Главная » 2020 » Апрель » 13 » Eng qimmati AQShda. Koronavirusdan davolanish qanchaga tushadi?
19:06

Eng qimmati AQShda. Koronavirusdan davolanish qanchaga tushadi?


Butun dunyo buylab koronavirus yuqtirganlar soni 1,9 millionga yaqinlashdi. Dunyo mamlakatlari virusga qarshi kurash uchun juda katta pullar sarflamoqda, ammo hamma yerda ham muolajalar bepul yemas. Turli davlatlarda odamlar koronavirusdan davolanish uchun qancha pul sarflamoqda?

AQShda 6 kunga 75 ming dollar

Bu boradagi faktlarni hamma ham oshkor qilavermaydi. Ammo ba'zi manbalardan oz bo‘lsa-da ma'lumot topish mumkin. Masalan, AQShda narxlar juda baland. Okeanortida koronavirusga chalingan yengil bosqichdagilar davolanishni xohlasa, kamida 6 kun kasalxonada bo‘lishi kerak. Bu esa o‘rtacha 75 ming dollarga tushadi. Sug‘urtasi borlar ham 21-38 ming dollar atrofida to‘lashi kerak bo‘ladi. Og‘ir holatdagi bemor esa kamida 4 hafta davolanishi kerak va bu bemorga taxminan 300 ming dollarga tushadi. Sug‘urtasi bo‘lganlarga esa 150 ming dollarga.

Bilasiz, AQShda hech bir ish Kongress ishtirokisiz bitmaydi. Yaqinda Kongress koronavirus uchun test topshirishni bepul, davlat hisobidan amalga oshirishga ruxsat berdi. Shuningdek, hukumat uydan turib davolanish uchun maxsus koll-markazlar tashkil qilgan. U yerga telefon qilib bepul maslahat olish mumkin. AQSh televideniyesida esa maxsus telemeditsina xizmati paydo bo‘ldi. Bu ham bepul emas, bir marta maslahat olish uchun 34 dollar to‘lash kerak.

AQShda kasalxonada yotish qimmat bo‘lgani uchun odamlar uyda davolanishni ma'qul ko‘rmoqda. Shu sababli, karantin e'lon qilingan bo‘lsa-da, amerikaliklar uydan chiqmay qo‘yishdi. Chunki davolanish juda qimmat. Amerikaliklar «Davolanish uchun ko‘p pul sarflamaslikning yagona yo‘li – kasal bo‘lmaslik» deyishmoqda. 13 aprel holatiga ko‘ra, AQShda kasallanish holatlari soni 560 mingdan, vafot etganlar soni 22 mingdan oshdi.

Balki davolanish qimmatligi AQShda kasallanganlar va o‘lim soni ko‘pligining sabablaridan biridir. AQSh har qancha boy bo‘lmasin fuqarolarini bepul davolamaydi. Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda hukumat virusga chalinganlarni bepul davolamoqda. Balki shuning uchun odamlar hamon bemalol ko‘chada yurishgandir...

Albatta, AQShda puli yo‘qlar o‘lib ketaverarkanda, deb o‘ylash to‘g‘ri emas. Mamlakat inqiroz holatidan chiqib ketish uchun 2,2 trillion dollar pul ajratdi. Xususan, 130 milliard dollar tibbiyot sohasi uchun. Hukumat har bir ishini yo‘qotgan fuqaroning 3 oylik maoshini to‘lab berishni o‘z zimmasiga olib, yillik daromadi 99 ming dollardan kam bo‘lganlarga pul tarqatdi. Ijtimoiy himoya bu davlatda juda odilona yo‘lga qo‘yilgan. AQShda ham xayriya qiluvchilar juda ko‘p va hech kimi yo‘q odamlarga aynan xayriya mablag‘lari evaziga g‘amxo‘rlik qilinmoqda.

Rossiyada bepul

Mahalliy matbuot ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyada bemorlar bepul davolanmoqda. Yengil holatdagi bemorlarni davolash hukumatga bir kunga 60 ming rublga (816 dollar), o‘rta darajadagi bemorlarni davolash 140 ming rublga (1 904 dollar) tushayotan bo‘lsa, og‘ir avholdagi bemorlarni Rossiya hukumati kuniga 202 ming rubl (2 747 dollar) sarflab davolamoqda.

Rus nashrlarining yozishicha, 12 aprelgacha barcha xarajatlar mahalliy budjet hisobiga qilingan bo‘lsa, qolganiga kerakli pul mahalliy majburiy tibbiyot sug‘urtasi fondidan olinadi.

Ukrainada avvaliga barcha bemorlar bepul davolanayotgandi. Ammo keyinchalik faqat og‘ir va o‘rta og‘ir holatdagi bemorlar davlat hisobidan davolana boshlandi. Chunki og‘ir va o‘rta og‘irlikdagi bemorlar parvarishiga qimmat tibbiy vositalar ishlatiladi va oddiy ukrainalik bu xarajatni to‘lay olmaydi. Shu bois, barchasini davlat o‘z zimmasiga oladi. Ukrainada bir nafar bemorga kunlik o‘rtacha 50 dollar xarajat qilinayotgani aytildi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga olib boradigan og‘ir pnevmoniyadan davolanish uchun kamida 3,5 ming dollar ketishini ma'lum qilgan.

Polsha barcha bemorlar davlat hisobida davolanishini e'lon qilgan. Bu mamlakatda kasallanish holatlari soni 7 mingga yaqinlashgan.

Chexiyada ham koronavirusdan davolanib chiqayotganlar qo‘liga qandaydir chek tutqazilmagan. Ma'lum bo‘lishicha, Chexiyada sug‘urta korxonalari barcha xarajatlarni to‘lab bermoqda. Bu mamlakatda odamlar sug‘urtaga jiddiy qaraydi. Shuningdek, mustaqil ravishda davolangani uchun pul to‘lamoqchi bo‘lgan chexiyaliklar 800-6000 dollar atrofida pul to‘lamoqda.

Koronavirus testi qancha turadi?

Ko‘pchilikni bir savol o‘ylantiryapti: koronavirusga qanday test topshirish mumkin? Masalan, yaqinda Londondagi bir necha klinika pulli testlar o‘tkazgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Buyuk Britaniya poytaxtidagi klinikalardan birida 375 funt (434 dollar) evaziga test o‘tkazilgani rost bo‘lib chiqdi. Klinika bu qarorini himoya qilib, xarajatga yarasha narx belgilanganini ma'lum qildi. Shuningdek, bu klinika shifokorlarni bepul test qilayotganini aytgan.

Londondagi yana bir klinika o‘z saytida 120 funtdan koronavirus testi sotilayotgani haqida e'lon berdi. Ammo hozir bu kasalxona saytida testlar sotilmayapti, chunki hukumat odamlarni individual testlar to‘liq to‘g‘ri natija bermasligiga ishontirdi. Hozirda Britaniya kuniga 25 ming kishini bepul testdan o‘tkazmoqda.

Arzon testlar

Avstraliyadagi korxonalarda biri Xitoydan koronavirus testlarini Shveytsariya, Italiya va Eronga yetkazib berayotganini ma'lum qildi. Har bir test davlatlarga yetkazib berish xizmati bilan birga 12 dollarga tushmoqda. Bu testlar 95 foiz aniqlikda ishlasa-da, hali AQShda foydalanish mumkin bo‘lgan testlar qatoriga kiritilmagan. Britaniya esa bu testni ma'qullagan.

Bu arzon testlar asoschisi Milton Jou ular jismoniy shaxslarga sotilmasligini ma'lum qilgan: «Testlarni individual ishlatish oson, lekin biz ularni sog‘liqni saqlash sektorlariga yetkazib berishni ma'qul ko‘rdik». Testlar asoschisi ularni keragidan qimmatga sotish noinsoflik bo‘lishini aytdi.

Angliyada esa juda arzon test yaratildi. Lester universiteti akademiklari niqob ko‘rinishidagi test yaratishdi. Test topshirmoqchi bo‘lgan odam niqobni bir muddat taqadi va nafas yo‘llaridan kerakli moddalar niqobli testga yopishgach, tezda analiz natijasini bilish mumkin bo‘ladi. Bunday testlar atigi 2 funt turadi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Koronavirusdan davolanish, qanchaga tushadi, Eng qimmati, AQSH | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя