Главная » 2017 » Июнь » 4 » Borovskiy qurbonining onasi Prezidentga maktub yo‘lladi
15:15

Borovskiy qurbonining onasi Prezidentga maktub yo‘lladi


Toshkent shahridagi Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejida 1999 yil 11 dekabrda tug‘ilgan Jasur Ibrohimov Muhammadjon o‘g‘li o‘z kursdoshlari tomonidan kaltaklanib, o‘ldirilgani haqida xabar bergan edik.

Marhumning onasi yuz bergan fojia yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga maktub yozib, adolat qaror topishini va aybdorlar jazolanishini so‘radi. Marhum Jasurning onasi yozgan xatni e’tiboringizga havola etamiz:

“Mening o‘g‘lim, 1999 yil 11 dekabrda tug‘ilgan Jasurbek Ibrohimov Muhammadjon o‘g‘li Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejining 2-kurs 213-guruhida o‘qigan. U yaxshi o‘qir edi, ichmasdi, chekmasdi, sport bilan faol shug‘ullanar edi. Men va turmush o‘rtog‘im oliy ma’lumotlimiz, farzandlarimiz e’tibor va g‘amxo‘rlikda voyaga yetishyapti.

2017 yil 3 may kuni men ertalab 08:30 da ishga ketdim, o‘g‘lim esa shu kuni uyda qoldi, sababi darsi 13:20 da boshlanishi lozim edi. Shu kuni soat 17:08 da Jasur menga uy telefonidan qo‘ng‘iroq qilib, go‘yoki yiqilib tushib, burnidan qon oqayotganini va qorni og‘riyotganini aytib, tezroq uyga qaytishimni so‘radi.

Uning ovozi meni, albatta, qo‘rqitdi, sababi u zo‘rg‘a va juda past ovozda gapirar edi. Uyga qaytishimda men “Tez yordam” xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, ularni chaqirdim. Bu orada turmush o‘rtog‘im Muhammadjon Tursunovga ham qo‘ng‘iroq qilib, uyga kelishini so‘radim.

Turmush o‘rtog‘im bilan uyga deyarli bir vaqtda uyga keldik. Uy eshigi ochiq edi, ichkaridan esa Jasurning ovozi chiqib turar edi. Bolalar xonasiga kirganimizda, ko‘z o‘ngimizda dahshatli tasvir namoyon bo‘ldi. O‘g‘limiz ichki kiyimda polga egilgan holatda yotgan edi.

Uning burni, og‘zi va quloqlaridan quyuq qon to‘xtamasdan oqardi, beli momataloq bo‘lib ketgan, tirsaklari ham shilingandi. Har ikki tizzasi singani, hatto peshonalari yorilib ketganiga guvoh bo‘ldik. Jasurbekni darhol yumshoq joyga yotqizdik, biroq u qornida og‘riq borligini aytib, baqirishda davom etardi. Qornining o‘ng tomonida poyabzal izlari, tomoq hamda jag‘ qismida barmoqlar izlari borligiga guvoh bo‘ldim. O‘g‘limdan nima bo‘lganini so‘raganimda, Jasurbek o‘zini Vestminster universiteti atrofidagi ariqqa tushib ketganini aytdi.

Uning yotgan joyi qonga belanlangan, gilam ham qon qoldiqlariga burkangandi, uyning chetida esa Jasurning sinib ketgan telefoni yerda yotardi. Shunda sochiq olish uchun vannaxonaga kirganimda, rakovina, vanna, unitaz, pol qonga belanib ketgandi. Polda esa uning tizzasi yirtilgan kiyimlari yotardi. Ko‘ylaklari ham qon rangi bilan bir xillashib ketgandi.

17:40 da “Tez yordam” mashinasi yetib keldi va bizni Yunusoboddagi 17-shahar kasalxonasiga olib borarkan, yo‘l bo‘yi Jasur kuchli og‘riqdan baqirardi. Shifokorlar UTT o‘tkazib, o‘g‘limda buyrak va oshqozonosti bezi ishdan chiqqan bo‘lishi mumkinligi va rentgen ma’lumotlari miya chayqalishi, burnida sinish borligini aytdi. Shifokor bizni 5-bolalar kasalxonasiga yubordi, chunki o‘g‘limiz hali 18 yoshga to‘lmagandi.

“Tez yordam” mashinasi Yunusoboddagi 5-bolalar kasalxonasiga yetib kelganida, Jasurbek qon qusa boshladi. Biroq 5-bolalar kasalxonasining navbatchi shifokori bolani bu yerda olib qola olmasligini, unda jiddiy jarohatlar borligini aytdi va bizni 14-bolalar kasalxonasiga borishni tavsiya qildi.

Soat 19:00 da “Tez yordam” mashinasi bizni 14-bolalar kasalxonasiga olib bordi va u yerda Tohir ismli bosh shifokor o‘rinbosari ko‘rikdan so‘ng o‘g‘limizni zudlik bilan reanimatsiyaga joylashtirish kerakligini aytdi. (buning uchun Tohirga onalik ta’zimimni bajo aylayman). Shifokor Jasurning tanasidagi jarohatlar bir nechta shaxs tomonidan amalga oshirilgan do‘pposlash oqibatida paydo bo‘lganini ta’kidladi. Shifokorlar tezlik bilan bolamizdagi barcha tan jarohatlarini suratga tushirishdi.

Keyingi ikki kun davomida Jasurbekni ko‘rikdan o‘tkazishdi, bu vaqt davomida esa unga kuchli og‘riq qoldiruvchi preparatlar yuborildi. Chunki, u og‘riqlardan qiynalayotgandi. Ammo Jasurning ahvoli keskin yomonlashishni boshlagandi, 11:30 da bizni MRT’ga yuborishdi, natijalar olinganidan so‘ng, 19:00 da rentgen qilinib. Keyin zambilda operatsiya zaliga o‘tkazishdi. 5 may kuni soat 19:30 da Jasurning qornida operatsiyani boshlashdi. Operatsiya besh soatdan ortiq, ya’ni 00:30 gacha davom etdi.

Operatsiyani uch vrach — bosh shifokor o‘rinbosari Tohir, bosh jarroh Norbo‘ta va navbatchi mas’ul bo‘lgan jarroh (ismini eslolmayman, rus erkak edi) qo‘l ostida o‘tkazildi. Operatsiya tugagandan so‘ng, o‘g‘limning ahvoli og‘irligini, operatsiyaning o‘zi murakkabligini, Jasurda o‘n ikki barmoqli ichak zararlangani, buyragini to‘la gematoma qoplab olgani, oshqozonosti bezi jiddiy lat yegani va boshqa organlari ham jarohatlangani, peritonit (yiringlash) boshlangani sabab qorin bo‘shlig‘i to‘qimasining bir qismi olib tashlanganini ma’lum qilishdi.

Shuningdek, shifokorlar o‘g‘lim bir necha kishilar ishtirokida har tomondan kaltaklangani haqidagi taxminimni tasdiqladi, o‘g‘limning o‘zi ham hushiga kelganidan so‘ng birinchi zarbadan so‘ng yiqilgani, so‘ng turishga uringan vaqtida, tizzalab turgani holda turli tomonidan tepkilangani, keyin hushidan ketganini aytib berdi.

6-8 may kunlari o‘g‘limning ahvoli og‘irligicha qoldi, 8 may kuni soat 21:00 da uni yana operatsiya qilishdi. 18 may kuni ahvoli og‘irligi sababli, o‘g‘limni 16-shahar kasalxonasiga o‘tkazishdi, 19 may kuni bo‘lgan operatsiyada esa, ahvol og‘irligi sabab, o‘t pufagini olib tashlashdi. 20 may kuni takroran operatsiya qilishdi. Kecha, 28 may kuni qon ketishi boshlangani sabab, soat 23:00 da operatsiya qilishga majbur bo‘lishdi. Hozir o‘g‘lim juda og‘ir ahvolda reanimatsiyada yotibdi.

5 may kuni soat 10:00 da, men kasalxonaga kelgan vaqtim, reanimatsiya oldida turgan Islomning otasini ko‘rdim. Keyinroq reanimatsiya mudiri Mahfuza To‘lqinovna ertalab soat 7:30 da Jasurni ko‘rgani bobosi kelganini va u bilan gaplashganini aytib, Islomning otasini ko‘rsatdi. Lekin u hech qanaqasiga o‘g‘limning bobosi emas — u mening o‘g‘limni urgan Islomning otasi!

O‘g‘lim kasalxonada yotgan o‘tgan kunlar davomida nima bo‘lganini o‘zim aniqlashga harakat qilib ko‘rdim.

Mana, o‘g‘limning guruh bo‘lib do‘pposlanganiga aloqadorlarning ismlari ro‘yxati:

Islom, 2-kurs,
O‘lmas, 2-kurs,
Temur, 3-kurs,
Hurmat, 3-kurs,
Temur, 2-kurs,
Bekzod, 2-kurs.

Boz ustiga, ularning ikki nafari bezori sifatida ro‘yxatda ham turadi, aynan:

Temur, 3-kurs,
Hurmat, 3-kurs.

Shuningdek, mushtlashuvda ishtirok etgani bilan maqtangan Borovskiyning boshqa o‘quvchilari aytgan gaplarga ko‘ra, Islomning otasi va onasi advokat, u milisiyani sotib olgan va bu ish, avval ham bo‘lganidek, yopdi-yopdi bo‘lib ketadi.

Mushtlashuv tafsilotini aytib berganlar O‘lmas orqadan kelib kuch bilan o‘g‘limni tepganini, so‘ng o‘g‘lim yiqilgani, qolganlar esa uni har tomondan tepkilashni boshlagani, oxirida esa O‘lmas yerda yotgan jabrlanuvchining ahvolini suratga tushirganini aytib berdi.

2-3 oy avval ham Borovskiy o‘quvchilari o‘rtasida shunga o‘xshash mushtlashuv bo‘lgan, Islom va O‘lmas 2-kursda o‘qiydigan Temurni do‘pposlagan, u yuzidan jarohatlar olgan (yuziga bir necha chok tushgan), shundan so‘ng uni suratga olib, hammaga ko‘rsatishgan, bolani esa uzoq vaqt masxara qilib yurishgan.

Biroq bu ishni imi-jimida tinchitilgan, Islom va O‘lmas jabrlanuvchiga 200 dollardan pul bergan. Kollej o‘quvchilarining aytishicha, Islom va O‘lmas nisbatan kuchsiz o‘quvchilarni uradi, buni suratga tushiradi, so‘ng ularning ota-onalari jabrlanuvchilarga pul to‘lab, ishni tinchitadi, bu o‘smirlar esa urib, jabrlanuvchini suratga tushirishdan va, albatta, jazoga tortilmasligidan zavq oladi.

Yuz bergan voqea haqida dekan Mariella Tulenovnadan so‘raganimda, u “hech qanday qo‘rqinchli narsa bo‘lmagan”ini aytdi. Modomiki shunday ekan, unda nega 2-kursda o‘qiydigan Temur o‘zi bilan bo‘lgan hodisa haqida aytishdan va uni ham o‘g‘lim, Jasurning ko‘yiga solishlaridan qo‘rqadi?

3 maydagi tepkilash qaerda yuz berganini aniqladik – hammasi soat taxminan 12:00 - 16:00 oralig‘ida O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi va 145-maktab hududlariga tutash joyda yuz bergan. Harbiy prokuratura binosida videokuzatuv kameralari bor va hodisa yuz bergan lahza videokuzatuv kameralariga yozib olingan bo‘lishi mumkin. Garajlar yonida stomatologiya klinikasi joylashgan (Istiqbol ko‘chasi, 25-uy), klinika xodimlari Nigina va Lena oq ko‘ylakdagi yetti o‘quvchini ko‘rganini, ulardan biri qonga botganini, qolganlar unga nimadir deb ketayotganini tasdiqladi. O‘quvchilar Niginaga qonga botgan bola o‘zi yiqilib tushganini aytgan, Nigina va Lena o‘g‘limni yuvintirgan va unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.

Biroq, sizga yo‘llayotgan murojaatimga qadar na biz, na mazkur o‘smirlar «to‘da»si so‘roq qilindi, videoyozuvni olishga ham qiziqib ko‘rishmadi. Nima uchun bu vaziyatga na Borovskiy kollejining pedagogik jamoasi, na bu o‘smirlarning ota-onalari, na tuman ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirmayotgani biz uchun tushunarsiz. Aynan shunday yaramaslar voyaga yetgach, o‘z Vatanini sotadi va turli kriminal guruhlarga, xususan, IShID safiga qo‘shiladi.

Men do‘pposlashga aloqador olti o‘quvchining familiyalarini o‘qituvchilardan so‘raganimda, ular bu o‘quvchilarning familiyalarini bilmasliklarini aytishdi.

4 may kuni Islom haqida dekan Mariella Tulenovnadan so‘raganimda, u bu o‘quvchi darsda bo‘lganini aytdi, oradan bir necha kun o‘tib esa Islomning o‘qituvchisi Janna Vorotnikova Shuhratovna o‘z darsini tashlab, ochiq darsda qatnashish uchun boshqa sinfga chiqqanini, qaytib kelganida Islom darsda bo‘lganini aytdi. Biroq 19 may kuni dekan o‘quvchilar tanaffus vaqtida tashqariga chiqqanini, O‘lmas (2-kurs, 226-guruh o‘quvchisi) mushtlashuvda umuman qatnashmaganini aytishni boshladi. Agar Janna Vorotnikova Shuhratovna, shuningdek, «Shaxs va jamiyat» fani o‘qituvchisi va dekan Mariella Tulenovna yolg‘on gapirib, bezori o‘quvchilarni yashirayotgan ekan, kollej ma’muriyati (direktori) Lutfi Yo‘ldoshevna Yusupova qaerga qarayapti?

Umid qilamanki, adolat qaror topib, barcha aybdorlar jinoiy javobgarlikka tortiladi".


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: o‘quvchi, prezident, Borovskiy, maktub yo‘lladi, qurbon, kollej, kursdosh, ona | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя