Главная » 2017 » Июнь » 8 » Eksklyuziv! Sobiq direktor Jasurbek Ibrohimov vafoti haqida nima deydi?
10:12

Eksklyuziv! Sobiq direktor Jasurbek Ibrohimov vafoti haqida nima deydi?


Toshkent shahrida joylashgan P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimovning vafot etishi bilan bog‘liq voqea butun respublikaga, hatto, qo‘shni mamlakatlargacha tarqashga ulgurdi. Aslida bunga o‘xshash voqealar avval ham bo‘lgan. Maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining voyaga yetmagan o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari ishtirokidagi mudhish voqealar hamon uchrab turadi. Ijtimoiy tarmoqlar, odamlar orasidagi shov-shuv sabab Jasurbek Ibrohimov voqeasi haftaning eng e’tiborga tushgan hodisasi bo‘ldi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida boshlangan tergov ishlari ayni damda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan davom ettirilmoqda. Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, Jasurbek Ibrohimov bilan bo‘lgan voqea yuzasidan P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Islombek To‘laganov gumondor sifatida e’lon qilindi.

Bu vaziyatda ko‘pchilikning e’tiborini Jasurbek va Islombek bilan bir qatorda, ularning ota-onalari, ular ta’lim oladigan kollej va kollej ma’muriyati, o‘qituvchilariga qaratildi. Xabaringiz bor, kollej direktori Lutfi Yo‘ldoshevna Yusupova va o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosar Hilola Bo‘rixo‘jayeva hamda ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha o‘rinbosar Vazira Hasanova ishdan olindi.

Bunga qadar biz P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji direktori Lutfi Yo‘ldoshevna Yusupovadan bo‘lib o‘tgan voqealar yuzasidan intervyu olishga ulgurgan edik. E’tiboringizga mazkur intervyuning hozircha ayrim qismlarini taqdim etamiz.

— Jasurbek Ibrohimovning vafotidan avval bo‘lib o‘tgan voqealardan kollej ma’muriyati va o‘qituvchilar qachon xabar topdi?

— Menga ma’lumki, Jasurbek va Islombek o‘rtasidagi birinchi tortishuv 2 may kuni yuzaga kelgan. 3 may kuni esa ular o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqqan. Kollejimizda 120 ta kuzatuv kamerasi muntazam ishlab turadi, favqulodda holatlar uchun qo‘ng‘iroq tugmachasi ham bor. O‘quvchilarimiz buni juda yaxshi bilishadi. Shuning uchun ular o‘zaro kelishmovchilikni kollej hududida emas, balki tashqarida hal etmoqchi bo‘lishgan. Shu kuni Jasurbek, Islombek, Temur, Hurmatbek, O‘lmas, Bekzod, Temur kollejdan tashqariga chiqib ketishgan. Biz Jasur bilan Islom o‘rtasida mushtlashuv bo‘lib o‘tgani haqida 4 may kuni – tuman Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari kelgandan keyin xabar topdik. Jasur 3 may kuni kollejdan chiqib ketib, darslarga qaytmagan. Guruhdoshlari Temur va Bekzod o‘qituvchiga Jasurning qorni og‘rib, uyga ketganini aytishgan.

— Jasur va Islom kollejning ichki ro‘yxatida bo‘lishganmi?

— Jasur hech qachon ichki ro‘yxatga kiritilmagan. Lekin Islom ichki ro‘yxatimizda bor edi. Bu ro‘yxatga tarbiyasi og‘irlar emas, darsga kechikib keladiganlar, darslarni o‘zlashtirmaydigan, kollej formasiga rioya qilmaydiganlar kiritiladi. Bungacha Jasur va Islom o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik payqalmagan.

— Jasur va Islom dars vaqtida chiqishganmi?

— Islomning darsi tugagan bo‘lgan, u tanaffusga chiqqan mahalda Jasurning sinfida dars mashg‘ulotlari davom etayotgan edi. Jasur o‘qituvchiga qorni og‘riyotganini aytib, tashqariga chiqib kelishni so‘ragan va kollejga qaytmagan. U darsga qaytmaganidan keyin o‘qituvchi uning onasi Nilufar Aliyevga qo‘ng‘iroq qilgan. Aliyev esa shu kuni telefonga javob bermagan.

Kollej sobiq direktori Yusupovaning ma’lum qilishicha, bo‘lib o‘tgan voqeadan xabar topilgach, kollejning voyaga yetmaganlar bo‘yicha komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazilib, Islom To‘laganovning ota-onasi chaqirilgan, o‘tkazilgan majlis bo‘yicha bayonnoma tuzilgan.

Ma’lum qilinishicha, bugunga qadar P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejida 3300 o‘quvchi tahsil olib kelgan. O‘quvchilardan 57 nafari ichki ro‘yxatga olingan. 2 nafari tuman Ichki ishlar boshqarmasi ro‘yxatiga kiritilgan.

Saytini kuzatib boring. Tez orada intervyuning qolgan qismini va Jasurbek Ibrohimov vafotiga oid eksklyuziv ma’lumotlarni taqdim etamiz.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: vafoti haqida, direktor, Jasurbek Ibrohimov | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя