Главная » 2017 » Август » 15 » Aldoqchi kuyovlardan hushyor bo‘ling!
10:26

Aldoqchi kuyovlardan hushyor bo‘ling!


Bugun atrofimizda namunali oila qurishga to‘sqinlik qiladigan omillar yetarlicha. Kimdir mard yigitlar kamayib ketganini, yana kimdir qaynonalarning kelinlariga qo‘yayotgan talablari aqlga sig‘masligidan noliydi. Boshqalar internet, telefon degan balo chiqib, odamlarni asl maqsaddan chalg‘itayotganini, erkaklar va, hatto, ayollarning oilaga xiyonat qilishiga sabab bo‘layotganini tushuntirmoqchi bo‘ladi. Keling, qizlarjon, bu safar kundaligingizga uchrashuvga chiqqanda qanday va’dalarga aldanmaslik lozimligi, so‘ng barmoq tishlamaslik uchun nimalar qilish kerakligini yozamiz.

Ikkilansangiz, ishonsangiz va hatto sevsangiz ham surishtiring!

Oilangiz va ko‘nglingizga biror nomzod yoqib turibdi. Ikkilanayapsizmi? Surishtirishga haqqingiz bor. Axir ko‘ylak sotib olganda ham nechta do‘konga kirib chiqish, narx va sifatini solishtirish, sotuvchini savolga tutishdan erinmaysiz-ku, to‘g‘rimi? Hayotingizni hech bo‘lmasa bir matoga qiyos qiling-da, siz ham yigit va uning oilasi, o‘tmishi, buguni, orzulariyu rejalari, muomalasiyu bilimi, yashash tarzi — hammasini surishtiring. Uyalmang, tortinmang. So‘rab-istashning ham ming usuli bor. Bizda faqat mahalla oqsoqoli, qo‘ni-qo‘shnidan surishtirishga e’tibor qaratiladi. Siz bu ro‘yxatga ishxona, maktab, institut, internetni ham kiriting. Hozir hamma ochiq kitobdek ko‘rinsa ham uning siz bilishingiz kerak bo‘lgan muhim jihatlari ko‘zdan pana bo‘lishi mumkin. Bu qaysi jihatlar? Yigit yaxshi insonmi, odamlar bilan muomalasi qanaqa? Ishxonada o‘zini qanday tutadi, istiqboli bormi? Oilasiga mahalla ahli necha baho qo‘ymoqda, berilib, yoyilib maqtayaptimi yoki «Hm, yaxshi oila», «Boshqalardan so‘rab ko‘ring-chi» deyaptimi? Internetda dahshatli sirlari yo‘qmi, bir «google»ga qidiruv berib ko‘ring-chi? Juda bo‘lmasa, dadangiz kuyov bo‘lmish bilan yuzma-yuz suhbat qursin, erkaklar bir-birin aldashi qiyin!

Uchrashuvlarda sizga ko‘p va’dalar berayotgani shubhaga solmayaptimi? Qaysi gaplaridan shubhadasiz? Balki quyidagi gaplar sizga tanishdir.

«Sizni xorijga olib ketaman!»

Men bilgan bir oila mana sakkiz yildan beri alohida yashaydi. Umumiy hisobda shu kelin-kuyov bir-birini bir yildan ortiqroq ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Ammo orada allaqachon ikki o‘g‘il tug‘ildi. Kelin uyda qaynona-qaynotaga qarab o‘tiradi, kuyov okean ortida, oyda bir marotaba pul jo‘natib turibdi. Kuyov to‘ydan oldin kelinni ham olib ketaman, deb yaxshi rejalar, va’dalar qilgandi. Yigitning niyati to‘g‘ri bo‘lsa ham, o‘zi muvaqqatgina yashayotgan xorijga kelinni olib ketolmadi. To‘ydan keyin ko‘p o‘tmay, yana «boyib kelgani» ketgan kuyov birinchi farzandi dunyoga kelgach, qaytib keldi. Ming marta harakat qilmasin, xotini va bolasiga viza ololmadi. Ota-onasi ham «O‘g‘lim, bola-chaqang, biz bilan yasha, shu yerda tirikchilik qilaveramiz», demadi. Hali singilni turmushga berish, hali ukani uylantirish, hovlini yangitdan qurish kabi muammolarini aytaverib, yana ishga jo‘natib yuborishdi. Nima bo‘pti, deysizmi? To‘g‘ri, o‘sha o‘g‘il topgan pul orqasidan chiroyli to‘ylar o‘tmoqda, hashamatli uylar qurilmoqda, ammo uning ortidan baxt topaman, deb kelgan kelinning hayoti sog‘inch bilan o‘tib ketyapti... Asabiy, yig‘loqi ona u! Bolalari bilan o‘zini ovutayotgan, erining xorijlik ayol bilan yashayotganidan allaqachon xabardor xotin u! Bolasini ortga qaytarmasdan, unga faqat pul jo‘natuvchi mashina, deb qaraydigan qaynota-qaynonasidan ich-ichida norozi bo‘lib kuch kechirayotgan kelin u!

Xulosa: Siz erga tegayotganingizda nimani maqsad qilasiz? Boy yashashnimi? Dunyo kezishnimi? O‘ylang, boy yashayotganlar va sayohatga har faslda chiqayotganlarning hammasi baxtlimi? Yoki bundan mosuvo yashayotganlarning hammasi baxtsizmi? «To‘ydan keyin oldin o‘zim borib, 1-2 tanga topaman-da, so‘ng sizni chet elga olib ketaman», degan gapga uchmang! Yoki hozir urfga kirgan vebkamerada suhbatlashib, so‘ng kuyovsiz to‘y bo‘lishiga rozi bo‘lib, erga tegmang! Hatto kattalarning o‘zi bunga rozi bo‘lsa ham siz noaniq manzillar, boshi ochilmagan ishlardan o‘zingizni ehtiyot qiling! Eri jo‘natgan to‘rtta ko‘ylak uchun o‘zini xursand yashayotgandek ko‘rsatayotgan ayollar safida qolmang!

Agar mabodo sizning ham orzularingiz xorij bilan bog‘liq bo‘lsa, yigitning rejalari qanchalik haqiqatga to‘g‘ri kelishini surishtiring. Buni uning o‘zidan, qonunlardan va bu ish boshiga tushgan oilalardan aniqlasa bo‘ladi.

«Sevganingiz bo‘lganmi?»

Uchrashuvda shunday savolni ko‘pincha o‘zi kimnidir qattiq sevgan yigitlar beradi, degan gap yuradi. Bu qanchalik to‘g‘ri-noto‘g‘riligini bilmadik, lekin har bir qiz bu savoldan hushyorlashadi. Hatto sevgan yigiti bo‘lmagan qiz ham qo‘rqib, javob berib bo‘lgach «O‘zingizda-chi?» deyishga jur’at topadi. Yaqin dugonamga kuyov shunday savol berganida, «Yo‘q, men unaqa qizlardan emasman», deb gapni qisqa qilgan ekan. Hozir xomilador holida ota uyida o‘tiribdi. Nuqul sobiq erining shu gapini eslab, o‘shanda u menga ko‘p gap aytmoqchi bo‘lgan, men e’tibor bermaganman, deb o‘zini koyigani-koyigan. Ma’lum bo‘lishicha, yigit bir qizni qattiq sevibdi-yu, ammo uni boshqa birovga turmushga berib yuborishibdi. Shundan so‘ng yigit mening dugonamga uylangan, to‘yidan bir oy o‘tmay, boyagi sevgan qizining ajrashganidan xabar topgan jur’atsiz kuyov endi dugonam bilan yashashni istamasligini, o‘shanga uylanishini ochiq aytibdi. Xullas, yigit xomilador xotinini uyiga jo‘natib, sevgan kursdosh qizi bilan yashab yuribdi.

Xulosa: To‘ydan avval har ikki tomonning ham ko‘ngli kimgadir moyil bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu degani hamma o‘tmishni qo‘msaydi, degani emas. Lekin odamlar har xil. Ba’zi sho‘x yigitlar bor, to‘ygacha qancha qizga sevgi izhor qilib, qanchasi bilan va’dalashgandek bo‘ladi, lekin uylangach, jiddiy tortadi. Ba’zi ta’sirchan yigitlar ham bo‘ladiki, ular kimgadir niyatini ochiq aytolmay, ota-onasini ko‘ndirolmay, taqdir hukmiga qarab yuradi-yu, biroq keyinroq isyon qiladi. Ular narigi yigitlar kabi qizlarni sinovdan o‘tkazib, o‘zi uchun xulosa chiqarmagan bo‘ladi, shuning uchun xotinidan ideal ayolni kutib yashaydi. Bunda har ikki holatda ham chegaradan chiqmagan bolani tanlash muhim. Ya’ni, shaddod yigit bo‘lishi mumkin, ammo sayoq bo‘lmasligi shart, bosiq yigit bo‘lishi mumkin, biroq lanj bo‘lmasligi shart!

Buning uchun uning tabiati, kim bilan sevishgani va bu «muhabbat» qanchalik kuchli bo‘lgani haqida ozroq bilsangiz, zarar qilmaydi. To‘g‘ri, ko‘pincha ota-onalar masalaning bu tomoniga unchalik qiziqishmaydi, to‘ydan keyin unutadi, deyishadi. Surishtirganda, yigitning o‘zidan ham ko‘ra oilasi haqida ko‘proq bilishni istashadi. Mana shuning uchun ham ko‘pincha to‘ydan keyingina kuyovning qaysidir «dom»da juvon xotini borligi ma’lum bo‘ladi. Yaxshilab o‘ylab ko‘rsangiz, yigit o‘qigan fakultetdan, albatta, biror tanishingizni topasiz, yoki akangiz, biror ishonchli odamni o‘rtaga qo‘yib, o‘z tengdosh yigitlari orqali ham so‘rattirsangiz bo‘ladi. Yosh yigitlar ko‘pincha yuzxotir qilib o‘tirmay, bilganlarini ochiq aytishadi.

«O‘qitaman, ishlataman...»

...deb va’da berganlarning aksariyati so‘zida turmaydi. Nima uchun? Turmush qurganingizdan keyin yaqin 10 yil ota-ona qaramog‘ida bo‘lasizlar. Kuyov istagan taqdirda ham sizga ota-onasining qoshidan o‘tib, bunga imkoniyat yaratib berolmasligi mumkin. Bolalarning ketma-ket tug‘ilishi o‘qish va ish bo‘yicha tanaffusni talab qiladi. Shuning uchun ham turmushga chiqquncha o‘qib oling, iloji bo‘lsa, ishga ham joylashing. Siz hammasini badastir qilib qo‘ysangizgina, kuyovdan va’daga vafo talab qila olasiz. Bu va’dalar amalga oshadimi-yo‘qmi, buni oldindan tekshirishning oddiy usuli bor. Agar yigitning onasi, opa-singlisi oilasidagi ayollar o‘qigan bo‘lsa, ishlasa, demak, ertami-kechmi u ham ayolining ma’lumot olishi va ishlashiga to‘sqinlik qilmaydi. Hatto, uchrashuvlarda «Ishlamaysiz, uyda o‘tirasiz!» degan bo‘lsa ham, vaqt o‘tib, turmush taqozosi yoki o‘rtadagi ishonch tufayli, yoki sizning hamma ishni udda qila olishingizga qarab, uning qarori o‘zgarishi mumkin.

Aziza QURBONOVA


Manba: "darakchi.uz"

Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: Sevgi dunyosi | | Теги: hushyor bo‘ling, Aldoqchi, Kuyov, Qiz | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя