Главная » 2020 » Июнь » 8 » “Archa-ko‘cha”dagi bir kishini o‘ldirgan pichoqbozlik: mojaro dorixonadan tushadigan pulni deb kelib chiqqan
22:19

“Archa-ko‘cha”dagi bir kishini o‘ldirgan pichoqbozlik: mojaro dorixonadan tushadigan pulni deb kelib chiqqan


Toshkentdagi Kichik halqa yo‘lining Shayxontohur tumanidan o‘tgan qismida 5-iyun, juma kuni soat 18:30 atrofida ommaviy pichoqbozlik yuz bergani, ikki kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq mojaro ishtirokchilaridan biri olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgani ma'lum bo'lgandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ushbu hodisa tafsilotlarini “Daryo”ga ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 27 yoshli D.M. biznes hamkori — 1988-yilda tug‘ilgan B.R. bilan Toshkentning Lutfiy ko‘chasida joylashgan dorixonadan tushadigan daromad sabab paydo bo‘lgan kelishmovchilik oqibatida janjallashib kelgan.

D.M. 5-iyun kuni oldindan Shayxontohur tumani Qizilg‘uncha ko‘chasi 2-uy qarshisida soat 18:30 ga B.R. bilan ko‘rishuv belgilab, u yerga uchta tanishi bilan birga, pichoq bilan qurollanib borgan. B.R. esa voqea joyiga to‘rt kishi bilan borgan — ular orasida 23 yoshli M.E. ham bo‘lgan.

“Jamoat joyida yuzaga kelgan to‘qnashuv davomida D.M. pichoq bilan M.E.ning ko‘krak sohasiga bir marotaba urib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan”, — deyiladi rasmiy axborotda. To‘qnashuv vaqtida M.E. ham D.M.ga pichoq bilan jarohat yetkazgan.

Jabrlanuvchi M.E. Uchtepa tumanida joylashgan shahar tez-tibbiy yordam klinik shifoxonasida ko‘rsatilgan tez-tibbiy yordamga qaramay, olgan o‘ng ko‘krak qafasidagi teshib kiruvchi sanchilgan-kesilgan jarohati tufayli 5-iyun kuni vafot etgan.

Holat yuzasidan Toshkent prokuraturasi 5-iyun kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l” bandi (bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi ochgan. Tergov prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

“Gumonlanuvchi D.M. ko‘krak qafasi chap tomoniga yetkazilgan sanchib-kesilgan jarohatlar natijasida shifoxonaga yotqizilib, tibbiy amaliyot o‘tkazilganligi sababli uni tergovga jalb qilish imkoni vaqtincha mavjud emas”, — deyiladi rasmiy axborotda.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: “Archa-ko‘cha”, mojaro, kelib chiqqan, o‘ldirgan, pulni deb, pichoqbozlik | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя