Главная » 2021 » Май » 23 » “Atletiko Madrid” O‘zbekiston klublaridan biri bilan Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi kutilmoqda
15:24

“Atletiko Madrid” O‘zbekiston klublaridan biri bilan Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi kutilmoqda


Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Madridga rasmiy tashrifi doirasida Madridning “Atletiko” klubi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgan, unda O‘zbekistonda “Atletiko Madrid” klubi futbol akademiyasini tashkil etish va “visit Uzbekistan – Heart of the Silk Road” sayyohlik brendini targ‘ib qilish bo‘yicha ham o‘zaro kelishib olingan edi.

Mamlakatimiz Ispaniyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirining xalqaro maslahatchisi Aliya Ospanova ushbu mamlakatga tashrifi davomida “Atletiko Madrid” futbol klubi xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Rosolino Amenta bilan uchrashdi.

Uchrashuvda jahon futbolining mashhur yulduzlari ishtirokida qator xalqaro sport tadbirlarini tashkil etish orqali kadrlar tayyorlash dasturini amalga tatbiq etish, “visit Uzbekistan – Heart of the Silk Road” brendini keng targ‘ib qilish, shuningdek, “Atletiko Madrid” futbol klubi asosiy tarkibi bilan O‘zbekiston klublaridan biri o‘rtasida Toshkentda xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida Ispaniya klubi vakili O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va o‘zgarishlar bilan yaxshi tanish ekanligini ta’kidlab, turizm va sport sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish masalasiga katta qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida “Atletiko Madrid” futbol klubi delegasiyasining yurtimizdagi sport infratuzilmasi bilan tanishish va mazkur futbol klubi akademiyasini tashkil etish uchun O‘zbekistonga rasmiy tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun: “Atletiko Madrid” professional futbol klubiga 1903 yil 26 aprelda asos solingan. Jamoa o‘zining uy uchrashuvlarini “Vanda Metropolitano” stadionida o‘tkazadi. Mazkur arena Yevropadagi eng katta va muhtasham sport inshootlaridan biri hisoblanadi. “Matraschilar” (“Atletiko” Madrid jamoasining laqabi shunday) shu kunga qadar o‘n karra Ispaniya chempioni sanalishar edi. Hamyurtimizning qadami qutlug‘ keldi shekilli, “Atletiko Madrid” kuni kecha mehmonda “Valyadolid” ustidan irodali g‘alabaga erishib, o‘zining o‘n birinchi chempionligini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, jamoa 2009/10, 2011/12 va 2017/18 yillarda Yevropa ligasida g‘olib chiqqan. Qolaversa, jamoa uch marta Yevropa Chempionlar ligasi finalida ishtirok etgan.


Manba: "aniq.uz"
Категория: Sport olami | | Теги: o‘rtoqlik, Atletiko Madrid, uchrashuvi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя