Главная » 2020 » Февраль » 6 » Bir necha o‘zbekistonlik yoshlar o‘z ixtiyori bilan Uxanda qoldi
07:09

Bir necha o‘zbekistonlik yoshlar o‘z ixtiyori bilan Uxanda qoldi


Xitoyning Uxan shahridan 84 nafar o‘zbekistonlikni olib uchgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviashirkati uchog‘i 5 fevralda Toshkent aeroportiga qo'ndi. Ammo, Uxanda yana bir necha nafar o‘zbekistonlik o‘z ixtiyori bilan qoldi. Ularning aniq soni ma’lum emas.

Ketishni istamagan o‘zbekistonliklarga ko‘ra, Uxandagi koronavirus xavfi bilan bog‘liq vaziyat biroz yumshagan, shahar to‘la nazorat ostida.

Uxandagi Agrar universitetning oziq-ovqat biokimyosi bo‘yicha fan doktori, 28 yashar Farruxbek Rasulov o‘z ixtiyori bilan qolganlardan biri.

Farruxbek Rasulov O‘zbekistonga qaytmagani sabablarini shunday izohlaydi:

“Birinchidan, bu yerda vaziyat sekin-asta yumshab borayapti. Buni ko‘chalarda odamlarning ko‘payishidan va bir qancha ish joylari, davlat xizmatlari agentliklari, banklar, ba’zi restoran va oshxonalar qayta ishga tushganidan bilish mumkin. Chunki ko‘chadagi avvalgi sukunat, bayram sababli edi.

Ikkinchidan, mening bu yerda ilmiy ishim bilan bog‘liq tajribalar har yili faqat bir marta namuna olish mumkin bo‘lgan mahsulotlar bilan bog‘liq. Agar bu yilgi ish tugatilmasa, bir yil yutqazdim deyavering.

Uchinchidan, hozir bu yerda kasallikka qarshi kurashish uchun eng kuchli mutaxassislar mavjud. Aynan Uxan shahrida. Yashab turgan joyimning atrofida deyarli odam kam, ancha xavfsiz hudud.

Farruxbek Rasulovning aytishicha, asosiy muammo odamlarni oddiy grippga ham vahima ko‘tarishi sababli kelib chiqqan:

“Xitoy ommaviy axborot vositalari hozirda bizda doimiy kuzatiladigan gripp va koronavirusni bir-biridan uy sharoitida farqlashga oid tushuntirishlar olib borishyapti, odamlarda bir hafta avvalgidek tushkunlik yo‘q. Kecha stadionda futbol va basketbol o‘ynayotganlarni ham ko‘rdim. Lekin Uxanda niqob tanqisligi bor. Oziq-ovqat tanqisligi yo narxlar qimmatlaganini sezmadim, boshida ozgina qimmatlagandi, yana joyiga tushdi”.

Farruxbek Rasulovga ko‘ra, O‘zbekiston konsulligi Uxandagi barcha vatandoshlarni charter reys borligi haqida ogohlantirgan:

“O‘zbekistonlik 84 vatandosh ketgan bo‘lsa, taxminan 3-4 tasi bu yerda qolgan. Bu yerda hamma ogohlantirildi. Hattoki Uxandan 200-300 km uzoqlikdagi boshqa universitetlardan bolalarni maxsus transportda olib kelishdi".

Uxanda ishlayotgan 19 yashar olmaliqlik Asadxon Abduqahhorovning aytishicha, u 5 fevral kuni dadasini Toshkentga uchadigan uchoqqa kuzatgan:

- Men dadam bilan birga Uxandagi parklardan birida ishlaymiz. Charter reys Toshkentdan kelganidan so‘ng, dadamni kuzatib o‘zim qoldim. Chunki, bu yerda qiladigan ishlarim bor. Vaziyat esa normal. Rossiya TVsida ko‘rsatayotganidek vahimali emas. To‘g‘ri, korxona va maktablar hozircha ko‘pi ishlamayapti, jumladan bizning idoramiz ham. Lekin hamma niqob taqib ko‘chalarda o‘z ishini qilib yuribdi. Oziq-ovqat taqchilligi yo‘q, barcha do‘konlar bo‘lmasa ham, uch-to‘rttasi ishlab turibdi. Yonimzdagi aptekada niqob yetarli. Vahima qilishga arzirli narsa yo‘q.


Manba: "sof.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя