Главная » 2018 » Январь » 9 » Baxtli munosabatlarning qonunlari
22:34

Baxtli munosabatlarning qonunlari


Sahifamiz psixologi aziz ayollarimiz uchun yana bir sovg‘a tayyorladi. Bir necha xotin-qizlar ishtirokida davra suhbati tashkil etdi. Ushbu suhbatni mavzularga ajratgan holda sizlar bilan baham ko‘rishni lozim topdik.

Kundalik turmushimizda “xo‘p bo‘ladi”, “roziman” kabi ijobiy hal qilinuvchi so‘zlarni ishlatamiz va shu bilan birga “yo‘q”, “aslo” kabi rad javobini anglatuvchi so‘zlarni ham qo‘llaymiz. O‘z navbatida ota-onamiz, turmush o‘rtog‘imiz, farzandlarimiz bilan munosabatlarimizda ularni xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqib” yo‘q” deya olmaymiz. Bunday vaziyatda ba’zan ularning istaklariga tishimizni tishimizga qo‘yib bo‘lsa-da chidashimizga to‘g‘ri keladi. Aslida “yo‘q” so‘zida ham samimiylik va ishonch bor...

Samimiy “yo‘q” deya oling!

Bolaligimizdan ma’lum bir tushunchalarga tayanib tarbiya topamiz. Masalan, ota-onamizga, o‘zimizdan kattalarga “yo‘q” demaslik, agar “yo‘q” desak, ular bizdan xafa bo‘lishi, tanbeh berishi, urishishi mumkinligi va hakozo. O‘shanda bola bo‘lib turib qat’iy xulosaga kelganmiz-ki, “yo‘q”deyish bu—yomon. Shunday deyishimiz bilan biz yomon bola yoki yomon qizga aylanganmiz. Ulg‘ayganimizda biz shu tushunchaga sodiq qolib, xatti-harakatlarimizni ham shunga qarab bajaramiz.

“Yo‘q”deyishimiz bilan haqiqiy istagimizni bildira olamizmi? Xohishimizga qarshi bormaymizmi? Munosabatlardagi insonlarimizga “yo‘q” deya olmay, keyin ulardan qochib yurishimiz yaxshimi? Balki og‘rinib yurgandan ko‘ra rad javobini berishni ham bilish kerakdir... Azizalarim, bu boradagi fikr-mulohazalaringiz qanday?

Begoyim: — To‘g‘ri, kerak vaqtda inson “yo‘q” deyishni ham bilishi kerak, deb o‘ylayman. Har doim ham hamma takliflarga “ho‘p” deganimiz bilan takliflarning adog‘i bo‘lmaydi va natijada umrimizning asosiy vaqtini boshqalarning hojatini chiqarish uchun sarflaymiz. O‘zimizni esa ma’lum darajada unutamiz. Inson avvalo o‘zi uchun vaqt ajratishi va ichki ehtiyojlarini qondirishi kerak. Ana o‘shanda hayotdan qoniqish hissi bo‘ladi. Aks holda hammaning hojatini chiqarib “xo‘p” deyaversak, o‘z ichki talabimizni bajarmasak, o‘z o‘rnimizni hayotda yo‘qotib qo‘ymaymizmi? Bu ruhiyatimizda diskomforthosil qiladi.

Latofat: — Hayot o‘zi aslida qarama-qarshiliklardan iborat. Kun va tun, oq va qora, yaxshi va yomon, ha vayo‘q. To‘g‘ri, salbiy so‘zlardan ko‘ra ijobiy so‘zlar chiroyli eshitiladi, lekin birovning ko‘nglini olaman deb o‘z ko‘nglimizni ranjitishimiz yaramaydi. Yo‘q deyishning ham variantlari bor. “Yo‘q”ni tushuntirish orqali, samimiy ayta olsak, boshqalarning ko‘nglini ranjitmasligimiz mumkin.

Hayotimda menga “yo‘q” so‘zi juda katta foyda keltirgan. Hayotimni ijobiy tomonga o‘zgartirgan. Kollejni tamomlab, ishga kirmoqchi bo‘lganman. Bir tashkilotga ish so‘rab borsam, qat’iy “yo‘q” degan javobni olganman. O‘shanda juda xafa bo‘lganman va bu menga qattiq ta’sir qilgan.Shundan so‘ng, universitetga o‘qishga kirish uchun kuchli tayyorgarlik ko‘rdim. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdim ham. Demoqchimanki, o‘shanda meni ishga olmagan insonning “yo‘q” deb aytgan so‘zidan ta’sirlanib o‘qishga kirib ketdim. Usha paytda o‘sha insonni yomon ko‘rganman. Lekin hozirda unga tashakkur deyman.

Nilufar: — Yo‘q so‘zini eshitish og‘ir,aytish ham og‘ir,lekin aytib bo‘lganingizdan keyin o‘zingizni yengil his qilasiz. Ba’zan “xo‘p” deb noqulay ahvolga tushib qolamiz, “nega yo‘q demadim” deb afsus qilamiz.

Latofat: — Bizning mentalitetimizda tarbiya birinchi o‘rinda turadi. Kattalar“ho‘p degin, yo‘q deging kelsa ham ho‘p degin, shunda boradigan oilangga yoqasan”, deb qizlarga tarbiya berishadi.Buni uddasidan chiqaman degan qiz bir xonadonga kelin bo‘lgach, o‘ziga yoqsa-yoqmasa “ho‘p”, “ha” deb o‘zining fikriga qarshi borsa ham oila baxti uchun o‘zining ko‘nglini oxirgi o‘ringa qo‘yadi. Lekin hayot bir chiziqdan iborat emas. Bir yil, ikki yil “ho‘p”, deb charchagan kelin keyinchalik o‘z fikrini himoya qilishga kirishadi. Qarabsizki, uning so‘zlarida “yo‘q” so‘zi ko‘payib boradi. Shunda qaynona ham, turmush o‘rtoq xam kelinni salbiy tomonga o‘zgarganda ayblashadi. Natijada, oiladagi iliq munosabatlarga putur yetadi.Shunday ekan, biz yangi oilaga kelin bo‘lib borayotgan qizlarimiz samimiy “yo‘q” deyishni boshidanoq aytishlarini o‘rgatishimiz kerak. Shundaginao‘shaoilakelinning“ho‘p”larigaemas, uningsamimiyxarakterigamoslashadi.

Nasiba: — Yo‘q deyishga juda qiynalaman. Mening yordamim kerak ekan-ki, mendan yordam kutyapti deb o‘ylab, rad javobini berolmayman...

Zilolaxon: —Haqiqatdan “yo‘q” deyish juda qiyin. “Yo‘q” deya olmaganimiz sababli o‘zimizni qiyin vaziyatga tushirib qo‘yamiz. Bu bilan rejalashtirib qo‘ygan ishlarimizni ortga surishga to‘g‘ri kelib qoladi. Bunday vaziyatga o‘zim ko‘p marotaba tushganman. Hayot ko‘p narsani o‘rgatdi. Hozirda vaqti kelganda “yo‘q” deya olyapman. Bu so‘zni ularni xafa qilmagan holda aytmoqdaman.

Psixolog: — Hayotda turli insonlar bilan munosabatga kirishar ekanmiz, o‘z savollarimizga, iltimoslarimizga nisbatan ijobiy “ha”, salbiy “yo‘q” degan javoblarni olamiz. “Yo‘q” deyish qanchalik qalbimizga og‘ir botmasin, ayrim vaziyatlarda rad javob berishimiz nafaqat o‘zimizga, balki suhbatdoshimizga foydadan xoli bo‘lmaydi. Faqat buni samimiy ohangda ayta olishimiz va nima uchun “yo‘q” deb javob berganimizni tushuntirib berishimiz lozim. Bu munosabatlarimizda nizoli vaziyatlarning oldini oladi. Hammasi “yo‘q” so‘zini qanday usulda ishlatimizga bog‘liq.

Munisa ALIYEVa tayyorladi


Manba: "darakchi.uz"

Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: Sevgi dunyosi | | Теги: Baxtli munosabatlar | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя