Главная » 2016 » Октябрь » 26 » Erimni hech kimga berib qo‘ymayman!
12:06

Erimni hech kimga berib qo‘ymayman!


Sadoqatli umr yo‘ldoshingizni vafodorligiga shubha bilan qaray boshladingizmi?! To‘xtang, biroz tin oling! Aql, ayollarga xos donolik, joziba va qadr-qimmatingizni yordamga chaqiring! Va ular bilan birga jangga shaylaning! Ana, endi OLG‘A-A-AAAAA!!!

 Bu muammodan hech kim sug‘urtalanmagan!

Biz hammamiz Yer sayyorasida, bir osmon ostida yashaymiz. Demakki, barchamizning muammolarimiz ham deyarli bir xil. Faqatgina har birimiz ularga turlicha yondashamiz. Masalan, stakanga ozgina suv solib, atrofingizdagi insonlarga ko‘rsatsangiz, ayrimlar uni yarmi bo‘shagan deb ta’rif bersa, boshqalari esa stakandagi suv yarmiga to‘la ekanligini isbotlashga tushishadi. Men o‘zimni ana shu ikkinchi toifadagi insonlar safiga kiratardim. Hayotimda neki yuz bermasin, hammasini yaxshilikka yo‘yishga intilardim. G‘am-tashvish neligini bilmay yashardim. Oilaviy hayotimdan rohatlanib, bolamning tarbiyasi bilan band edim. Kutilmaganda... bir kuni... hammasi ostun-ustun bo‘lib ketdi...

 Gumonga do‘st tutinmang!

Qalbimning tub-tubidagi ichki ovozim men bilan suhbatga kirishdi, aniqrog‘i bor ovozda baqirishni boshladi:

— Eringga e’tibor berib qarasang-chi! Axir, unga nimadir bo‘lgan!?

Biroq sevimli turmush o‘rtog‘imga bor kuchimni to‘plab, sinchiklab qarasam-da, ochig‘i, pichoqqa ilinarli biror-bir narsa topolmasdim. To‘g‘ri, men tomonga kamroq qaraydigan bo‘lgan, kun davomida faqatgina majburiyat yuzasidan qo‘ng‘iroq qiladi, «SMS» yozishni esa butunlay unutib yuborganini tan olmay ilojim yo‘q. Lekin bularning barchasiga qarshi yaxshigina asosim bor, biz to‘rtinchi yil birga yashayapmiz axir! Xotinidan ko‘ngli to‘q bo‘ladi-da!

Biroq bu qurmag‘ur ichki ovozni hech to‘xtatib bo‘lmas ekan-da, baqirishiga ahamiyat bermaganimni ko‘rib, endi sekingina pichir-pichir qilishni boshladi:

— Yo‘-o‘-o‘-q, baribir bu yerda bir gap bor. Kiyimlari, mashinasini yaxshilab hidlab ko‘rdingmi, begona atirning isi yo‘qmi?

— Hech qanday hid yo‘q.

— Ko‘ylagining yoqasi-chi, u yerda «pomada»ning izi bordirov...

— Top-toza, hech qanday dog‘ yo‘q. Undan keyin erimga lab bo‘yog‘i surkalgan lablar yoqmasligini o‘zing ham yaxshi bilasan!

— HA! Qara, oppoq sviterining ustida qop-qora uzun soch osilib turgandir?! Adashmasam, ikki hafta ilgari sochingni «karamel»ga bo‘yab, kare qilib kestirganding-a-a-a?! Bu sening soch tolang emasligi aniq!

— Ha... ko‘rdim... Menimcha, biroz oshirib yuborayapsan!

 

Ochiqchasiga gaplashib olamiz!

Ishlar men o‘ylaganimdan ham jiddiylashib borgani sari, o‘zimni qo‘yishga joy topa olmasdim. Oiladagi har qanday muammoni turmush o‘rtog‘im ikkimiz tinch yo‘l bilan hal qilishga o‘rganganimiz uchun u bilan ochiqchasiga, yakkama-yakka gaplashib olishga ahd qildim. Bu suhbatimizga farzandim, qaynonam va ovsin-ajinlarim guvoh bo‘lishini aslo istamasdim. Shuning uchun ikkimiz ham ishga ketayotganimizda mashinada gaplashishga qaror qildim. Imkon qadar ovozimni balandmaslikka harakat qilardim. Ich-ichimdan yonayotgan bo‘lsam-da, buni tashqariga chiqarmaslikka harakat qilardim. Xuddiki, gaplashayotgan mavzuimiz meni zarracha ham tashvishga solmaydigandek (Qaniydi, aslida ham shunday bo‘lsa...).

Avvaliga erim oilaviy xotirjamlikni qadrlovchi oila boshlig‘i sifatida aytib o‘tgan shubhalarimni birma-bir inkor eta boshladi. Biroq suhbatning so‘ngida aytgan gaplari qilgan ishini tan olish bilan birga oilasini qadrlashini ham ko‘rsatdi. Mashinasida har ehtimolga qarshi bolalarga kerak bo‘lib qolar deya, plastik stakanlarni olib yuradigan erim ulardan birini qo‘liga olib:

— Ko‘rayapsanmi, bu oddiygina yelim buyum — deya gap boshladi, — uni osongina g‘ijimlashim yoki ikkilanmay axlatga tashlab yuborishim mumkin. Chunki har qadamda bunday stakanni sotib olishga imkonim bor.

Men uning gaplarining ma’nosini anglolmay, asabiylashishni boshlagandim. Stakanning bu muammoga nima aloqasi bor ekan?!

— Ana u yerda bo‘lsa, — yo‘lning chetidagi bogem chinnilari sotiladigan do‘konni ko‘rsatib, — asl chinni buyum bor. U har kimga ham nasib qilavermaydi. Men ana shunday chinni idishni hech narsaga alishmayman, asrab-avaylayman. Chunki u men uchun qadrli bo‘ladi! — deya so‘zini yakunladi jufti halolim.

Quvonchimni ichimga sig‘dira olmasdim. Odatda, erkaklar umrining so‘ngiga borib, ayolining qadriga yetadi deyishardi. Buni qarangki, turmush o‘rtog‘im rafiqasining qadr-qimmatini yosh bo‘lsa-da, yaxshi bilarkan! Jahl va alamning hovuri pasaydi, bu gaplardan so‘ng unga bo‘lgan mehrim yanada oshdi.

 Agar bu bir marotabalik bo‘lmasa-chi...

Inson har doim eng mushkul vaziyatga ham tayyor turishi lozim. Erimning bu gaplari menga ikki oygina taskin bo‘lib berdi, undan so‘ng o‘sha menga yelim stakan deya tanishtirilgan ma’shuqa farzandimning otasiga «yelim»dek yopishib olganini tushundim. Ko‘z bilan ko‘rmagan va qo‘l bilan ushlamagan raqibamga qarshi olib borgan ko‘r-ko‘rona jang deyarli yarim yildan ko‘proqqa cho‘zildi. Bu uzoq davom etgan urush natijasida mening o‘zim anchagina yo‘qotishlarni boshimdan kechirganim ham rost. Ochig‘i, ular haqida hozir gapirishni istamasdim. Yaxshisi, natijani aytib qo‘ya qolaman. Erimga zulukdek yopishgan ayol endi boshqa birovning sho‘rini quritayotganini bilaman, erimdan nari bo‘lganiga ham, behad shukurlar bo‘lsinki,  ikki oydan oshdi. Odamlarga ham hayronsan, yangi oilalar barpo bo‘ladigan maskanda, baxtli oilalarning quvonchiga rahna soladigan ayollar ishlar ekan.

Turmush o‘rtog‘ingiz necha-necha qizlar orasidan el-yurtga to‘y berib, Allohning kalomini tilga olib sizni rafiqalikka, farzandalariga onalikka tanlabdimi, siz u uchun doim yagonasiz! Ishoning, hammasi yaxshi bo‘ladi!

Erining YaGONASI


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: Er-xotin, hech kimga bermayman, Ayol, munosabat, Erkak, yagonasi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя