Главная » 2020 » Июнь » 14 » Ertadan nima mumkinu nimalarga cheklov bor? To‘liq ro‘yxat bilan tanishing
23:38

Ertadan nima mumkinu nimalarga cheklov bor? To‘liq ro‘yxat bilan tanishing


Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan O‘zbekistonda karantin cheklovlari 15 iyundan 1 avgustga qadar uzaytirildi va bir qator cheklovlar olib tashlandi. 

Xo‘sh, ertadan nimalar mumkinu nimalarga hamon cheklovlar saqlanib qolyapti? Quyida shularni elakdan o‘tkazamiz. 

Eng asosiy yangiliklardan biri – ertadan “yashil” va “sariq” hududlarda umumiy ovqatlanish ob’ektlari faoliyatiga ruxsat beriladi.

Shu bilan bir qatorda umumiy ovqatlanish ob’ektlari faoliyatini tashkil etishga qo‘yiladigan asosiy talablar sifatida quyidagilar belgilab qo‘yildi:

•    banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik;

•    faoliyatini 8:00 dan 23:00 ga qadar tashkil etish;

•    stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta’minlash; 

•    bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan bir oila a’zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish; 

•    xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi; 

•    har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash.

Bolani bog‘lab boqayotganlar bormi? Ular uchun yaxshi yangilik. Novdavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat beriladi

15 iyundan boshlab “yashil” va “sariq” hududlarda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berilgan bo‘lib, bunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mashg‘ulotlarni 15 kishidan ortiq bo‘lmagan guruhlarda tashkil etish to‘g‘risidagi cheklov bekor qilindi.

Bunda:

•    maktabgacha ta’lim tashkilotlari binolarini doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlash;

•    xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi; 

•    tana harorati 37°S va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodim va tarbiyalanuvchilarning mashg‘ulotlarga kiritmaslik choralarini ko‘rish talab etiladi.

Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan karantin cheklovlariga qat’iy rioya etilishi bo‘yicha mas’uliyat maktabgacha ta’lim tashkiloti ma’muriyati hamda tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar zimmasiga birdek yuklatiladi.

“Yashil” va “sariq” hududlarda buyum bozorlari faoliyatiga ruxsat beriladi.

Bunda: 

•    buyum bozorlari doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi;

•    ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlanishi;

•    sotuvchilar va xaridorlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi; 

•    har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37°S va undan yuqori bo‘lgan, infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan  hollarda buyum bozorlari hududiga kiritmaslik choralarini ko‘rish talab etiladi.

 “Yashil” va “sariq” hududlarda hududlar o‘rtasidagi avtobus qatnovlariga ruxsat beriladi.

Bunda tashuvchilar faoliyati quyidagi talablardan kelib chiqqan holda tashkil etiladi:

•    transport vositasini yakuniy yo‘nalish nuqtasida dezinfeksiya qilish;

•    avtobus saloniga faqatgina tibbiy niqoblardagi yo‘lovchilarni kiritish; 

•    haydovchilarni tibbiy qo‘lqop va tibbiy niqoblar bilan ta’minlash hamda ularning muntazam ravishda o‘z vaqtida almashtirib borilishi choralarini ko‘rish.

“Yashil” va “sariq” toifalarga ajratilgan hududlar o‘rtasida quyidagi poyezdlar qatnovi tiklanishiga ruxsat berildi:

Toshkent - Buxoro - Toshkent;

Toshkent - Termiz - Toshkent;

Toshkent - Xiva - Toshkent;

Toshkent - Nukus - Toshkent;

Andijon - Xiva - Andijon;

Andijon - Buxoro - Andijon;

Andijon - Termiz - Andijon.

Bunda, Transport vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda hududlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib poyezdlar qatnov rejasini belgilab boradi.

Shuningdek, Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha sanitariya-epidemiologik talablarga qat’iy rioya etgan holda “Afrosiyob” poyezdlarining qatnovlari yo‘lga qo‘yilishiga ruxsat berildi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda avtotransport vositalarida yolg‘iz harakatlanayotgan haydovchiga tibbiy niqobdan foydalanmaslikka ruxsat berildi.

Xorijga chiqish niyatida yurganlar ertadanoq aviakassalarga murojaat qilishi mumkin.

Biroq, xorijga chiqish va O‘zbekistonga kirishi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxati allaqachon shakllantirilgan. Quyidagi toifadagi shaxslarga aviaqatnovlar orqali sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan davlatlarga kirish va chiqishga ruxsat berildi:

a) O‘zbekiston Respublikasidan kirish va chiqishga ruxsat berildi:

•    xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari hamda ularning oila a’zolari;

•    investitsiya loyihalari doirasidagi O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniya va boshqa tashkilotlar mutaxassislari;

•    davolanish uchun kelayotgan (chiqayotgan) shaxslar;

•    xorijda yaqin qarindoshlari yoxud og‘ir kasal bo‘lgan qarindosh-urug‘lari mavjud bo‘lgan shaxslar;

•    xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari so‘rovlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi orqali boshqa davlatlarga olib o‘tilayotgan (tranzit harakatlanayotgan) shaxslar;

•    O‘zbekiston Respublikasida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy davlat fuqarolari, doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, xorijiy davlatda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;

b) o‘qish va mehnat faoliyatini davom ettirish uchun fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasidan chiqishga ruxsat berildi. Bunda, aviaqatnovlar sanitariya qoidalari va normalariga qat’iy amal qilgan holda tashkil etiladi.

P.S.: Yuqorida keltirib o‘tilganlar bilan birgalikda, jamoat joylarida tibbiy niqobdan va antiseptik vositalardan foydalangan holda harakatlanish bo‘yicha sanitariya-gigiyena talabiga qat’iy rioya etilishi, shu jumladan ijtimoiy masofani saqlanishi ustidan nazoratni kuchaytirish belgilanmoqda.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: nima mumkinu nimalarga cheklov bor, Ertadan, bilan tanishing, To‘liq ro‘yxat | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя