Главная » 2020 » Март » 22 » Britaniyalik shifokorlar koronavirusga chalinishning yana bir alomati haqida ma'lum qilishdi
21:41

Britaniyalik shifokorlar koronavirusga chalinishning yana bir alomati haqida ma'lum qilishdi


Hid sezgisining birdan yo‘qolishi yangi turdagi koronavirusdan zararlanishning yana bir alomati bo‘lishi mumkin, deydi Britaniya Otorinolaringologiya assotsiatsiyasi (ENT). 

Shifokorlarning fikricha, ushbu alomat kasallikning boshqa belgilari kuzatilmaganda paydo bo‘lishi mumkin, ya'ni bunday bemorlar Covid-19’ning yashirin tashuvchisi bo‘lishi ehtimol yuqori. 

Tashkilot ma'lumotlariga ko'ra, ushbu alomat Janubiy Koreya, Xitoy va Italiyadagi koronavirusga chalingan bemorlarda paydo bo‘lgani haqida ishonchli dalillar mavjud.

Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya va Italiyaning shimoliy qismida anosmiya (yun. an – inkor qo‘shimchasi va osme – hidlov, hid bilish; hid bilmaslik) holatlari to‘satdan ko‘paygan, deydi Britaniya rinologlar jamiyati professori Kler Hopkins va Otorinolaringologiya assotsiatsiyasi professori Nirmal Kumar. 

«Ushbu bemorlar kasallangani avvalroq aniqlanmagan ammo Covid-19’ning tez tarqalishiga yordam bergan yashirin tashuvchilardan biri bo‘lishi mumkin. Afsuski, ulardagi alomatlar hozirdagi qon tahlili o‘tkazish yoki shaxsiy izolyatsiya qilish mezonlarga mos kelmaydi», deyiladi bayonotda.

Shifokorlar ushbu alomatni yuqori isitma yoki quruq yo‘talga duchor bo‘lmagan koronavirusli bemorlarni aniqlash vositalaridan biri sifatida ko‘rib chiqishni tavsiya etishmoqda.

«Ehtimol, anosmiyali har qanday yoshdagi insondan boshqa alomatlar bo‘lmasa-da, yetti kun davomida shaxsiy izolyatsiyaga rioya qilish so‘ralsa [...], biz asimptomatik bemorlar sonini kamaytirishimiz mumkin. Ular o‘zlari bilmagan holda virusni tashib yurishadi», deyiladi ENT bayonotida.

Avvalroq, koronavirus bilan kasallangan Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari,  62 yoshli Nadine Dorris kasallikdan keyin hid va ta'm sezgisini yo‘qotganini aytgandi. 

Bundan tashqari, nemis virusologi professori Hendrik Strik koronavirusning alomati sifatida anosmiya haqida gapirdi. Virusologning qo‘shimcha qilishicha, u ko‘rgan bemorlarning uchdan ikki qismida bir necha kun davomida ta'm va hid sezgisining yo‘qolishi kuzatilgan. 

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir kunda dunyoda yana o‘n minglab yangi koronavirus holatlari aniqlandi, kasallarning umumiy soni 321 mingdan oshdi, 13 699 kishi vafot etdi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя