Главная » 2017 » Январь » 17 » Ajinlar nimadan qo‘rqadi? Yoxud erta qarimaslik choralari
16:16

Ajinlar nimadan qo‘rqadi? Yoxud erta qarimaslik choralari


Yillar o‘z muhrini insonlarning chehrasida qoldirar ekan. Yuzda ajin paydo bo‘lishi 29-30 yoshdan belgilanadi. U avvalo fiziologik status bilan bog‘liq, qolaversa, turli noto‘g‘ri mimik harakatlar tufayli ham erta ajin tushishiga o‘zimiz sababchi bo‘lishimiz mumkin. Krem, loson, turli-tuman niqob, toniklar ajinlarni tashqi tomondan silliqlab tursa-da, terining ichki qavatini ham yoshartirish foydadan holi bo‘lmaydi. Sahifamizdan erta ajin tushmasligi, tushgan bo‘lsa ularning ko‘paymasligiga yordam beruvchi mahsulotlar va ayrim tavsiyalar o‘rin olgan.

Yong‘oqlar

Yong‘oqlar boqiy yoshlik mevalaridir. Sababi ular tarkibidagi Ye vitamini va Q10 koenzim moddalari teri hujayralarini oziqlantirib, yoshartirish xususiyatiga ega. Buning uchun istagan yong‘oq mag‘zidan kuniga 50 gr. yeyish kifoya.

Qizil va olovrang mevalar

Yuzning tiniq rangi shu tusdagi mevalar iste’moliga bog‘liq. Sabzi, pomidor, qovoq, o‘rik tarkibida teri hujayralarini yangilovchi beta-karotin moddasi mavjud. Darvoqe, ko‘pgina kremlar tarkibiga kiruvchi retinol, bu — A vitamini bo‘lib, karotin ta’sirida organizmda ishlab chiqariladi.

Nordon va reza mevalar

Apelsin, kivi, qorag‘at, greypfrut tarkibida S vitamini juda ko‘p. U qarishni sekinlashtiruvchi kollagen hosil bo‘lishiga yordam beradi.

Yog‘li baliq

Losos, sardina, seld, skumbriya kabi dengiz baliqlari A va D vitaminlari, omega-3 yog‘ kislotasiga boy. Qon aylanishi va shamollashni yengish xususiyatiga ega.

Turli bo‘tqalar

Ular tarkibidagi kremniy moddasi kollagen ishlab chiqarishda qatnashadi. Shuningdek, organizmdagi turli shlak va zaharli moddalarni chiqarib tashlab, terining yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Anor

Bu meva teri osilib qolishining oldini oladi. U teridagi elastik xususiyatni kuchaytirib, turli shikastlanishlar, yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlarni tezda bartaraf etadi.

Zaytun yog‘i

Ma’lumki, quruq teri eng tez qaruvchi teri hisoblanadi. Zaytun yog‘i esa boshqa mahsulotlarga qaraganda 3 karra ko‘proq yog‘ kislotasiga ega bo‘lib, teri hujayrasining qayta tiklanishini kuchaytiradi.

Tvorog

Tvorog selen va Ye vitamini kabi kuchli antioksidant degani. U erta qarishga yo‘l qo‘ymaydi. Tarkibidagi kalsiy esa tish va butun organizmdagi suyaklar mustahkamligiga javobgar.

Ko‘k choy

Choylarning «sarvari» ham antioksidantlar ichida yetakchi o‘rinlarda turadi. Buning uchun kuniga 3-4 piyola ko‘k choy ichish kerak. Ko‘z ostida paydo bo‘ladigan «qopcha»larni ham (bu ham yosh bilan bog‘liq holda yuzaga keladi) choyni paxtaga botirib qo‘yilgan kompress orqali yo‘qotish mumkin.

Yuzingizga ajin tushayotgan bo‘lsa…

Yuvinishda: ayniqsa ajin paydo bo‘layotganda vodoprovod suviga yuvinmang. Yosh qizlar teng miqdordagi qaynagan suv va sut aralashmasiga yuvinishi kerak. Katta yoshdagi ayollar esa uyquga yotishdan oldin o‘simlik yog‘i (yaxshisi, zaytun yog‘i)ni yuziga surtishi lozim. Yuvinishda aslo sovun ishlatmang. O‘rniga tuxum sarig‘iga 1 osh qoshiq zaytun yog‘i qo‘shilgan aralashmani ishlating. Cho‘milmoqchi bo‘lsangiz, avval yuzga yog‘li krem surting. U yuzni suvdagi xlor ta’siridan saqlab turadi.

Bo‘yanishda: hadeb yuzingizni upalavermang. O‘rniga oziqlantiruvchi kremlardan foydalaning.

Uqalash

Ajin tushgan yuzni uqalash ham samara beradi. Bunda qo‘l harakatlarini ajinga ko‘ndalang tarzda yo‘naltiring, ko‘z atrofi, qovoq ustidan tashqaridan ichkari tomon oziqlantiruvchi krem bilan 5-6 daqiqa uqalanadi.

Ajinlarni yuzakilashtiruvchi niqoblar

2 choy qoshiq yog‘li tvorogga 1 choy qoshiqdan istalgan meva sharbati va kamfora yog‘i, yarimta tuxum sarig‘i qo‘shing.

1 dona tuxum sarig‘iga 1 choy qoshiqdan o‘simlik yog‘i (yaxshisi, zaytun yog‘i) moychechak ekstrakti damlamasini aralashtiring.  

Niqoblarni 15 daqiqadan so‘ng moychechak damlamasi yoki ko‘k choy bilan yuving.

Ajinlarni kamaytirish maqsadida mezoterapiya, boteks va turli gellar bilan muolajalar ham qilinadi.

Dilnoza UMAROVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: Ajinlar, yoxud, erta qarimaslik, choralar, nimadan qo‘rqadi? | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя