Главная » 2017 » Август » 8 » Endi kelin tushadigan xonadonni kuyov tomon jihozlaydi
13:10

Endi kelin tushadigan xonadonni kuyov tomon jihozlaydi


Hozirda to‘y mavsumi ekanligi hech kimga sir emas. Shu kunlarda ana shunday marosimlar ko‘pligi bir tomondan kishini quvontiradi. Axir aytishadiku, “Tinch yurtga to‘ylar yarashadi”, deb. Masalaning boshqa tomonini ham o‘ylab ko‘rish maqsadga muvofiq nazarimizda, ya’ni to‘y-hashamlarni o‘tkazish tartibi bugun qanday? Kim to‘yga qancha sarflayapti? Qanday udumlar o‘tkazilyapti-yu qaysilarini o‘zlashtiryapti?

Albatta to‘y mavzusi o‘zbek millati uchun nozik masala, shu bilan birga dolzarb hamdir. Bu bo‘yicha bir necha yillardan buyon tinimsiz muhokamalar olib boriladi. Jumladan, 1998 yil 28 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan “To‘y-hashamlar, ilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risida”gi Farmonni imzolagan edi. Oradan qariyb 4 yil o‘tib, 2012 yilda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining shu ma’nodagi qarori e’lon qilingandi. Ana shu qarorda ham ayniqsa, Toshkent shahrida avj olib borayotgan dabdali to‘ylardagi kabi ortiqcha sarf-harajatlarni yo‘q qilish masalasi ko‘tarilgan.

To‘ylardagi yevropacha odatlar, “kelin navkar”, ortiqcha sarf-harajat talab etuvchi sarpolar, bundan tashqari, marosimdagi xonandalarning ishtiroki borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 3 avgust kuni ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi chog‘ida alohida to‘xtalib o‘tgandi.

“Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak.

Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi.

Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba’zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi.

Mana, Toshkentdagi to‘ylarda “kelinnavkar” degan yana bir balo chiqibdi. Nima emish, endi kelinning ota-onasi qiziga qo‘shib uning o‘nlab dugonalarini ham bir xil kiyintirishi, yasantirishi kerak ekan. Bunday bemaza qiliqlar qaerdan chiqyapti? Yoshlarimiz kimdan o‘rganyapti buni?”, deb savol berdi Prezident.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev to‘y-ma’raka ijtimoiy masala ekanligini inobatga olgan holda, Bosh vazir Abdulla Aripov hamda Bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyevaga bunday marosimlarni tartibga solish, ularni ixchamlashtirish borasida 1 oy muddat ichida Prezident qarori loyihasini tayyorlash vazifasini topshirdi.

7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlar Toshkent shahri hokimining 2017 yil 18 iyuldagi farmoyishiga ilova matni tarqaldi. Prezidentning ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvidan avval tasdiqlangan farmoyish nusxasi rasmiymi yoki yo‘qligi hozircha noma’lum. Ammo ilova matnida to‘y-hashamlar mavzusi ko‘tarilgan bo‘lib, bu borada bir qator takliflar, tavsiyalar berilgan va ular targ‘ib qilinishi lozimligi qayd etilgan.

Jumladan, ilova matnida keltirilishicha, to‘ylarga yoki boshqa katta marosimlarga taklif etiladigan mehmonlar soni 200-300 kishidan oshmasligi tavsiya etiladi. Bundan tashqari, yangi tug‘ilgan chaqaloq sharafiga o‘tkaziladigan barcha tadbirlar faqat yaqin qarindoshlar o‘rtasida tashkil etilishi qayd etildi. Bunda tug‘ruqxonadan ona va bolani olib chiqish marosimi sanitar normalarga rioya qilingan holda ortiqcha dabdasiz o‘tkazilishi, beshik to‘yi, o‘g‘il to‘yi, aqiqa kabi marosimlarni esa 20-30 kishidan iborat yaqin qarindoshlar davrasida ortiqcha sarf-harajat va tog‘oralarsiz tashkil etilishi tavsiya etilgan.

Shuningdek, hujjatda nikoh to‘yi marosimlarini o‘tkazish bo‘yicha alohida band ajratilgan bo‘lib, unda keltirilishicha, oqo‘rar, unashtiruv, fotiha kabi marosimlar birlashtirilib, bir marta tashkil etilishi ta’kidlangan. Kelin xonadonida o‘tkaziladigan to‘y oldi marosimida har ikki tarafdan 2-3 nafar, umumiy 4-6 kishi ishtirok etib, odatga ko‘ra patir sindiriladi va to‘y kuni belgilanadi.

Bugungi kunda ayrim oilalarning ajrashishlariga sabab bo‘layotgan kelin sepi – mebeli, gilamlari va jihozlari bo‘lg‘usi qaynonalar tomonidan talab qilinishiga chek qo‘yish lozim, deyiladi ilovada. Kelin tushadigan uyni jihozlash kuyov tomonidan amalga oshirilishi kerakligi targ‘ib qilinishi zarur.

To‘y oldidan kelin va kuyovga qilinadigan sarpolarga “Kelinchak odobi” va “Kuyovning oiladagi o‘rni” to‘g‘risida adabiyotlar qo‘shish tavsiya etildi. Aslida bunday adabiyotlarni bo‘lg‘usi kelin va kuyov to‘ydan avval o‘zlashtirishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ilovada “kuyov navkar” tadbiri to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tilgan. Unga ko‘ra, kuyov o‘zining bitta jo‘rasi bilan kelin uyiga kelib, FHDYo tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida sha’riy nikoh o‘qitishlari, keyin kelin va kuyov yanga hamda kuyovjo‘ra bilan birgalikda turli maskanlarga borib, esdalik uchun suratga tushishlari tavsiya etilgan.

To‘y marosimini restoranda o‘tkazish tartibi ham bayon etilgan. To‘y konsertga aylanmasligi g‘oyasi ilgari surilgan ilovada keltirilishicha, nikoh to‘ylari yoki boshqa marosimlarda ishtirok etuvchi xonandalarning odobi, kiyinish va sahna madaniyatiga qat’iy rioya etishlari lozim. Konsert-tomosha faoliyati huquqi uchun lisenziyaga ega bo‘lmagan ijodkorlar – xonandalar, raqqosalar, sozandalar, operatorlar va boshlovchilar aholiga xizmat ko‘rsatmasligi, buning oldini olish maqsadida aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish lozimligi qayd etildi.

Ramazon va Qurbon xayiti ayyomlarida kelinlarning ota-onalari yo‘qlov yuborishlari, shu kuni “kelin ko‘rish” bahonasida dasturxonga baho berish marosimi o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Toshkent shahar hokimining yangi farmoyishiga ko‘ra, endi kelin tomonidan yuboriladigan yo‘qlovlarga chek qo‘yiladi.

Yuqoridagi taklif va tartiblar juda o‘rinli bo‘lib, bu tartiblar faqat qog‘ozda qolib ketmasligiga umid qilamiz.

Durdona Rasulova


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Kelin, endi, tomon, xonadon, Kuyov, tushadigan, jihozlaydi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя