Главная » 2017 » Июль » 12 » Erim puli ko‘paygach, o‘zgarib qoldi...
21:52

Erim puli ko‘paygach, o‘zgarib qoldi...


“Yoshim qirq beshda. Uch farzandning onasiman, bir qizimni turmushga uzatganman. Erimning ishlari 2-3 yil oldin yurishib ketdi, topish-tutishi yaxshilandi. Puli ko‘paygach, u o‘zgarib qoldi. Ichadigan odat chiqardi, hali ishxonasidagilar bilan, hali chet eldan kelgan mehmonlar bilan otamlashib, uyga mast bo‘lib keladi. Menga ham munosabati sovuqlashgan. Bir kuni telegramiga «Yaxshi yetib oldingizmi?» degan xabar keldi. Men ham xabar egasi kimligini bilish uchun «Rasmingizni yuboring», deya yozib yubordim. U tomon esa «Hozirgina ko‘rdingiz-ku» deya xabar jo‘natdi. Ko‘nglimga shubha oralab, raqam egasi kimligini xo‘jayinimdan surishtirsam, «Tanimayman, adashgan», deb turib oldi. Ertasiga o‘sha ayolga oilali erkakni tinch qo‘yishini ta’kidlab «SMS» yubordim. Puli ko‘p erkak qiz-juvonlarga ilakishib qolarkan-da. O‘tgan hafta erimning telefonda ayol kishi bilan juda maromiga yetkazib gaplashayotganining ustidan chiqib qoldim. Jim turolmadim, janjalimizning oxiri uning «Bor, ketaver, hoziroq boshqasiga uylanib olaman», deyishi bilan tugadi. Qizimni olib, ikkinchi uyimizga ketib qoldim.
 

Endi nima qilishni bilmayapman. Erimning rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, xodimini tartibga chaqirib qo‘yishini so‘rasammikan? Axir xiyonatga chidolmayman. To‘yimizdan avval «Ursangiz ham, so‘ksangiz ham mayli, faqat ustimga yurmang», deya shart qo‘ygandim. Va’dasida turmadi bevafo. Erimning avvalgi ahvoliga qaytishi uchun qanday yo‘l tutishim kerak?”

Sojida, Samarqand shahri

Pul har qanday odamga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Bu ta’sir salbiy bo‘lsa, albatta, oqibat ham shunga yarasha bo‘y ko‘rsatadi. Er kishi bir-ikki so‘m ko‘p topa boshlagach, so‘l yo‘llarga oralay boshlasa, kibrga berilib o‘zidan ketib qolsa, ayol kishi qanday munosabat bildirishi kerak? Bugun murojaat egasining savolini tahlil qilish orqali mavzu yuzasidan mulohaza yuritamiz. Mutaxassis — ruhshunos Barno ILHOMOVA.

Erkakning topish-tutishi yaxshilangach...

O‘zgarishi rost. Umuman, erkakmi-ayolmi, moddiy imkoniyatlari kengaygach, o‘zgaradi, kishining o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham oshadi. Ayniqsa, erkaklarni pul ancha tepaga ko‘taradi. Kimningdir oyog‘i yerdan uziladi, kimlardir yanada oqillashib, oilaparvarga aylanadi. Xo‘sh, nega ayrim erkaklar bir-ikki so‘m ko‘p topa boshlagach, bosar-tusarini bilmay qoladi. Sabablar asosan quyidagicha bo‘lishi mumkin: foto: boyvachcha yigitlar davrasi

A. Kamchiqimroq, qo‘li kaltaroq oilada o‘sgan va doim o‘zidan boyroq do‘stlari, oshnalari, qarindoshlari oldida armonli vaziyatlarga duch kelgan. Natijada ichida alam paydo bo‘lgan: «Bir kun boyib ketsam, hammaga ko‘rsatib qo‘yaman...»

B. Onasi tomonidan yerga urilgan, doim kamsitilgan o‘g‘il bolalar ham ulg‘ayib, qo‘li cho‘zgan joyiga yeta boshlagach, bolalikdagi alamlarini xotinidan oladi. foto: 7 yoshli bola onasi urishayapti

V. Ayol kishi eridan pul topmaganida ham norozi bo‘lgani, hozir hamma narsani badastir qilib qo‘yganida ham minnatdorchilik bildirmasligi erkakning xatti-harakatlariga ta’sirini o‘tkazadi.

Alamzadalik, o‘zini hamma narsaga qodir sanash oqibatida erkak nafsning quliga aylanib qolishi hech gapmas. Chunki pulga faqat tananing ehtiyojlarini qondiruvchi bir vosita sifatida qarash boshlandimi, istaklar chegara bilmay qoladi. Ko‘ngil yana-yana nimalarnidir tusay boshlaydi. foto: qo‘lida ko‘p pul ushlab turgan erkak

Ba’zi toifa erkaklar ichkilikka ruju’ qo‘yadi. «Ichmasa ish bitmaydi», «Falonchining hurmati uchun ichmasam bo‘lmasdi» kabi bahonalar bilan qittay-qittay qilishni odat tusiga aylantiradi. Ko‘pchilik erkaklarning ichishiga esa uni qiynayotgan, yechimini topa olmayotgan muammosi, kimgadir ayta olmayotgan dardi ham sabab bo‘ladi. Pulning yetarliligi esa shu dardni unutish uchun imkon beradi. Bu o‘rinda, erkakning irodasi va o‘z hayotiy tamoyillariga egaligida gap ko‘p.

«Xotin»ni ko‘paytirmasligi uchun...

Necha yillik oilasidan voz kechib, darrov boshqasiga uylanib olish fikri erkakning xayoliga kelishi ham nafsning yo‘liga yurishning dalolati. Er ochiq-oydin tiliga shu istagini ko‘chirdimi, ayol sergak tortishi kerak.

1. Qaltis harakatlardan saqlaning. Janjal ko‘tarish, har ikki gapning birida «Pul topib, o‘zgarib qoldingiz» deya iddao qilish, uydan ketib qolish, boshlig‘i yoki biror undan yuqori turuvchi shaxsga aytib, tanobini torttirib qo‘yish — bular bari faqat va faqat zararingizga ishlaydi. Eringizning sovigan munosabatini muzlatsa-muzlatadiki, isitmaydi.

2. Shubhaning ortidan quvmang. Erkak ko‘proq pul topish uchun ko‘proq ishlaydi, do‘st-og‘aynisi ko‘payadi, kutilmagan ishlari, tadbirlari chiqib qoladi. «Puli ko‘payib, boshqasini topib olgan bo‘lsa-chi?» deya behuda rashkka berilib, ishdan charchab kelgan eringizning hadeb tergov qilavermang.

3. Hamma gap boylikda deb adashmang. Eringiz moddiy imkoniyatlari kengaygach, begona ayolga ilakishib qoldi, deylik. Xo‘sh, gap faqat ortiqcha topilayotgan puldami? U nega mehnat qilib topganini ko‘chadagi kimgadir sarflayapti? Bilasizmi, erkaklar psixologiyasining o‘ziga xos tomoni shundaki, ular doim e’tirof eshitish uchun dovon oshishadi. Ko‘chadan uyga nimadir ko‘tarib kelganida ayoli xursand bo‘lib, minnatdorchilik bildirib, uni maqtab qabul qilganidan ilhomlanadi. Yana-yana harakat qiladi. Agar xotini uning harakatlarini munosib baholay olmasa, rag‘batlantirmasa, maqtovga, olqishga bo‘lgan ehtiyojini boshqalar orqali qondirish payiga tushadi.

4. Eringizga mos bo‘ling. Hech bir erkak arzon ayolni yoqtirmaydi. Hammasi (albatta, johil bo‘lmaganlari) yaxshi pul topishni, ayolining ko‘nglini olishni, rafiqasi doim chiroyli ko‘rinishda bo‘lishini istashadi. Sababi, unga ayolining yurish-turishiga qarab baho beriladi. Turmush o‘rtog‘ingizning qo‘li uzayib qolgach, injiqliklari, talablari ortgani kundek ravshan, endi u bir paytlardagidek ko‘ylagini o‘zi dazmollab ketmaydi. Kiyim javonda hamma kiyimlari taxt bo‘lib turishi kerak. Ovqatning sarasini, sharoitning zo‘rini istaydi. Siz-chi? Siz ham unga qo‘shilib o‘zgardingizmi? Yoki «Menga shu ham bo‘laveradi» qabilida o‘zingizga yaxshi narsalarni ravo ko‘rmasdan yuribsizmi? O‘sha-o‘sha tashqi ko‘rinishingizdan charchagan eringizning ko‘zlari olma-kesak terib qolmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. O‘ziga sizni mos ko‘rolmay ham tirnog‘ingiz ostidan kir qidira boshlaydi. Shunday ekan, u bilan teng rivojlaning. Toki yoringizning yagona ilhom parisi siz bo‘ling.

5. Uddaburonlikda gap ko‘p. Odatda, qo‘l ko‘p pulni ko‘rganida, ularni qaerga sarflashni bilmay kishi shoshib qoladi. Uyda ayol bu borada uddaburon bo‘lmasa, ko‘chada o‘z manfaatini ko‘zlaydiganlar yetarlicha topiladi. Ma’lumki, erkaklar ayol kishiga qaraganda ko‘ngli ham, qo‘li ham ochiqroq bo‘lishadi. Pul sarflab, o‘zini zo‘r his qiladigan joy topildimi, topganini uygamas, ko‘ngilxushlikka ishlata boshlaydi. Ichkilik, har kuni oshnalar bilan choyxona, begona ayollar paydo bo‘ladi hayotida. Ayol kishi bu vaziyatda oqillik va ayyorlik bilan ishi ko‘rishi lozim. Turmush o‘rtog‘ingiz biror joyga borib, ovqatlanib kelishni taklif qilayaptimi, «Yo‘q, shu pulga besh kilo go‘sht olsak, bir oy yeymiz», deya taklifini rad etmang. Uning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga zarba berasiz bu bilan. Egri yo‘llarga yurishni boshladimi, vaziyatni qo‘lga oling-da, uning kibrlantirayotgan pulni boshqa joyga yo‘naltiring. O‘quv kurslariga boring, mashina boshqarishni o‘rganing, mashinali bo‘lib oling, bolalarni to‘garaklarga bering, o‘z biznesingizni yo‘lga qo‘ying, uy-joyingizni tartibga keltiring — xullas, imkoniyatdan to‘g‘ri foydalaning. Eringizning ortidan poyloqchilik qilguncha foydali nimadir bilan shug‘ullansangiz, ham turmush o‘rtog‘ingizni sergaklantirasiz (qarasa, o‘ziga ishonchingiz bor, harakatdagi ayolsiz), ham yangi immkoniyatlar eshigini ochib, kelajagingizni ta’minlab qo‘yasiz.

6. Shukr qilishni biling. Ayollarning «Bundan ko‘ra pul topmagani yaxshi edi» degan gaplari ham quloqqa chalinadi. Bu — noshukrlik. Kishi boriga shukr qilib, yo‘g‘iga sabr aylasa, farovon hayot kechiradi.

Murojaatga qaytib...

Sojida, maqsadingiz nima: oilani asrab qolishmi yoki turmush o‘rtog‘ingizni oldingi holiga qaytarish? Bu ikkalasi boshqa-boshqa tushunchalar.

Eringizning avvalgidek bo‘lishini istashingiz «Oltin baliq» ertagining yakunini eslatadi. Aslida, buning iloji yo‘q. Chunki oradan yillar o‘tgan, uning yoshi ulg‘aygan, tajribasi oshgan, imkoniyatlari kengaygan. Endi u oldingi turmush o‘rtog‘ingiz emas. Uni avvalgi holiga qaytarish fikridan voz kechib, egri yo‘ldan qaytarish haqida bosh qotiring. Avvalo, buning uchun darrov uyga qaytishingiz kerak. Bolalaringiz uchun ham bu muhim. Oilani asrab qolish niyatingiz bormi, yuqoridagi tavsiyalar asosida rejalar tuzib chiqing va harakatni boshlang.

O‘zingizga bo‘lgan ishonchingizni oshiring. Avvalboshdan «Ursangiz ham, so‘ksangiz ham mayli», deya xo‘rlanishga ruxsat bergansiz. Va o‘zingizcha «Xiyonat qilmaydi» deya kelajagingizni dasturlashtirib olgansiz. Peshana, taqdir degan gaplar borligini tan oling. Bu hayot, unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Taqdirning sinovlari insonga o‘zini yo‘qotib qo‘yishi uchunmas, yuksalishi, saboq chiqarishi uchun beriladi.

Beklar, gunohdan saqlaning

Haromni haloldan, zararni foydadan, yaxshini yomondan ajrata biling. Boyligingiz milliy, diniy, ma’naviy qadiriyatlarimizga soya solayotgan ekan, ko‘zingizni oching. Cho‘ntagi qappayganda oilasidan yuz o‘girgan yoki xotinini xo‘rlaganlar, oxiri jazosini tortib, pushaymon o‘tida yonganiga ko‘hna dunyo ko‘p bora guvoh bo‘lgan. Biringiz ikki bo‘lishi, topganingizning barakasi uchmasligi, boshga qo‘ngan omad qushi uchib ketmasligi uchun, keksayganda o‘z oilangiz bag‘rida qarilik gashtini surish uchun ham haromdan tiyiling. Yoshlik ham, boylik ham o‘tkinchi, axir.


Manba: "darakchi.uz"

Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: Sevgi dunyosi | | Теги: Pul, Er-xotin, Erkak, Ayol, munosabat | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя