Главная » 2017 » Январь » 22 » Bollivud yulduzlarining sarviqomatlik sirlari
17:24

Bollivud yulduzlarining sarviqomatlik sirlari


Bollivud go‘zallari qanday ovqatlanishni, sarvqomatlilikni saqlashni juda yaxshi bilishadi. Ular orasida Hollivud go‘zallaridek ozishga kirishib ketib, kasallikka uchraydiganlari deyarli topilmaydi. Har ikki hind go‘zalidan birining tushunchasi bo‘yicha go‘zallik avvalo sog‘lomlik va ko‘zga ko‘rimlilikda ekan. Ko‘zga ko‘rimlilik darajasi oshib ketmasligi uchun esa ular doimo harakatda!

Ravina TANDON: «O‘zimga bir o‘lcham kichik kiyim xarid qilaman»

Ravina Tandon ikkinchi bor ona bo‘lganidan so‘ng asta-sekinlik bilan o‘zini tiklab oldi. Bunga o‘z hayotiy qarashlari va ona sifatida farzandining salomatligini birinchi o‘ringa qo‘yishi sabab edi. Ravina to‘lishib qolgani bilan bog‘liq savollarga shunday javob bergan edi: «...Hozircha menga Jennifer Lopes kabi tonggi soat 4 da uyg‘onib, ko‘chada yugurishdan naf yo‘q. Go‘dak hayotining hech bo‘lmasa dastlabki 4 oyida uning qoshidan ketmasligim shart! Ona-bola miriqib dam olishimiz kerak. Agar hozirdanoq parhez tutsam, qomatimni rostlashga kirishsam, bolamni qiynab qo‘yaman, sutdan qolaman!»

Haqiqatan ham tug‘ruqdan so‘ng 4 oy o‘tgach, Ravina o‘z qomati ustida ishlashga astoydil kirishdi. Aktrisa «iligi baquvvat» panjoblik qizlardan bo‘lgani uchun ham undan o‘ta xipchabellikni kutish qiyin edi. Shunday bo‘lsa-da, Ravina katta yoshdagi homiladorlikdan ortiqcha kilogrammlar asorat bo‘lib qolmasligi uchun kurashishga ahd qildi va buni uddaladi.

Umuman olganda, avvalgi homiladorlikdan orttirgan tajribasiga ko‘ra, Ravina 9 oy mobaynida o‘ta semirib ketmaslikni, faol turmush tarzi kechirishni maqsad qilib qo‘ygandi. Og‘iroyoq paytida to‘yimli ovqatlardan tez-tez, ammo kam-kamdan yeb, ko‘proq piyoda yurishga odatlandi. Tug‘ruqdan so‘ng 4 oy o‘tgach, har kuni ertalab toza havoda 20-40 daqiqagacha avval sekin, so‘ng o‘rtacha tezlikda va eng oxirida yugurib mashq qila boshladi. Bir kunda 6 martagacha oz-ozdan tanovvul qilishga odatlandi. Taomnomasidagi quyuq ovqatlar zaytun moyida pishiriladi, baliq va jo‘ja go‘shti iste’moli cheklanmaydi, javdar non yeyish mumkin, shakar ishlatilmaydi.

Ravina Tandon sut va banan aralashmali tozalovchi parhezni juda yaxshi ko‘radi. U «Parhez bilan birgalikda raqs, suv vannalari, yoga va aerobika mashqlari ham katta samara beradi», deb hisoblaydi. O‘z-o‘zini ilhomlantirib, bir o‘lcham kichik ko‘ylak sotib oladi.

Karina KAPURni 60 dan 48 kilogacha ozdirgan omillar

1. Ertalab issiq choy yoki qahva ichaman.
2. Nonushta o‘rniga bir kosa yong‘oqli myusli (vitaminlar, yog‘lar, aminokislotalar bilan boyitilgan suli yoki bug‘doy yormasi) yoki ikkita paratxa (hindcha qatlama non) va yogurt iste’mol qilaman.
3. Tushlikka ko‘katli chapati (non) va yasmiq (chechevisa) sho‘rvasi jonu dilim!
4. Har uch soatda iliq sut ichib, yong‘oq yeb turaman. Bu suratga tushish maydonchasida menga quvvat berib turadi.
5. Kuniga ikki litr suv ichaman.
6. Har bir tamaddi oxirida yupqagina kesilgan pishloq yeyman. Pishloqni judayam yaxshi ko‘raman. Undagi oqsil va yog‘ kislotalari murakkab aktrisalik faoliyatimda tushkunlikka tushishimga yo‘l qo‘ymaydi.
7. Kechki taomga yasmiq va ko‘katli salat iste’mol qilaman.
8. Yoga mashqlari bilan shug‘ullanaman. Bunda 1.000 marta Kapalbxarti va 50 marta Namaskar yoga holatida bo‘laman.
9. Eng asosiysi, go‘zal va latofatli ekanligingizga ishonchim 100 foiz bo‘lishi kerak!

Shilpa ShETTI. Bir kunlik taomnoma

«Nimani istasam, o‘shani yeyman, bir kunda taxminan 2.000 kilokaloriyani paqqos tushiraman. Payshanba kunlari vegeterianlar kabi ovqatlanaman, o‘sha kuni go‘sht haqida unutaman. Mening kunlik nonushtam oddiygina: suli yormasi va qora choy. Haftada 3-4 marta sportzalda shug‘ullanaman. Mashqlardan so‘ng ikkita hind yong‘og‘i, 8 dona mayiz va kokteyl bilan o‘zimni siylayman. Soat 14:30 da tushlik qilaman. Tushlik dasturxonimda bitta roti noni, o‘simlik moyida qovurilgan sabzavotlar, pomidorli qaylada tayyorlangan yasmiq va tovuq go‘shti bo‘ladi. Agar biror shirinlik istab qolsam, o‘zim shokolad yoki kulfi (kuchli kaloriyali hindcha muzqaymoq) yeyman. Soat 17:00 da ko‘k choy ichaman, kun davomida issiq qaynagan suv ko‘p ichaman. 21:30 da kechki taom sifatida anor, olma va salat-latuk iste’mol qilaman. Uyquga juda kech yotaman.

Selina JEYTLI: «Qancha ko‘p yesam, shuncha ko‘p ishlayman!»

Selina Jeytli (2001 yilda «Hindiston go‘zali» maqomini olgan): — Men boshqalar qilgan ishning teskarisini bajaraman. Boshqalar qancha ko‘p ishlasa, shuncha ko‘p yeydi, men esa aksincha. Bir kunda 7 marta kam-kamdan nimalardir yeb turaman. Kuniga 7-8 piyola ko‘k choy ichaman. Nonushta qilmagan kunim yo‘q. Yong‘oq va mevalardan ko‘p iste’mol qilaman. Yegan-ichganimning kaloriyasini esa hecham hisoblab ko‘rmaganman.

Ozish orzusidagilarga Bollivud yulduzlari tajribasidan kelib chiqib, yana o‘sha o‘zgarmas haqiqatni aytamiz: qomatingiz qanday bo‘lsa, shundayligicha turishini istasangiz, kam yeng, kam deng, o‘zingizga mos parhezni toping va ko‘proq harakatda bo‘ling!


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Jahon yulduz | | Теги: Bollivud, yulduzlar, sarviqomatlik sirlari | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя