Главная » 2017 » Февраль » 27 » Bir qo‘limda onam-u, bir qo‘limda ayolim!
16:42

Bir qo‘limda onam-u, bir qo‘limda ayolim!


Bugun yurtimiz chiroy ochib, dasturxonimiz to‘kin-sochin. Xalqimiz turmush tarzi ham yuksalgandan-yuksalib bormoqda. Qadriyat, urf-odat va an’analarimiz ulug‘lanib, ko‘klarga ko‘tarilmoqda.

Bu yaxshi albatta, afsuski, hozirgi kunda o‘zini ko‘z-ko‘z qilib, boshdan-oyoq bachkanalikka yo‘l qo‘yayotgan ota-onalar ham ko‘plab uchrab turibdi. Eng yomoni baxtni, oila totuvligini buyum, pul, mebel bilan o‘lchaydigan, dunyoparast, biryoqlama fikrlovchilar isrofgarchilik bo‘lishiga, shuningdek, o‘zbek xalqining o‘ziga xos urf-odatlari noto‘g‘ri talqin qilinishiga sababchi bo‘lmoqda. Orzuga ayb yo‘q! Ammo, bu isrof qilish kerak degani emas. To‘g‘ri, xalqimizda “uydagi gapni ko‘chaga chiqarma” degan gap bor. Lekin bugun yuqorida ko‘tarilgan masala birgina bizning oilaga xos emas. Balki, ko‘plab ajralishlarga sabab bo‘lib, jamiyat muammosiga aylanib borayotgani meni shu mavzuni ko‘tarib chiqishga undadi!

Kollejni bitirib, oilaviy poliklinikada ishlab yurgan kezlarim uyimizga sovchilar kela boshladi. Oilada katta farzand bo‘lganim uchunmi, har safar ular kelib-ketganida, ota-onam o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay tipirchilab qolardi. O‘zim ham g‘alati ahvolga tushardim.

Shu orada qo‘shni mahallada yashovchi yigit bilan unashtirildik. Kattalarning kelishuvi asosida o‘n besh-yigirma kun deganda to‘yimiz bo‘ldi. Ota-onalarimiz biz uchun bor narsalarini o‘rtaga tikib, qarz ko‘tarib bo‘lsa-da, qisqa muddat ichida dang‘illama to‘y qilib berdi. To‘ydan keyin kelinsalom va boshqa urf-odatlar birin ketin o‘tkazildi. Ikki tomon bir-birlariga sovg‘alar ulashdi. Qarindosh-urug‘, quda-anda, do‘st-yorlar chaqirilib, ziyofatlar uyushtirildi. Har ikki tomonning ham ko‘ngillari to‘q, bir-birlaridan minnatdor edilar.

To‘yimizdan bir oycha vaqt o‘tib, qo‘shnimiz kelin tushirdi. Qo‘shnimizning to‘yidan qaynonam kayfiyati buzilib qaytdi. Hammamiz atrofida girdikapalak bo‘lib, uning ko‘nglini olishga harakat qildik. Foydasi bo‘lmadi, uning ko‘ngli yozilmadi. Xullas, ertasi kuni meni yonlariga chaqirib gap boshladi “kelinposhsha qo‘shnining kelini zamonaviy, qimmatbaho mebellar olib kelibdi, siznikidan ancha yaxshi” dedi. Nima deyishni bilmay yer chizib qolaverdim. Qaynonam yana gap boshladi-da, “o‘zi, boyiroq oilani topib quda bo‘lish kerak ekan” deya qoshlarini chimirib bir qarab qo‘ydi. Indamasdan chiqib ketdim-da, xonamizga kirib, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladim! Shundan so‘ng, qaynonam har safar nimadandir kamchilik izlaydigan, ataylab kamsitadigan odat chiqardi. Hali challaridagi, latta-putta, lash-lushlar, hali kelinsalomdagi buyumlar barcha-barchasini bir-bir gapirib chiqdi. Qaynotam va turmush o‘rtog‘im menga e’tibor bermasligimni, xafa bo‘lmasligimni aytib, o‘g‘lini qizg‘onganidan shunday qilayotganini yotig‘i bilan tushuntirishardi. “Onada farzandini qizg‘onadi hali hammasi iziga tushib ketadi” deya qariyb bir yil kutdim.

Shu orada o‘g‘limiz Sherozbek tug‘ildi. Xursandchiligimizning cheki yo‘q, turmush o‘rtog‘im va qaynotam quvonganidan o‘zlariga sig‘maydi. Qaynonam ham benihoya suyunib ketdi. O‘g‘lim tug‘ilishi qaynonamning menga bo‘lgan munosabatini atigi bir haftaga o‘zgartira oldi xolos! Uyimizdagilar beshik olib kelishadigan bo‘ldi. Beshikto‘yda yana xursandchilik qilindi. Ertasi kuni qaynonam beshikto‘yda olib kelingan narsalarni kamsitib, yana janjal ko‘tardi. Ajrashib ketay desam, turmush o‘rtog‘im yaxshi inson, qaynotam ham mulohazali, dunyoqarashi keng, oliyjanob odam. Qolaversa, farzandimni tirik yetim qilishdan qo‘rqaman. Qaynotam bir necha marta boshqa uyga alohida ko‘chirib chiqarmoqchi bo‘ldi. Lekin turmush o‘rtog‘im bitta o‘g‘il bo‘lgani uchun unamadi.

Baxt buyum yoki pul bilan o‘lchanmasligiga, o‘g‘lim tug‘ilganidan so‘ng yana bir bor amin bo‘ldim. O‘zimni dunyodagi eng baxtli ayollardan biri sifatida his qilaman. Oiladagi ayrim muammolar o‘z-o‘zidan yechimini topib ketishiga ishonaman. Qaynonamning gap-so‘zlariga ham ko‘nikib qoldim. Muhimi, turmush o‘rtog‘im meni to‘g‘ri tushunadi. Unga ham qiyin meni deya onasiga qarshi chiqolmaydi, chiqmaydi ham. Uning mana shu xislatlarini qattiq hurmat qilaman! Ayolini onasidan ustun qo‘ygan erkakdan nimani ham kutish mumkin. Shukrki, u bunaqa emas, menga xatolarimni yotig‘i bilan tushuntiradi. Turmush o‘rtog‘im o‘sha mashhur qo‘shiqda aytilganidek, “bir qo‘limda onam-a, bir qo‘limda ayolim, ona-bola rishtasin bog‘lamoqlik xayolim” deya qaynonam bilan munosabatlarimizni yaxshilashga urinayotgan ekan, qo‘limdan kelgancha ularga yordam berishga harakat qilaman! O‘ylaymanki, hali hammasi iziga tushib ketadi.

Qo‘shnimizning eng zamonaviy, qimmatbaho mebellar bilan kelgan kelini Shahzoda bir oygina birga yashab keyin ajrashib ketdi. To‘ylarida sochilgan dollarlar ham, Dubaydan kelirilgan mebellar ham, Fransiyadan olib kelingan atir-upalar ham, birontasi, ularning oilasini saqlab qololmadi, baxtli qila olmadi. Shunday ekan qaysidir bachkana, bo‘lar-bo‘lmas odatlarni urfga aylantirayotgan ota-onalar bir o‘ylab ko‘rsa yomon bo‘lmas edi. Qolaversa, o‘rtahol yashovchi insonlar ularga taqlid qilib, bir umr qarzdan boshi chiqmayotgani, natijada, oiladan baraka ketayotgani hech kimga sir emas!..

Ozoda Qobilova,
Toshkent shahri.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: Ayol | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя