Главная » 2020 » Июнь » 30 » Buxoroda karantin choralari kuchaytiriladi
09:08

Buxoroda karantin choralari kuchaytiriladi


Kecha, 29 iyun kuni Buxoro viloyatida koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha viloyat komissiyasining favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda keyingi paytlarda aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish ko‘payganligi, hatto, o‘lim holati qayd etilganligi sababli komissiya qarori bilan joriy yilning 30 iyun kunidan noma’lum muddatga qadar:

1. Viloyat hududida jamoat transportlari (avtobus) harakati to‘liq to‘xtatiladi. 

2. Buxoro shahar hududida soat 22:00dan 06:00gacha shaxsiy avtotransport vositalarining zaruratsiz (zarur ish yuzasidan, dori-darmon vositalariga bo‘lgan ehtiyoj, shifoxonaga borish-kelish bundan mustasno) harakatlanishi cheklanadi.

3. Yo‘nalishsiz taksi faoliyatida yo‘lovchi tashish uchun belgilangan karantin qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi va avtotransport vositasi jarima maydonchasiga kiritiladi. 

4. Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi, sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshqarmasi bilan birgalikda jamoat joylarida sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etilishi ustidan nazorat tadbirlari (reydlar) muntazam ravishda kuchaytirilgan tartibda tashkil etib boriladi. Shuningdek, jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurganlik uchun ma’muriy javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash choralari ko‘riladi.

5. “Qizil” hudud toifasiga kiritilgan tumanlar (G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Jondor)dan kelib, Buxoro shahridagi boshqarma, korxona va tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatuvchi ishchi-xodimlar masofaviy ish usuliga o‘tkaziladi va ushbu toifaga kirgan tumanlarda karantin qoidalari yanada kuchaytiriladi.

6. Mulkchilik shaklidan qatiy nazar har bir korxona-tashkilotda karantin tartib-qoidalariga rioya etilmaydigan bo‘lsa, sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshqarmasi xulosasiga ko‘ra, o‘sha korxona-tashkilot faoliyati to‘xtatiladi.

7. Hududlarda karantin talablarini ta’minlamaganligi tufayli koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy ta’sir choralari qo‘llaniladi.  

8. Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, viloyatdagi barcha buyum bozorlaridagi shart-sharoitlar karantin tartib-qoidalariga mutlaqo javob bermaydi. Shu bois, bozorlar hududi to‘liq karantin talablariga mos holga keltirilib, ishchi guruhining ijobiy xulosasidan so‘ng faoliyat boshlashiga ruxsat beriladi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: karantin choralari, Buxoroda, kuchaytiriladi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя