Главная » 2020 » Август » 6 » Antiqa qasos: Samarqandda yigit "uylanganini" keyin bildi. Ammo qanaqasiga?
17:08

Antiqa qasos: Samarqandda yigit "uylanganini" keyin bildi. Ammo qanaqasiga?


...Dilshodga fuqarolik pasporti zarur bo‘lib qoldi. Muhim ish boshlamoqchi. Ammo izlab topolmadi. O‘zi shunaqa bo‘ladi, juda kerak bo‘lganida topilmaydi. Ertasi kuni ham shu ahvol.

Boshqa chora qolmadi, tuman ichki ishlar bo‘limiga bordi. 3-4 oylardan beri hujjatini topolmayotganini, yo‘qolgani uchun o‘rniga yangisini berishlarini so‘radi. Uning talabi qondirilish jarayonida ichki ishlar xodimining ma’lumoti kapalagini uchirib yubordi: 
– Yaqindagina nikohdan o‘tgan ekansiz-ku?!
– Nikoh? Qanaqa nikoh? Men uylanmaganman!..
– Dilshod Elmurodov haqiqatan sizmisiz?
– Xuddi shunday.
– Nigora  Arslonova  bilan qonuniy er-xotinsiz. Tuman FHDYodan shu oyning 25 sanasida qonuniy nikohdan o‘tgansiz...
– Qanaqasiga, men hech qanday Nigorani tanimayman, axir?!
FHDYo idorasiga borgunicha shularni o‘ylab o‘yiga yetolmadi. 
Mudiraga o‘zini tanishtirib, qo‘lidagi yangi pasportini ko‘rsatdi. Mudira ham o‘sha fikrlarni tasdiqladi va tegishli hujjatlarni ko‘rsatdi. Uning aytishicha, o‘tgan oyda  Nigora Arslonova va Dilshod Elmurodov  ism-familiyali shaxslar organga ariza bilan murojaat qilgan, ularga berilgan yo‘llanma asosida yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelishgan, nikohlarini rad etishga asos bo‘lmagani uchun nikoh tuzilgani haqidagi guvohnoma berilgan. 
– To‘g‘ri, Dilshod Elmurodov  menman, ammo  Nigora  Arslonova  bilan nikohdan o‘tmaganman, ushbu hujjatlar soxta. Arizadagi imzo ham, dastxat ham menga tegishli emas.  Iltimos, ushbu nikohni bekor qiling... 
Dilshodning murojaati shu yerning o‘zida rasmiylashtirildi va darhol hujjatlar to‘planib, ushbu xatolikni bartaraf etish uchun tuman IIBga yuborildi...
Qadrli o‘quvchilarimizda savol tug‘ilishi tabiiy: “Unda bu nikoh qanday amalga oshirildi, u kimga, nima uchun kerak bo‘lib qoldi, bunday soxtalikdan kimga naf?”.
Shu va shu kabi savollarning  hammasiga Jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudida aniqlik kiritildi, jinoyatchilarning asl maqsadlari, noqonuniy xatti-harakatlari fosh bo‘ldi. 

“Men seni hech kimga bermayman!”
...Nigora  va Dilshod ahil do‘st edi. Dilshod Nigoraning o‘zida ko‘ngli borligini bilar, ammo uni o‘ziga bo‘lg‘usi jufti halol sifatida ko‘rolmasdi. Axir, umr yo‘ldosh tanlashning ham o‘ziga yarasha tamoyillari bor-da. Ayniqsa, Nigoraning fe’l-atvoridagi ayrim qiliqlari unga to‘g‘ri kelmas, u bilan kelajagini baxtli ko‘rolmas edi. Shu bois qizni umidvor qilmaslik uchun unga ro‘yi rostini –  uylanmasligini, faqat do‘st bo‘lib qolishini  aytdi. 
Aytdi-yu... sodir bo‘lgan voqea hammasidan oshib tushdi.
Nigoraning ko‘nglida Dilshodga nisbatan nish urgan mehr kurtaklari kutilmaganda g‘azab va alamga aylandi, o‘zini kamsitilgan, xo‘rlangan his qildi. Bu g‘azab tunu kun unga tinchlik bermas, aksincha, qanday qilib bo‘lmasin, o‘ch olishga undardi. “Bog‘ xayoli boqqa eltadi” deganlaridek, o‘ch olish xayoli unga hatto yo‘l ko‘rsata boshladi. Muhabbat uning ko‘zini chinakamiga ko‘r qilib qo‘ygandi. 
“Meniki bo‘lmasa, boshqaniki ham bo‘lmaydi! Bunga yo‘l qo‘ymayman! Men seni hech kimga bermayman!”
Shu maqsadda, ya’ni xayolida pishitgan jinoiy ishini amalga oshirish maqsadida tumandoshi, tashqi tomondan Dilshodga o‘xshab ketadigan  O‘ktam Orziqulov bilan ko‘rishdi. 
– Yordaming kerak, – dedi Nigora . –  Men bilan nikohdan o‘tasan.
– IYE? – dong qotdi O‘ktam, – men sizga uylanaman debmidim biror marta, qolaversa, sizdan ikki yosh kichik bo‘lsam?
– Mana bu odam bo‘lib 
“ZAGS”dan o‘tib berasan, – qo‘lidagi Dilshodga tegishli bo‘lgan pasportni ko‘rsatdi (hozirda ishsiz Nigora  ikki oy burun paynetda ishlardi. O‘sha vaqtda Dilshodning nomiga telefon raqami ochishga to‘g‘ri kelgandi. Hujjatlarni rasmiylashtirib bo‘lgach, pasportni egasiga qaytarib bermagan,  Dilshod ham buni eslamasdi). – Qara, unga juda o‘xshaysan, sen Dilshod rolini o‘ynaysan, birga borib ariza topshiramiz va nikohdan o‘tamiz! Pasportning mana bu yerida men va Dilshodning er-xotin ekanimiz muhrlansa, bo‘ldi.  Iltimos, menga yordam ber.
U shunday deya duv-duv ko‘z yoshi to‘kdi, go‘yo jabrlanuvchi kimsa qilib ko‘rsatdi o‘zini. Emishki, Dilshod uni yillar davomida aldab kelib, endi boshqasiga uylanmoqchi. Shu bois alamidan undan o‘ch olmoqchi, ya’ni rejasi amalga oshib nikohni qayd ettirib olsa,  u kimga uylanishini bilsa, bo‘lajak xotiniga ko‘rsatib, to‘yini buzadi, noiloj qolgan yigit axiyri Nigoraga  uylanadi. Bu “savob”li ish kelgusida boshqa bevafolarga ham saboq bo‘larmish.
Qizning baxtiga O‘ktam “mard” chiqdi, “bevafo yigit”ning ta’zirini berishda hissa qo‘shishga rozilik berdi. 

FHDYo sari yo‘l
Xullas, Nigora  va “Dilshod” pasportlari bilan birga tumandagi FHDYo bo‘limiga borib, ariza berishdi.  Ariza kompyuterda to‘ldirildi, imzolandi. So‘ng taomilga ko‘ra ikki yoshga tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelishlari uchun yo‘llanma berildi. Yo‘llanma asosida tuman tibbiyot birlashmasiga borib, u yerda barcha tibbiy ko‘riklardan o‘tishdi. So‘ng tuman poliklinikasidan tibbiy xulosani olib, yana FHDYoga kelishdi. Hammasi risoladagidek, tibbiy ko‘rik xulosasi a’lo. Qarabsizki, Nigora  va Dilshodning  nikohi qayd etilib, bu haqda guvohnoma ham rasmiylashtirildi. 
O‘zi orzu qilgan inson bilan nikohi qonuniy qayd etilgani va uni tasdiqlovchi guvohnomani qo‘lga kiritgan Nigora  juda xursand edi. 
Ammo shodligi uzoqqa bormadi...

“Hojatbaror”
Sudda “hojatbaror” O‘ktam Orziqulov o‘z aybiga iqrorlik bildirib, Elmurodov  Dilshodni tanimasligi va bu ishidan hech qanday mulkiy manfaatdor bo‘lmaganini aytdi. Kelgusida jinoyatlari fosh bo‘lib qolsa barchasiga Nigora  o‘zi javob berishini bo‘yniga olgani, uni sotmasligini aytgani va odamgarchilik yuzasidan yordam berish uchun rozi bo‘lganini ta’kidladi.
E’tibor beryapsizmi, odamgarchilik yuzasidan qo‘l uribdi.
Kulishniyam, yig‘lashniyam bilmaysan bu javobdan. 21 yoshli, aqli raso yigitning so‘zimi shu?! Odamgarchilik  aslida Nigora  qing‘irlikka qadam qo‘yayotgan paytda uni u yo‘ldan qaytarishdan boshlanmasmidi? Yolg‘on bilan boshlangan turmush uzoqqa bormasligi, nikoh ikki tomonlarning ko‘ngil rozilik­lari, ota-onalarining duolari bilan mustahkam bo‘lishini, bir taraflama istak, hoyu havaslar ustiga qurilmasligini singdirish bilan bo‘lmasmidi? 

Birinchisi emas ekan...
X. Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertiza markazi Samarqand viloyati bo‘linmasining sudga oid xatshunoslik ekspertizasining xulosasida ham  FHDYo organiga berilgan arizada Dilshod Elmurodov  nomidan qo‘yilgan imzo va dastxat namunalari O‘ktam Orziqulov tomonidan bajarilgani, Nigora Arslonova    nomidan qo‘yilgan imzo va dastxat namunalari esa uning o‘zi tomonidan bajarilgani ko‘rsatildi.
Xullas, g‘azab va alamining yetovida aqlini yo‘qotgan Nigora Arslonova o‘zining kalta fahmining quli bo‘lgancha bir qancha jinoyatlarni sodir etgan. 
Jumladan:
 Oila kodeksining 14-moddasidagi “nikoh tuzish ixtiyoriydir, nikoh tuzish uchun bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak, nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi” deb belgilab qo‘­yilgan talablariga zid ravish harakatlarni amalga oshirgan; 
Dilshod Elmurodovning kelgusida u bilan majburiy tarzda nikoh qurib, birga yashashiga erishishni ko‘zlab, uning nomiga tuman IIB tomonidan rasmiylashtirib berilgan, muhim shaxsiy hujjatlar sirasiga kiruvchi fuqarolik pasportini g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda egallab olib, yashirib qo‘ygan;
O‘ktam Orziqulov bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, Dilshod Elmurodov  bilan avvaldan bo‘lgan adovati tufayli kelgusida undan o‘ch olish niyatida FXDYo organiga soxta ariza bilan murojaat qilib, barcha hujjatlarga o‘zi va sherigi bilan birgalikda imzo qo‘yib, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tib, FXDYo organi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 75 yil mobaynida saqlanadigan, qat’iy hisobda turuvchi gerbli muhr bilan tasdiqlangan maxsus raqamli Dilshod Elmurodov  va o‘zining nomiga tuzilgan soxta nikoh guvohnomani qo‘lga kiritgan.
Eng dahshatlisi, sud jarayonida yana bir sir ochildi. U  qabih niyatiga yetish uchun Dilshodga qarshi avval ham hujum boshlagan ekan. “Nomusimga tegdi” deya uning ustidan tumani IIBga shikoyat qiladi.  Afsuski, tergov bo‘limi holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borganda uning shikoyati isbotini topmaydi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra Dilshodga nisbatan  Jinoyat prosessual kodeksining 83-moddasi 2-bandi tartibida jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi, ya’ni u aybsiz deb topilgan. Ko‘rinib turibdiki, Nigoraning yuragida Dilshodga nisbatan adovati azaldan bo‘lgan va uni yomonotliq qilishga avval ham urinib kelgan.

Essiz yoshlik!
Ishni har tomonlama o‘rgangan sud avvalo Dilshod Elmurodov  va Nigora Arslonovaning nomiga rasmiylashtirilgan nikoh tuzilgani haqidagi guvohnomaning asli nikohni bekor qilish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo ariza kiritish masalasini hal qilish uchun tuman prokuroriga yubordi (bu haqda gazetamizning kelgusi sonlarida ma’lum qilamiz).
Sudlanuvchilarga kelsak, Nigora  23, O‘ktam 21 yoshda. Umrlarining shu faslida sudlanganlik tamg‘asi bilan “siylan”di. Qo‘shimcha ravishda oylik ish haqidan 20 foiz miqdorida davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Endi o‘ylab ko‘raylik, qaysi ota-ona bunday ko‘rgilikka chiday oladi? Aksincha, yer yorilsaki, yerga kirsam deydilar. To‘y-ma’rakalardan nari yuradi, elga qo‘shilolmay qoladi. Ularning darvozasini ham o‘ylab chertadi odamlar. Xulosa esa endi o‘zingizdan, aziz zamondosh!
(Maqolada keltirilgan ism-familiyalar o‘zgartirilgan)


Odil ALLAYEV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha 
Pastdarg‘om tumani 
sudi sudyasi.
Nurxon ELMIRZAYEVA,
“XXI asr”  muxbiri


Manba: "aniq.uz"
Категория: Qiziqarli | | Теги: Ammo qanaqasiga, keyin bildi, Samarqandda, Yigit, Antiqa qasos, uylanganini | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя