Главная » 2017 » Август » 8 » «Erimning yoshi menikidan kichik…» yoxud muhabbat yosh tanlaydimi?
12:06

«Erimning yoshi menikidan kichik…» yoxud muhabbat yosh tanlaydimi?


Sir emas, bizda kelinlikka saylangan qizning eng avvalo yoshi so‘raladi. Iloji boricha u yigitdan 4-5 yosh kichikroq bo‘lishi ma’qul ko‘riladi. Ammo... Globallashuv degani oilani ham chetlab o‘tmadi. Bizning «oila aslida mana bunday bo‘lishi kerak» degan standart-namuna, balki qadriyatlarimiz ko‘z o‘ngimizda o‘zgarib, boshqacha mohiyat kasb etayapti. Bugun ayoli «bek», begi «uy bekasi» bo‘layotgan oilalar yo‘q emas. Avvalgilari jimgina peshanasiga bitganini kutib o‘tirgan bo‘lsa, hozirgilari — o‘zi yigit tanlayotgan qizlar odamlarni ko‘pam ajablantirmay qo‘ydi. Ayniqsa, xotini eridan ancha katta bo‘lgan juftliklar rus primadonnasi Alla Pugachyovadan keyin (darvoqe, o‘zimizning yulduzlar orasida ham bunday ajoyib juftliklar kamyob emas) umuman ohanrabosini yo‘qotdi. Buni qarangki, bizning jamiyatda ham bunday oilalar bisyor. Keling, o‘zim tanigan-bilganlarimdan 3 ta voqeiy hikoya aytay...

Mohira+Sarvar

Yoshdagi farq 9 yil. Ikki yildan buyon birga.

Bu juftlik xuddi Anna Karenina Vronskiy bilan vokzalda uchrashgandek yo‘lda tanishib qolishgan. Uzoq yo‘lda yaxshi sherik baayni Hizrdek gap. Ikkovi turish-turmushidan so‘z ochib, ko‘ngil yozdilar. Mohiraning o‘sha payt eri, ikki nafar farzandi bor, yigit esa endigina institutdagi tahsilini boshlagan chog‘i edi. Juvon Qo‘qondan Toshkentga chopon, maxsi-kalish olib kelib sotar, eri tushmagur bu payt uy qorovullab o‘tirardi. Bunga u hamisha kasalligini ro‘kach qilardi. Mohiraning erida psoriaz nomli teri kasalligi bo‘lib, xastalik huruj qilgan payti ko‘ziga na ayoli, na bolalari ko‘rinar, katta janjal ko‘tarib, uydagi bor buyumlarni sindirar, Mohirani do‘pposlar, shu yo‘l bilan alamini olardi. Oxiri bo‘lmadi: institutni bitirgan bo‘lishiga qaramay, Mohira farzandlarini birovdan kam qilmaslik, jilla qursa shu erkakning qiynoqlaridan qutulish maqsadida o‘zini savdoga urgan edi. Sarvarning ham taqdiri qiziq chiqib qoldi: u tug‘ilganida ota-onasi ajrashib ketib, bolani ota tomonidan buvisi boqib oladi. Bola «ikki tomning kaptaridek» katta bo‘ladi. Ammo har ikki tomonning ham o‘z oilasi va bolalari paydo bo‘lgach, yigitcha hech kimga kerak bo‘lmay qoladi. Taqdir Sarvarni poytaxtda o‘qish baxtiga muyassar qilgan edi. Bundan keyingi voqealar ham Tolstoyning romanidagi singari davom etdi. Yigit Mohiraning ko‘ngliga yo‘l topish maqsadida qo‘lidan kelganini qildi, bolalariga ham mehr ko‘rsatdi. Buvi ham ko‘pam qarshilik qilmadi, nabirasining Toshkentdek joyda o‘qishining o‘zi bo‘ladimi?! Bundan tashqari, bir umr ko‘ngli o‘ksidi, degan andishaga bor edi: «Agar sen shu ayolni tanlagan bo‘lsang, ixtiyor o‘zingda» deb, kichikroq to‘y qilib berdi. Mohira esa bolalari uchun o‘zini qurbon qilgisi kelmadi, farzandlari uchun ham shu yo‘l to‘g‘ri bo‘ladi, deb hisobladi. Ammo... bu juftlikni u yer, bu yerda uchratib qolsam, ular er-xotin emas, ko‘proq opa-ukani eslatadi. Mohira uni tarbiyalashda davom etgani-etgan, Sarvar esa buni or deb bilmaydi.

Tamara+Komil.

Yoshdagi farq 12 yil. To‘rt yildan buyon birga.

Tamara va Komilning muhabbat qissasi «Ishdagi ishq» filmidagi singari ular ishlaydigan bankda boshlandi. Tamara bu yerda bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlar, rahbari unga yaqin tanishining erka o‘g‘lini ishonib topshirgandi. Yigit iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi bo‘lib, rahbar aytganchalik tantiq chiqmadi. Ishga kirishib, asta-sekin bank ishini ipidan ignasigacha o‘rganib oldi. Erkak sifatida Tamaraning ba’zi injiq talablarini bajarishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan odat chiqardi. Shunday mayda tortishuvlardan birida yigit to‘nini teskari kiyib, ishdan bo‘shash haqida ariza yozib kirdi. Shundagina Tamara bu yigitni sevib qolgani, mabodo ishdan ketsa, undan ayrilib qolishi mumkinligini angladi. Angladi-yu ayollik tabiati ishga tushib, yigitni mahv etdi. Bu paytda Tamaraning 1 nafar farzandi bo‘lib, uni yolg‘iz boshi bilan o‘stirib, uyli-joyli qilgan edi. Komilning onasi vafot etgandi, yurtma-yurt kezadigan biznesmen otasiga esa o‘g‘lining o‘zidan ancha yoshi katta juvonga uylanish niyati g‘alati tuyulmadi. Shunday qilib, ular katta to‘y qilib, munosabatlarini rasmiylashtirib olishdi. Xorijdan asal oyidan qaytgan Tamara naq 10-15 yoshga yosharganday bo‘ldi, Komilga farzand kutayotganlarini aytganida xuddi yangi kelinchaklardek uyalib, yerga qaradi. Xullas, Komil o‘z firmasini ochib, yirik sarmoyadorga aylandi. Yaqinda ularni istirohat bog‘ida ko‘rib qoldim: qizchasini yetaklab olgan ushbu juftlik nihoyatda baxtiyor. Ularning o‘zaro gap-so‘zlariga quloq tutsangiz, Komil oilaning haqiqiy boshlig‘iga aylanganini sezish qiyin bo‘lmaydi. Ammo men Tamarani anchadan buyon taniyman: u kuchsiz, bo‘ysinuvchan ayol emas, lekin Komilning unga buyruq berishi yoqadi, o‘z orzusidagi navqiron yigit uning yori ekanidan faxrlanadi.

Zamira+Ozod.

Yoshdagi farq 14 yil. 10 yildan buyon birga.

Bu oilaning taqdiri biroz chigalroq, shunday bo‘lsa-da, ular hamon birga. Zamira 3 karra turmushga chiqdi, ammo farzandli bo‘lavermagach, ajrashaverdi. Shunday qilib, 36 yoshga kirdi. Bu yillar davomida ozmi-ko‘pmi ishladi, topganini yig‘ib-jamg‘arib uy oldi. Bir kuni u ishlaydigan shifoxonaga Ozod ismli yigitni olib kelishdi. Zamira uni davolovchi shifokor sifatida gaplashib yurib, ikki notavon qalb birlashdi. Ozod uzoqroq qishloqdan kelgan ekan, oilasida 12 nafar farzandning kenjasi bo‘lsa-da, ota-onasi vafot etib ketgani uchun uni uyli-joyli qilish tashvishini bo‘yniga oladigan mardroq aka topilmabdi. Bir hovlida shundoq ham sakkiz kelin yashagani uchun saflariga yana bitta ovsin qo‘shilishidan yangalari ham manfaatdor emasdi-da! Shunday qilib, ular nikohdan o‘tib, birga yashay boshlashdi. Zamiraning ota-onasi Ozodning ichkuyov bo‘lishiga qarshi chiqishdi. Buning ustiga juda yosh bo‘lgani uchun 2-3 yildan so‘ng u ham tashlab ketishini uqtiraverib charchashdi. Ammo tez orada Zamiraning homiladorligini eshitib, taqdirga tan berishdi. Zamira 37 va 40 yoshida bir qiz, bir o‘g‘illik bo‘ldi. Ozodning asta-sekin kosasi oqara boshlagach, Zamira uning yosh-yosh qizlar bilan uchrashib yurgani eshitdi. Ijaraga uy olib, o‘zi erini uylantirib qo‘ydi. Ammo 1 oydan keyin Ozod yana ko‘z ochib ko‘rgani — Zamiraning yoniga qaytdi. Shu-shu ular bir oila bo‘lib yashayapti. Bu oilani ancha yildan buyon taniyman. Ozod tayinli ishda ishlamaydi, moliyaviy va moddiy manfaat, farzandlari borligi uni Zamira bilan yashashga undaydi. Zamiraning yoshi esa 50 ga yaqinlashib qoldi. U erini yo‘qotishdan aslo qo‘rqmaydi. Chunki endi uning hayotiga mazmun beradigan ikki qorako‘zi bor.

Bunday oilalar mustahkam bo‘la oladimi?

To‘g‘risi, bu savolga javob berish mushkul. Ammo to‘liqsiz oila bo‘lgandan ko‘ra yosh tafovuti bo‘lsa-da, shunday oila bo‘lib yashagan ma’qulroqmasmi?! Mazkur oilalarning mustahkamlanib borishiga xizmat qiladigan va aksincha, to‘siq bo‘ladigan «+» va «-»lar bor.

Plyuslari: er-xotinning har ikkalasi uchun garmoniya. Chunki mutaxassislarning fikricha, yosh yigitchani egallagan ehtiros ayollarda 30-35 yoshda ko‘proq kuzatiladi. Ayol umrining «ikkinchi bahori» boshlanadi. Chunki u yonidagi yosh yigitdan qari ko‘rinmaslik uchun bor qobiliyatini ishga soladi. Er uchun esa mazmunli suhbatlar, yonida uni har qanday holatda tushuna oladigan inson, maslahatgo‘yi bo‘lishi oilaga bog‘lab turadi.

Minuslari: 35, 40 va 45 yoshlarda ayol o‘zidan ancha yosh ko‘rinishi uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘lishi mumkin. Ammo keyingi yillar baribir o‘zini namoyon qiladi: ayol semira boshlaydi, yuzdagi ajinlarni yashirishning imkoni kamayadi. Yigitda esa o‘rta yosh inqirozi boshlanadi. Ana shunday vaziyatda xiyonat, oilaviy ziddiyatlar ko‘payishi mumkin.

Ayolning yoshi katta va ko‘pincha o‘z farzandlari borligi uchun yana ona bo‘lishga ko‘pam oshiqmaydi. Erkak esa munosabatlar barqarorlashgach, ota bo‘lishni istab qoladi. Ammo tabiat uning bu istagini ro‘yobga chiqarish uchun imkon bermasligi mumkin.

Yana bir masala moliyaviy jihat bilan bog‘liq. Yoshi kattaroq ayol avvaliga oilani boqishni o‘z zimmasiga oladi. Agar erkak maqsadli bo‘lib, moliyaviy tengsizlik o‘z-o‘zini rivojlantirish, ko‘proq ishlashga yo‘naltirsa yaxshi. Biroq ko‘p hollarda bo‘sh-bayov, o‘z ayoli timsolida onasini tasavvur qiladigan yigitlar uy begi bo‘lib qolishi ehtimoli bor.

Dilnoza UMAROVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Er-Xotin, Turmush psixologiyasi | | Теги: Muhabbat, Er-xotin, er, Yosh | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя