Главная » 2020 » Декабрь » 31 » «Boriga baraka»da kvartira yutib olgan g‘olibga mukofot 1 yildan buyon berilmayapti (VIDEO)
11:26

«Boriga baraka»da kvartira yutib olgan g‘olibga mukofot 1 yildan buyon berilmayapti (VIDEO)


Urgutlik Baxtiyor Mamatov «Boriga baraka» televizion shousida 2 xonali kvartira yutib olgan. Ammo bu yutuq 14 oydan beri egasiga topshirilgani yo‘q. Bu haqda "Kun" nashri yozmoqda.

«Zo’r TV» telekanali orqali efirga uzatiladigan «Boriga baraka» ko‘rsatuvi qisqa fursatda keng omma orasida tanilib, millionlab auditoriya yig‘a oldi. Ko‘rsatuv boshlovchilarining mashhurligi, iste’dodi va albatta sovrinlarning biri-biridan qimmatbaho ekani ham bunga sabab bo‘lgandir ehtimol.

Olti farzandning otasi, urgutlik Baxtiyor Mamatov – ushbu o‘yinning 2019 yil oktyabridagi 92-sonida ishtirok etib, 2 xonali kvartira yutib olganlardan biri. Ammo oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, bu yutuq Baxtiyor Mamatovga topshirilgani yo‘q.

«2019 yil kuz oylarida «Atlas» ko‘ngilochar savdo markazida bo‘lib, u yerda kupon to‘ldirgan edim. Shu sabab bo‘lib «Boriga baraka» televizion shousi ishtirokchisiga aylandim. Ko‘rsatuvning navbatdagi sonida ishtirok etib, omadim kulib boqdi va 2 xonali kvartira yutib oldim.

Ammo oradan 14 oy o‘tgan bo‘lsa-da tashkilotchilar hamon menga atalgan uyni berganlari yo‘q. Bu orada turli odamlarga ro‘para qilishib, turli bahonalar qilishdi. Har gal telekanalga chaqirganlarida umid bilan boraman, ammo yana quruq qo‘l bilan qaytaman.

Avval homiy o‘zgardi deyishdi, keyin karantin bahona bo‘ldi va mana endi propiskam bilan bog‘liq masalani ro‘kach qilib, uyni bermay kelmoqdalar.

O‘rtada juda ko‘p gap-so‘zlar bo‘lib o‘tdi, har safar va’da berishadi, lekin yangilikdan darak bo‘lmaydi. Ko‘rsatuv tashkilotchilarining to‘g‘ri va adolatli ekanliklariga ishonchim qolmadi», – deydi Kun.uz'ga murojaat qilgan Baxtiyor Mamatov.

Baxtiyor Mamatovning so‘zlari qay darajada haqiqatga yaqinligini bilish maqsadida «Zo’r TV» telekanali rahbariyati bilan bog‘landik.

Telekanal mas’ullari televizion shouning 92-sonida yutilgan 2 xonali kvartira fuqaro Baxtiyor Mamatovga haligacha topshirilmaganini turli sabablar bilan izohladi. 2019 yil yakuniga yetayotgani munosabati bilan ko‘rsatuv homiysi o‘zgargani, keyinroq esa karantin boshlanib ketgani shular jumlasidan.

Aytishlaricha, Baxtiyor Mamatov o‘yinda g‘olib bo‘lgan chog‘da Samarqand viloyatining Urgut tumanida doimiy propiskada bo‘lgan. O‘yin shartlariga ko‘ra, unga Urgut tumanidan uy olib berilishi lozim bo‘lgan.

Bu orada Mamatov doimiy propiskasini Toshkent shahriga o‘tkazgan va tashkilotchilarga poytaxtdan kvartira olib berish talabini qo‘ygan. Ammo bu o‘yin shartiga mos bo‘lmagani bois Samarqand viloyatidagi 2 xonali kvartiralarning o‘rtacha narxida puli to‘lab berilishiga kelishilgan.

Telekanal direktori Kun.uz bilan suhbatda kelishuv miqdori 18 ming AQSh dollarini tashkil etgani va shu kunlarda so‘mdagi ekvivalenti miqdorida Mamatovning bank kartasiga to‘lab berilishini ma’lum qildi.

Loyiha rahbari Aziz Umrzoqov, o‘z navbatida, yutuq uchun va’da qilingan kvartiraning olib berilishi bu qadar kechikib ketishi sababini ushbu fuqaro bilan olib borilgan muzokaralarning cho‘zilib ketgani bilan izohladi.

Uning ta’kidlashicha, Mamatov ishtirok etgan paytda ko‘rsatuvning homiysi Crafers kompaniyasi bo‘lgan, biroq kompaniya bilan homiylik shartnomasi muddati tugashi ko‘rsatuvning o‘z majburiyatlarini vaqtida bajarishiga imkon bermagan.

«Hozirda Baxtiyor Mamatov bilan deyarli kelishuvga erishganmiz, tez kunlarda o‘yin shartlariga muvofiq keladigan uy yoki uning qiymatiga teng keladigan summa telekanal hisobidan to‘lab beriladi», – deydi loyiha rahbari Aziz Umrzoqov.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz'da e’lon qilingan tahliliy maqolada «Boriga baraka» ko‘rsatuvi qonuniy tomondan qimorga xos unsurlarga ega ekani aytilgandi.

Ko‘p o‘tmay telekanal maqolaga o‘z munosabatini bildirib, loyiha Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgani va shu yo‘l bilan «Boriga baraka» ko‘rsatuvining lotereya qonunlari ta’siri ostiga tushishi mumkin bo‘lgan belgilari yo‘qligi fakti tasdiqlanganini bildirgandi.

O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanlaridan birida, prokuratura bu ko‘rsatuvning qonuniyligi masalasini batafsil ko‘rib chiqib, natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgandi. Ammo hozirga qadar Bosh prokuratura tomonidan ushbu o‘rganish olib borilganmi-yo‘qmi, noma’lum.


VIDEONI KO'RISH

Manba: "aniq.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: (VIDEO), kvartira, Boriga Baraka, mukofot, g‘olibga | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя