Главная » 2021 » Июнь » 30 » Angrenda o‘z joniga qasd qilgan PPX xodimiga bosim o‘tkazilgani rad etildi
17:29

Angrenda o‘z joniga qasd qilgan PPX xodimiga bosim o‘tkazilgani rad etildi


Angrenda 27-iyun kuni o‘z joniga qasd qilgan shahar IIB Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash guruhi xodimi Bekzod Bobomirzayevga bosim o‘tkazilgani rad etildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati rahbari “Bu kun” dasturiga bergan qisqa intervyusida ma’lum qildi.

27-iyun kuni taxminan soat 13:30 da Bekzod Bobomirzayev o‘ziga biriktirilgan “PM” tabel qurolidan o‘zining jag‘ qismiga qarata bir marotaba o‘q uzgan. U og‘ir jarohat olib, hodisa joyida vafot etgan. Ushbu voqeadan so‘ng marhumning akasi videomurojaat qilib, ukasiga Akmal ismli shaxs bosim o‘tkazib, undan bir haftadan beri pul so‘rab kelganini aytgandi.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganov “Bu kun” dasturiga bergan intervyusida marhumga nisbatan hech qanday bosim bo‘lmaganini aytdi.

Hodisa yuz bergan kun — 27-iyunda O‘z xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Angren shahar IIBning xodimlari xizmat faoliyatida intizomga, qonunchilikka bo‘ysunishi ustidan nazorat yig‘ilishi o‘tkazilgan.

“Safdor Bekzod Bobomirzayev suhbatda bir o‘zi bo‘lmagan. U rahbarlari bilan birgalikda suhbatdan o‘tgan. Unga kamchiliklari, qo‘pol qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygani yuzasidan tanqidiy muhokama o‘tkazilgan. Jarayonda marhum o‘zi yo‘l qo‘ygan kamchiliklarni tan olgan. Bunga iqror bo‘lgan. Lekin unga hech qanday bosim o‘tkazilmagan. Buni aniq aytishim mumkin”, — dedi Bobur To‘laganov.

IIBB axborot xizmati rahbarining ta’kidlashicha, ichki ishlar organlarining xizmat xonalari audio va videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan. Bekzod Bobomirzayev bilan bo‘lib o‘tgan suhbat ham audio va videokuzatuv moslamalarida qayd etilgan. Suhbatdan ikki soat o‘tgach, safdor o‘z joniga qasd qilgan.

O‘z joniga qasd qilish sabablari Ichki ishlar vazirligi va prokuratura organlarining maxsus tashkil etilgan guruhi tomonidan o‘rganilmoqda. Holat ichki ishlar vazirining shaxsan nazoratiga olingan.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: qasd, Angrenda, PPX, o‘z, joniga | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя