Главная » 2017 » Май » 30 » Avaz Oxun: «Rafiqam mening hurmatim uchun kulmaydi…»
17:39

Avaz Oxun: «Rafiqam mening hurmatim uchun kulmaydi…»


«Hech kimni tanqid qilmaymizmi?» Suhbatdoshimning ilk savolini eshitib avvaliga hayron bo‘ldim, ehtimol kimgadir e’tirozi bordir, deb o‘yladim-da. Ammo u «Gapirsangiz ko‘rolmayapti, deb o‘ylashadi, mayli, indamay...» deya gapni qisqa qildi. Ko‘plab muxlislar e’tiboriga tushib borayotgan so‘z ustasi Avaz Oxun bilan “Sug‘diyona” gazetasining ijodkori o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbat ana shunday boshlandi.

— Siz haqingizda «Avaz Oxun juda kamtar inson, oyog‘i yerdan uzilib qolishidan qo‘rqadi», deyishdi. Bugun anchayin tanilib ulgurgan qiziqchini bunday mavzular chindan o‘ylantiradimi?

— Albatta! Men taniqli bo‘lishim mumkin, ammo sevimli bo‘lolmasam, mashhurligimdan nima naf?! Sevimli bo‘lish uchun esa kamtarlikni yo‘qotmaslik kerak.

— Agar sevimli va taniqli bo‘lish tushunchalarini tarozining ikki pallasiga qo‘ysak, sizda qay biri og‘irlik qilayapti ayni dam?

— Xolis bahoni atrofimdagi insonlar berishadi. Ammo shu paytgacha «O‘zingdan ketib qolibsan», degan e’tirozlar bo‘lmadi. Taniqli bo‘lishning mas’uliyati katta, agar san’atkor buni anglab yetolmasa, bir kunning o‘zida bor-yo‘g‘idan ajralib qolishi hech gapmas. Sahna bilan hayotni ham aralashtirmaslik kerak, zero ikkisi bir-biridan farq qiladi. Men bilan suhbatlashgan kishilar jiddiy insonligimni ta’kidlashadi. Hayotda hamma qatoriman, sahnada esa qiziqchilik qilaman.

— Gapingiz to‘g‘riku-ya, ammo baribir sizni qiziqchi sifatida bilishadi-da. Biror-bir latifami yoki qayroqi so‘zmi kutishadi sizdan doim.

— To‘g‘ri aytasiz, shunga ham qanday ahvolda bo‘lishimdan qat’i nazar yaxshi kayfiyatda ko‘rinishga harakat qilaman. Chunki kayfiyatim atrofimdagi insonlarga ta’sir ko‘rsatadi. Mana, o‘zingiz ho‘mrayib ishga kelib ko‘ring-chi, hamkasblaringiz sizga qanday muomala qilishni bilmay qolishadi, to‘g‘rimi? Demak, faqat o‘zingizni o‘ylab, boshqalarning yaxshi kayfiyatiga daxl qilishga haqqingiz yo‘q.

— Haqiqiy ismingiz Avaz Azizoxunov, taxallus bilan ijod qilish kimning fikri?

— O‘zimniki, shoirlarga o‘xshab qolganman-a? Nuqul familiyamni noto‘g‘ri talaffuz qilishadi, aytishga osonroq bo‘lsin deb Avaz Oxun taxallusi bilan ijodni boshladim. Biror yerga borsam «Familiyangiz nima?» deyishadi-da, keyin hujjatni qarasam, «Aziz Oxunov» yozilgan bo‘ladi. Ismimni so‘ramaysizmi, desam «Mana yozdim-ku, Aziz» deb deyishadi. Rafiqam poliklinikaga chiqsa, «Aziza Oxunova» deb yozisharkan (kuladi). Avvaliga «Avaz Oxun» taxallusi o‘zimga ham salgina erishroq tuyulardi, bora-bora odamlarning tiliga moslashganini ko‘rgach, ko‘nikdim. Oxun asli yaxshi inson degani (kuladi), haligi odamoxun deyishadi-yu.

— Odamlarni kuldirish qiyin...

— ...deb o‘ylaysiz, siz uchun qiyin-da.

— O‘zig— Sizga osonmi? Bunday emasligini bilaman-ku, qolaversa, san’atda aytilmagan gapning o‘zi qolmadi, hisob. Bu ijod qilishda qiyinchilik paydo qilmayaptimi?

a yarasha qiyinchiligi bor. Yaxshi ijod mahsulini havola etish uchun izlanamiz, o‘rganamiz, men ko‘proq kuzataman. Konsert dasturigacha ssenariy kamida o‘n marotaba o‘zgaradi. Ba’zan «Shu monologni ijro qilaman, zo‘r chiqdi» deyman-da, konsertga bir necha kun qolganida qarasam, qanaqadir bo‘shroq tuyuladi, keyin o‘zgartirishga majbur bo‘laman. Ko‘pchilik qiziqchi deganda latifa aytib, odamlarni kuldiradigan san’atkorni tushunadi. Latifani o‘qituvchi yoki jurnalist ham aytoladi, so‘z ustasi esa o‘z monologlari orqali kuzatuvlarini tahlil qilishi kerak. Ammo ayrim san’atkorlarning repertuariga qarasangiz, salkam 90-100 foizi latifadan iborat bo‘ladi.

— Ijtimoiy tarmoqlardagi latifalarni o‘zbek tiliga tarjima qilib foydalanayotganlar ham yo‘q emas!

— Balki o‘sha latifani ruslar inglizlardan olishgandir, inglizlar yana boshqa millat vakillaridan (kuladi). Konsert dasturimda imkon qadar kamroq latifaga murojaat qilaman, nari borsa 11-12 ta bo‘ladi, xolos. Har bir latifa ikki daqiqa davom etsa ham dasturning yigirma daqiqasini egallaydi.

— Avaz aka, sahnada ham ilhom kelib qolishi mumkinmi?

— O‘-o‘-o‘, bunaqasi juda ko‘p bo‘ladi. Lekin gap kelganda hammasini ham aytolmayman. Negaki, kimningdir ko‘ngliga tegib qo‘yish hech gapmas. Tilimga kelgan gapni miyamda tezlik bilan tahlil qilaman, aytish kerakmas, deb topganlarimni darhol ortiga qaytaraman. So‘nggi konsert dasturimda bir muxlisim, qizingizga deya katta qo‘g‘irchoq sovg‘a qildi. Sovg‘ani ola turib «Albatta, qizalog‘imga, kap-katta odam qo‘g‘irchoq o‘ynamasam kerak», dedim. Joyida javob bo‘lganiga zaldagi tomoshabinlar ham maroq bilan kulishdi. Zavqlanib ishlayotganingizda biror fikr kelib qolishi juda qiziq holat, chunki aytayotganlaringizni o‘zingiz ham birinchi marta eshitasiz-da (kuladi).

— Bundan chiqdi, so‘z ustasi nafaqat so‘zamol bo‘lishi, balki tezlik bilan tahlil qila olish qobiliyatiga ham ega bo‘lishi kerak?

— Ha! Zabonimga kelgan har qaysi gapni ham gap deb aytolmayman-ku, axir til qurmag‘urning suyagi yo‘q (kuladi).

— Yangi hangomalarni sahnaga olib chiqishdan oldin kimda sinab ko‘rasiz?

— Sizda ham sinab ko‘rishim mumkin. Biror do‘stimga qo‘ng‘iroq qilib ham sinolaman. Yaqinda «Istiqlol» san’at saroyida tadbir bo‘lib o‘tdi, yosh qiziqchilardan bir guruhining chiqishini tomosha qildim-da, sahna ortiga o‘tsam, haligi yigitlar «Bir-ikkita fikrlarimiz bor edi, bugun sinovdan o‘tkazdik», deyishdi.

— Ya’ni «Istiqlol» san’at saroyiga yig‘ilgan tomoshabinlarda tajriba qilishganda, shundaymi?

— Ha! Sahnaga tayyor ijod mahsuli bilan chiqish kerak, tavakkal bilan emas, deganimga hayron bo‘lgancha «Unda qaerda sinaymiz chiqishlarimizni», deyishdi. Mana, menda sinang, do‘stlaringizga aytib bering, birortasini kuldira olsangiz, demak, ishingiz yaxshi, deya tushuntirdim. O‘zim shunday qilaman-da, uyda biror fikr kelib qolsa, kelinoyingizga aytaman. Xotinim kuldimi, demak, bu boshqalarni ham qiziqtira oladi. Rafiqam meni hurmatim uchun kulmaydi-ku, u ham hamma qatori oddiy ayol. Keyin biror do‘stimga aytib beraman, ikkisi kulib biri indamasa, fikrni boyitish kerak. Aksincha, ikkitasidan hech qanday javob qaytmasa, bilamanki, bundan ish chiqmaydi.

— San’at ichida yurgan odamsiz, nega aksariyat qiziqchilarning repertuarlarida bachkana qiliqlar, beparda so‘zlar ishlatiladi. Yo kuldirish uchun shulardan boshqa mavzu topilmaydimi?

— Bachkana deyapsiz-u, ammo ayrimlar shuni ham san’at, deb biladi-da. Ayniqsa, yoshlar, «Falonchining konsertiga tushdim, maza qilib kuldim», deyishadi. Qaysi gapiga kulding desangiz, kurakda turmaydigan so‘zlarni aytishadi. Ijodkor tomoshabinga ergashmasligi kerak, aksincha o‘z ortidan ergashtirishi lozim. Bachkana qiliqlarni ijro etayotgan aktyorning o‘zida bo‘lishi kerak uyat, andisha. Chunki tomoshabinlar qatorida ota-onamiz tengi insonlar, opa-singlimizga o‘xshagan qiz-ayollar bo‘ladi. O‘sha gaplarni o‘z oilasida aytolmagan «san’atkor» nega katta auditoriyada baralla gapirishi kerak? So‘nggi paytlarda g‘alati qarash paydo bo‘lgan, be’mani so‘zlardan foydalanayotganlarga nisbatan «zamonaviy uslubda ijod qilish», deyilayapti. Boya tanqid qilmaymizmi, deganim shunga edi. Madaniyatsizlik, sharm-hayosizlik hech qachon zamonaviylik bo‘lmaydi!

— Jahlingiz chiqayapti?

— Juda kuydi-pishdi odamman, indamay turishim qiyin. Ayniqsa, bunaqa holatlarga achchig‘im keladi. Ba’zi ijodkorlarning shevada so‘zlashishlariga ham e’tirozim bor. Sahnada adabiy tilda gapirish shart! Yaqinda bir tanishim aytayapti, filmda suratga tushayotsa, rejissyor o‘zbek tilida gapiring deganmish. «Men qaysi tilda gapirayapman» desa, «Kevotti-ketvotti, deb ayting», deya ko‘rsatma beribdi. Butun boshli filmlarda adabiy tildan chekinishayotgani fojea emasmi, sizningcha? Suhbatlarda o‘zimni tutib turaman desam ham, tanqid qilinadigan mavzularga yengil qarolmayman.

— Shunga yarasha javob bo‘ladimi?

— Kimdir to‘g‘ri deydi, kimlardir boshini silkib bilganidan qolmaydi. San’atkor, avvalo, o‘zining kimligini unutib qo‘ymasligi kerak. Noyabr oyiga rejalashtirilayotgan konsert dasturimda yoshlar orasidagi madaniyat mavzusini olib chiqmoqchiman. Kiyinishlari, yigitlarning bir-biri bilan yuz-burun o‘pishib ko‘rishishi...

— Konsert berayotganingizni eshitib, birga ijod qilaylik deganlar ham bo‘ladimi?

— Takliflar bo‘ladi, lekin «Bir aktyor teatri» uslubida ijod qilganim bois yakkaxon chiqishlarni afzal bilaman.

— «Bir aktyor teatri» ustoz san’atkor Hojiboy Tojiboyevning uslubi edi. Ko‘p suhbatlarda u kishini o‘zingizga ustoz, deb aytsangiz-da, yaqinlari sizni shogird tutinmagan, deyishgan ekan.

— San’atkorlar orasida shunday odat bor, o‘zidan ellik-yuz yil avval yashab o‘tgan ijodkorlarni g‘oyibona ustoz, deb biladi. Rahmatli Hojiboy Tojiboyev mening g‘oyibona ustozim, hayotda to‘rt-besh marta uchrashish baxtiga musharraf bo‘lganman. Institutni tamomlab, shogird tushmoqchi edim. Taqdir, u kishi olamdan o‘tdilar. Sahna qonunlaridan boshlab to aktyorlik mahoratigacha saboq bergan ustozim Ma’murjon Umarov, qariyb o‘n sakkiz yil Hojiboy aka bilan birgalikda ijod qilgan. Ma’mur aka qiziqchilik sohasida ilmiy ish qilgan yagona mutaxassis hisoblanadi. Hojiboy Tojiboyevning uslubida ijod qilish murakkab, ustoz san’atkor ko‘z mimikasi bilan ham butun boshli chiqishlarni havola qilolardi.

— Sahnadagi xatti-harakatlaringiz ayni Hojiboy Tojiboyevning o‘zini takrorlaydi. Atay taqlid qilasizmi?

— Atay qilsam o‘xshamaydi, buni sinab ko‘rganman. «Mirzo» teatrining konsertida Hojiboy Tojiboyevni parodiya qilish topshirilgan, lekin uddalay olmaganman. Keyin ustozning konsert dasturlari yozilgan disklarni qaytadan ko‘rib chiqdim. Sahnadagi chiqishlarim esa tabiiy yuz beradi.

— Avaz aka, ijodingiz haqida suhbatlashdik, oilangiz bilan tanishtirsangiz?..

— Oilada to‘ng‘ich farzandman, ukam va singlim bor. Rafiqam bilan sevishib turmush qurganmiz, qizalog‘im bor, yaqinda o‘g‘il farzandli bo‘ldik. Endigina bir oylik bo‘ldi!

— Tabriklaymiz, ota-onasiga rahmat olib keladigan farzand bo‘lsin!

— Bolalarni juda yaxshi ko‘raman! Farzandlarim ko‘-o‘-o‘p bo‘lsa deb niyat qilaman. Uyga kelganimda xonadonim to‘lib turishini xohlayman. Qaniydi imkoniyatim bo‘lsa, ota-onamni ham poytaxtga ko‘chirib olib kelardim. Ammo qishloqning odamlari ko‘p qavatli uyga moslasha olishmayapti. Jo‘shqin odam bo‘lganimgami, jimjitlikni yoqtirmayman. Yaqinda sanatoriyda davolanib chiqdim, shu orada ikki marta choyxonaga, to‘rt marta xizmatga borib keldim, vaholanki bunday qilish mumkinmas. Oyog‘imni uzatib, hamma narsani esdan chiqarib dam olish menga emas ekan.

— Birinchi konsert dasturingizda qizalog‘ingiz ham chiqish qilgandi?..

— Bu ish atay qilingan. Ilgari hech qaerda aytmagandim, sizga sirni ochayapman. Rafiqamni ota-onasidan «olib qochib kelganman» (kuladi), oilada yolg‘iz farzand-da, to‘ydan keyin poytaxtga olib kelib qo‘ydim.

— Shunday demaysizmi, rostan olib qochib kelibsizmi, debman.

— Qizimni esa qishloqda qolgan buva-buvisi uchun sahnaga olib chiqqandim. Nabiralarini juda yaxshi ko‘rishadi, konsert diskka yozilsa, har zamon ko‘rib turishadi degandim-da. Lekin qizimni san’atkor qilmayman, o‘g‘limni esa bilmadim, hali hech nima demayapti (kuladi).

— Avaz aka, hamisha bugungidek samimiyat tark etmasin deb qolaman.

— Rahmat!

Blis:

— Qiziqchilikdan tashqari yana qanday hunaringiz bor?

— Uyda erkak kishi tomonidan qilinadigan barcha yumushlarni bajara olaman (kuladi)

— O‘zingiz haqingizda noo‘rin gap eshitsangiz...

— Ta’sir qiladi-yu, lekin vaqt izmiga tashlayman.

— Avaz Oxun nimadan qo‘rqadi?

— (o‘ylanib) Xalqning ko‘ziga yomon ko‘rinib qolishdan...

— Repertuaringizdan kimdir foydalanayotganini bilib qolsangiz…

— Shunday ijod qilishga harakat qilamanki, odamlar Avaz Oxun repertuari ekanligini bilishadi.

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Avaz Oxun, kulgu, rafiqa | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя