Главная » 2018 » Апрель » 9 » Bugungi jurnalistlarga “vasvasagen” kerak!
22:08

Bugungi jurnalistlarga “vasvasagen” kerak!


Qamariddin Shayxov,
“Qalampir.uz” internet nashri rahbari
Hojiboy Tojiboyevning “vasvasagen” va “chakakagen” haqidagi latifasini eslaysizmi? O‘ylanib qolasan kishi, qiziqchi hayot bo‘lganida bugungi davr jurnalistlariga qanday dorini tavsiya qilgan bo‘lardi?

Zamon tez o‘zgaryapti, odamlar kechagimas, degan gaplarni ko‘p eshitamiz. XX asr axborot xurujlari, XXI asr axborot asri bo‘ldi, degan gapga ham kasbimiz nuqtai nazaridan ko‘p ro‘baru kelamiz. So‘nggi paytlarda O‘zbekiston axborot maydonida bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzata turib, bizda axborot xuruji endi boshlandi, unda nafaqat axborot, odamlar kurashyapti, g‘oyalar, maqsadlar, kerak bo‘lsa shaxsiy manfaat o‘rtaga chiqyapti, degan xulosaga keldik. Axborot xuruji o‘z ortidan yurak xastaligini yetaklab keladigan darajada jadallashib ketyaptiki, bundan ayrimlar vasvasaga ham tushib qolyapti.

O‘zbekistonda so‘nggi bir yarim yil ichida kutilgan va kutilmagan o‘zgarishlar ro‘y berayotganini nafaqat mahalliy OAV, balki xalqaro hamjamiyat ham bot-bot takrorlamoqda. Biroq kishida haqli bir savol tug‘iladi: biz bu o‘zgarishlarga tayyormidik? Xalq-ku kutgani aniq, lekin OAV, jurnalistlar tayyormidi?

Bugun OAVda arzimagan xabarni ayyuhannos solish bilan odamlarga yetkazish, ommalashtirish eng samarali usul bo‘lib qoldi. Shu ma’noda yozgan maqolam uchun tazyiq o‘tkazishdi, qabilidagi xabarlarni ham o‘qiyapmiz. Bunday maqolalar kunning dolzarb mavzusiga aylanyapti.

Qachonlardir bizda xonandalik, aktyorlikka havasmandlar ko‘paygan bo‘lsa, bugun jurnalistlikni oson tushunib, shov-shuv ortidan mashhur bo‘lish dardida sohaga kirayotganlar talaygina. Va bundaylar istalgan OAVda topiladi. Qonunlarga itoat etmaslik, ularni bilmaslik, hissiyotga berilish esa bugungi zamon jurnalistikasining bir jihatiga aylanib qolyapti.

Demokratiyaning cheki yo‘q. Shu ma’noda jurnalist xohlagan mavzuga qo‘l urishi, uni ommaga taqdim etishi mumkin. Ammo ba’zi masalalar bo‘ladiki, ular haqida gapirib, odamlar e’tiborini qaratib, yanada ommalashishiga sabab bo‘lgandan, sukut saqlab, natijaga erishish mumkin. Tarbiyaga esa urib, so‘kib chaqirib bo‘lmaydi. OAV taqdim etayotgan har bir materialda esa inson omili, odamlar taqdiri yotganini unutmaslik juda muhim.

O‘tgan oylarda qaynotasining ko‘z olaytirganini aytib chiqqan kelin, OAV diqqat markazida bo‘lgan edi. Keyinroq uning o‘rnini boshqalar egalladi va bunday mavzularning har birida jurnalistlarning huquqiy savodxonligi nechog‘lik pastlagani ayon bo‘lib bormoqda. Yillar davomida shou-biznes yulduzlari, taniqli shaxslar gazeta va jurnallari, televidenie va radio, internetning asosiy qahramonlari bo‘lib keldi. Ular nimadan so‘z ochsa, shu masala odamlar orasida asosiy mavzuga aylandi. Jamiyatning ba’zi qismi, hatto, ayrim jurnalistlar jiddiy axborotlarni qabul qila olmaydigan darajaga yetib keldi. Bunda kimnidir aybdor sanash noto‘g‘ri. Chunki bu jarayonda aybdor ham, ijrochi ham hamma bo‘ldi.

Jurnalistlarning huquqiy savodxonligi, saviyasi, muammolarni oldindan ko‘ra bilish qobiliyati shu qadar o‘tmaslashib qoldiki, bugungi o‘zgarishlar jarayonida jurnalist xalqdan bir qadam oldinda yuruvchi emas, balki xalqning ortidan ergashuvchi, kim qaerga tortsa, o‘sha yerga ketuvchi vagonga aylandi. Albatta, bu doiraga hamma jurnalistlarni kiritmoqchi emasmiz.

Telekanallarni kuzatyapsizmi? Odamlar ustidan hangoma qiladigan dasturlar ko‘paygan. Qodiriyni tanimasa, hiring-hiring, Cho‘lponni Usmon Nosir bilan adashtirsa, yana hiring-hiring... TV, OAV shuncha yil Cho‘lpon-u Qodiriy qolib “Ummon”, “Benom”, “Mango”ni birinchi darajaga olib chiqqandan keyin, xalqning ustidan mazah qilish to‘g‘rimi? Umuman ularni savolga tutib, yana TVga olib chiqib sharmanda qilishga jurnalistning qonunan haqqi bormi? Yo‘q, albatta! Lekin buni ko‘plab fuqarolar bilmaganidek, jurnalistlar, OAV rahbariyati ham bilmaydi, bilsa ham amal qilmaydi.

Yo bo‘lmasa huquq-tartibot organlari tomonidan tarqatilayotgan axborotlarga e’tibor qaratsak: har qanday jinoiy ishni bajargan shaxs to uning jinoyati sud tomonidan tasdiqlanmaguniga qadar aybsiz sanaladi. Jinoyati tasdiqlangan taqdirda ham uning roziligisiz OAVda shaxsiy ma’lumotlari va fotosuratini taqdim etish mumkin emas. “Avtopatrul”, “Poytaxt yo‘llari”da kabi dasturlarda ko‘rsatilayotgan qoidabuzarlar esa shunchaki qoida buzgan, xolos. OAV ularni aybdor sifatida ko‘rsatib, ommaga olib chiqishi, qizil chiroqqa bo‘ysunmagani va himoya kamarini taqmay harakatlangani uchun muhokama qilish noo‘rin. Jurnalist buni biladimi? Biladi, bilgandaki... Huquq-tartibot organlarining o‘zi bu borada jurnalistlarga o‘rnak bo‘lib turgandan keyin, OAVdan nimani kutish kerak?

Aytmoqchi, asoslashga urinilgan fikr ham bor: shularni ko‘rsatib, boshqalarning ko‘zini ochish, tarbiyaga chaqirish. Uzr, aytishning vaqti keldi. Nega birovni qurbon qilish orqali tarbiyaga erishish kerak? Nega birovning shaxsiy hayotiga aralashib, uning huquqlarini poymol qilish evaziga jurnalistik faoliyatni olib boriladi? Bu savolga vijdonan javob bera olamizmi?

“MY5” telekanali orqali efirga uzatilgan “Yashirin kamera” ko‘rsatuvi o‘tgan hafta davomida diqqat markazida bo‘ldi. Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ushbu ko‘rsatuvda qonunchilikka zid jihatlarni aniqlab, kanal rahbariyatiga rasmiy xat kiritdi. Hammasi shundan boshlandi.

“MY5” telekanali “Yashirin kamera” ko‘rsatuvida odamlarning yuzi berkitilgan, deb iddao qilsa-da u qaysi qonunlarga zid ekanini eslatib o‘tirishning hojati yo‘q, zotan bunga Adliya vazirligi yetarlicha aniqlik kiritdi. Lekin biz boshqa ko‘z ilg‘amas holatga e’tibor qaratishni lozim topdik.

Xo‘p, o‘sha qiz shifokor aytganidek, “MY5”chilar “isbotlaganidek” o‘z joniga qasd qilmadi ham deylik. Lekin biz asosiy masaladan, maqsaddan ancha uzoqlashmadikmi? Agar o‘z joniga qasd qilgan bo‘lsa-chi? Shunday bo‘lganda-chi? Masalaning tub mohiyati ham shu nuqtada ko‘rinadi. Biz, boshqa jurnalistlar, deputatlar, qonun himoyachilari muhokama qilayotgan masala ham shu aslida. Odamlar shaxsiy hayotiga daxl qiluvchi axborotlar ularning salomatligiga, obro‘-e’tiboriga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Bu tajribada bir necha bor aniqlangan.

Har bir xato navbatdagi tashlanajak qadam uchun tajriba bo‘lishi kerak. Gap xato qilishda emas, uni takrorlamaslikda. Ortiqcha hissiyotlarga berilib, aybdan bo‘yin tovlash, o‘z o‘rniga aybdor qidirish, yemagan somsaga pul to‘latish xatolardan xulosa chiqarish degani emas.

So‘nggi vaqtlarda OAVda katta shuhrat qozonayotgan materiallarga e’tibor qarating. Ko‘plari qaysidir odamlarning manfaatlari qurbon bo‘lishi evaziga tayyorlanyapti. Yana biz boshqalarni tarbiyaga chaqirayotganimizni aytib, o‘zimizni oqlamoqchi bo‘lamiz. Yo bo‘lmasa, jamiyatda yuz berayotgan katta evrilishlar davrida ayrimlar Milliy xavfsizlik xizmati, uning “quloqlari”dan so‘z ochib, yillar davomida xalq bundan aziyat chekkanini yozdi. Milliy xavfsizlik xizmati xususiy tashkilot emasdi. Bir shaxs manfaatlariga ham xizmat qilmagani aniq. Davlat xavfsizligi saqlanishida uning ham muhim o‘rni, roli bo‘lganiga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Kamchilik va xatolar uchun butun boshli tashkilotga nisbatan odamlarda nafrat uyg‘otish, yana bu gaplarni uning faoliyati tugatilganda gapirishdan nima naf? U maydondaligida gapirishga nima to‘sqinlik qildi. Nega endi tilingizga jon kirdi?

Zamonning zayli bilan loyiq ham, noloyiq ham tanqidchiga aylandi. Ilm, saviya, ma’rifat ikkinchi darajaga o‘tib qolayotgandek. Muammoning ichiga kirish, tafsilotlarini o‘rganish, faktlar to‘plash, tahlil qilish esa kun sayin zaruratdan chiqib boryapti. Muhimi tanqid, muhimi qaysidir hokimni sharmanda qilish, boshqalarni aybdorga chiqarish, kimnidir odamlarga yomon ko‘rsatish. Xulosalar esa ikkinchi darajada qolmoqda. Tanqid qilingan odam bir yumalab o‘zgarib qolmaydi, quruq tanqiddan natija bo‘lmaydi degani bu. Tanqid qildingizmi, yechimni ham, to‘g‘ri yo‘lni ham ko‘rsating, undan keyini birgalikda ko‘ramiz.

Biz ushbu maqola bilan kimnidir ayblash, ular bilan dahanaki jangga kirishish fikridan yiroqmiz. Zotan, har kim o‘ziga yarashgan yo‘ldan borishi kerak. Hech kim, hech bir OAV xatolardan holi emas, unda siz-u bizga o‘xshagan odamlar ishlayapti. Gap shundaki, xatolardan xulosa chiqarilsin, yangi aybdor axtarilib, tashlangan nojo‘ya qadamdan bo‘yin tovlanmasin, shov-shuv, baqir-chaqir bilan omma e’tibori boshqa masalaga qaratilmasin. Aytilgan so‘z ortida odamlar taqdiri borligini unutmaylik! Xullas, gapni gapir uqqanga, jonni jonga suqqanga!


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: bugungi, Kerak, jurnalist, Vasvasagen | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя