma eshigi oldida kutib turganlar. 
 Ertalab soat 6:00 larda bo‘linmaga tez yordam mashinasi kelgan va xushsiz, kaltaklangan A.Abdukarimov Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi viloyat bo‘limiga olib ketilgan. Kasalxonada bir necha kun hushsiz yotib, vafot etgan. 
 – Ukamning biror jinoyat qilganidan xabarim yo‘q, – deydi A.Abdukarimovning akasi Zokirjon Abdukarimov. – Aytishlaricha, qandaydir oldi-berdida vositachilik qilgan, o‘rtada qanchadir pul yo‘qolgan ekan. Axir bunday kelishmovchilikning yuzaga kelishi har bir inson bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat. Balki, ukamning qandaydir aybi bordir yoki uydan majbur olib chiqib ketishgani uchun xodimlarga qarshilik qilgan, so‘kkan bo‘lishi mumkin. Nahotki, shuning uchun fuqaro o‘ladigan darajada kaltaklansa?
Biz yashaydigan mahalla Andijon shahar IIB 2-bo‘linmasi hududiga kiradi. Nima uchun u 2-bo‘linmaga emas, aynan 4-bo‘linmaga olib ketildi. Umuman, sodir bo‘lgan voqea butun oilamizni og‘ir vaziyatga tushirib qo‘ydi. Nima bo‘lganda ham endi ukamni hech kim hayotga qaytara olmaydi. Maqsadimiz, adolat qaror topsin, aybdorlar qilmishiga yarasha jazosini olsin.
Ichki ishlar organlari xodimlarining Andijondagi qilmishi bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi rasmiy bayonot berdi. Jumladan unda shunday deyiladi: "Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan zudlik bilan xizmat tekshiruvi tayinlanib, o‘tkazilgan tekshiruv xulosasiga ko‘ra, fuqaro A.Abdukarimovning ichki ishlar bo‘limida noqonuniy ushlab turilganligi va boshqa noqonuniy holatlar bo‘yicha bir qator xodimlarga nisbatan keskin intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Xususan, Andijon shahar IIO FMB 4-son ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari katta leytenant F.Xusanboyev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirov ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan. Andijon shahar IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik S.Usmanov va Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonov egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan. Bundan tashqari, 19 nafar rahbar va xodimlarga turli ko‘rinishdagi qat’iy intizomiy tartibdagi jazolar qo‘llanilgan.
Inson huquqlarini himoya qilishdek muqaddas burchiga xiyonat qilgan hech bir xodim kechirilmaydi. Yuzaga kelgan mazkur holat bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan adolatli tergov-surishtiruv ishlari amalga oshiriladi hamda qonun ustuvorligi va jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlanadi".
Xo‘sh endi nima bo‘ladi? Aybdorlar qilmishiga yarasha jazo oladimi? 
Mamlakatimizda huquqiy-demokratik, fuqarolik jamiyatini qurish, qonun ustuvorligini ta’minlash uchun butun xalqimiz harakat qilmoqda. Demokratik jamiyatda qonun barcha uchun barobar bo‘lishi kerak. Yurtimizdagi islohotlar mazmun-mohiyatining, jamiyat taraqqiyotining ana shu qoidasini, eng avvalo, huquq-tartibot idoralarining har bir xodimi chuqur anglab yetishi kerak. Zimmasidagi burch, mas’uliyatni anglamagan xodim xalqimiz tinchlik-osoyishtaligining posponi bo‘lgan idoralar sha’niga qaro dog‘ tushirmaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi. 

Manba: "aniq.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: ANDIJON, Abdukarimov, nima bo‘lgan edi, o‘limi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя