Главная » 2018 » Апрель » 25 » Dildora Niyozovaning “Ko‘zlaringga nur bo‘lay” nomli uch kunlik konsert dasturi boshlandi
20:05

Dildora Niyozovaning “Ko‘zlaringga nur bo‘lay” nomli uch kunlik konsert dasturi boshlandi


24-aprel kuni “Istiqlol” san’at saroyida xonanda Dildora Niyozovaning “Ko‘zlaringga nur bo‘lay” deb nomlangan uch kunlik konsert dasturi boshlandi. “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova konsertdan reportaj tayyorladi.

Konsert dasturini O‘zbekiston xalq artisti Fathulla Mas’udov olib bordi. Dastur avvalida Dildora Niyozova muxlislarga murojaat qilar ekan, ijod qilayotganiga 15 yil bo‘lgan bo‘lsa, shu vaqt ichida bir necha marotaba san’atni tark etish haqida o‘ylagani, ammo kasbiga mehri tufayli ijodini davom ettirayotganini ta’kidladi.

“Shu paytgacha nimaiki niyat qilgan bo‘lsam, hammasiga erishib kelyapman. Hayotda faqat yaxshi niyat qilib yashash kerak”, — deydi xonanda.

Uch qismdan iborat dasturda Dildora Niyozovaning ancha oldin ijro etilgan va muxlislar qalbidan joy egallagan “Zardoli”, “Ishonma”, “Daryolarning bo‘ylarida”, “Siz meni yaxshi bilmaysiz” kabi qo‘shiqlari hamda hali hech qayerda yangramagan yangi taronalari ham yangradi. “Aslida”, “Muhabbat”, “Yoningda do‘sting bo‘lsa”, “Borsaydim”, “O‘zingizni seving ayollar” “Bolamga nasihat”, “Yulduzingman”, “Habibing” kabi yangi qo‘shiqlar tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Konsertda qo‘shiqlar qisman jonli ijro etildi. Muxlislarning sevimli qo‘shiqlari esa ular bilan jo‘rlikda ijro etildi.

Konsert dasturi davomida Dildora Niyozovaning muxlislar bilan samimiy munosabatda bo‘lgani, ularga nisbatan hurmati tahsinga sazovor. Xonanda o‘ziga gul hadya etayotgan muxlislariga “O‘zingizdan orttirib, gul olib kelganingiz uchun tashakkur” deya bir necha marotaba takrorladi. Shuningdek, aslida yo‘q bo‘lgan kamchiliklar uchun konsert ishtirokchilaridan bir necha marotaba uzr so‘radi.

Konsertdagi tanaffuslardan birida xonandaning akasi Nodirbek Niyozov ham qo‘shiq kuyladi. Shuningdek, komik aktrisa Mahfuza Sherboyevaning hazillari ham tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Xonanda “Bolamga nasihat” qo‘shig‘ini kuylash uchun sahnaga o‘g‘li Javohirbekni taklif etdi, shu paytda sahnaga xonandaning o‘g‘li va qizi qo‘llarida guldasta bilan kirib keldi. Xonanda bu kutilmagan syurprizdan hayratga tushdi. Shu paytda Javohirbek rus tilida “Mama” deya kuylab, onasiga mehrini ifoda etdi. Dildora Niyozovaning o‘zi ham ushbu qo‘shiqqa jo‘r bo‘ldi.

“Bolamga nasihat” deb nomlangan qo‘shiq yangraganida tomoshabinlar ko‘zida yosh qalqdi. Qo‘shiqda ona farzandiga oilada otaning o‘rnini yuksak e’tirof etib, ota dili og‘rishi farzand uchun qiyomat ekanligini aytadi, “Mendan ko‘proq otang rozi qilgin bolam” deydi. Qo‘shiq yakunida xonanda onasiga minnatdorchilik bildirib, ta’sirlandi va yig‘lab yubordi.

Dildora Niyozovani haqiqiy ma’noda elga tanitgan “Ishonma” taronasi ijro etilayotganda zal “portladi”. Muxlislar o‘rnidan turib raqsga tusha boshladi va xonandani gullarga ko‘mib tashladi.

Konsertda xonanda dizayner Narimon Grigoryan tomonidan yaratilgan uch xil libosda namoyon bo‘ldi. Liboslar xonanda uchun mahorat bilan tanlangan, obrazlar Niyozovaning o‘tgan yillardagi ko‘rinishlaridan farq qiladi.

Har bir taronaga mos ravishda mahorat bilan raqslar sahnalashtirilgan. “Toshkent zebolari” ansamblining sho‘x raqslari tomoshabinlarga xush kayfiyat bag‘ishladi. Taniqli raqqosa Muhabbat Qurbonova ham har bir raqsga o‘zgacha yondashdi, uning chiqishlari olqishlar bilan kutib olindi.

Konsertning asosiy, muhim jihati, dasturning tugab qolganini hech kim sezmay qoldi, hech kim konsert tugamasdan zalni tark etmadi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Dildora Niyozova | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя