Главная » 2020 » Июнь » 13 » Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafot etdi. 3 nafar IIB xodimi hibsga olindi
17:51

Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafot etdi. 3 nafar IIB xodimi hibsga olindi


Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda IIB xodimlari tomonidan ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilishi natijasida gumondor fuqaro komaga tushib, oxir-oqibat vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati «Xabar.uz»ga ayni xabarni tasdiqladi.

Unga ko‘ra, shu yilning 30-may kuni Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam Andijon filialiga Andijon shahar, Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.Abdukarimov tan jarohatlari bilan olib kelingan. Holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, shu kuni Andijon shahar IIO FMB 4-son IIB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aniqlanishicha, IIB JQB tezkor vakillari ish yurituvidagi ariza yuzasidan fuqaro A.Abdukarimovni IIB ma’muriy binosiga olib kelib, hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turishgan. Buning oqibatida A.Abdukarimovning sog‘lig‘i yomonlashgach, Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida shu yilning 1-iyun kuni 3 nafar ichki ishlar xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 206 (mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234 (Qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) va 235-moddalari (Qiynoqqa solish) bilan ayb e’lon qilinib, ular qamoqqa olingan.

Jabrlanuvchi A.Abdukarimovga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, kecha – 11-iyun kuni vafot etgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda bo‘lib o‘tgan tadbirda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova keyingi yillarda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qiynoqqa solish holatlari ko‘payganini afsus bilan qayd etgandi.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: vafot etdi. IIB xodimi, fuqaro, Andijonda, hibsga olindi, qiynoqqa solingan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя