Главная » 2021 » Август » 27 » Farg‘onada shifokor ayolning sochidan sudragan erkak IIB sobiq xodimi bo‘lib chiqdi
20:44

Farg‘onada shifokor ayolning sochidan sudragan erkak IIB sobiq xodimi bo‘lib chiqdi


So‘nggi vaqtlarda yurtimizda bemorlar va ularning qarindoshlari tomonidan o‘z kasbiy faoliyatini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan kuch ishlatish va tajovuz qilish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Afsuski, ko‘p hollarda tibbiyot xodimlariga qilinayotgan bunday tajovuzlar natijasida ularning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetib, keyingi faoliyatiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi tibbiyot muassasasidan ayol shifokorning sochidan tortib, sudrab chiqayotgani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Cog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan o‘rganishlar olib borayotgani haqida ma’lumot berildi.

Aniqlanishicha, 2021-yilning 25-avgust kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Nursuh qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro M.S. tuman tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limiga «homiladorlik 2, tug‘uruq 2, homiladorlikning 39 haftasi. Tug‘uruqning birinchi davri» tashxisi bilan qabul qilinib, 26 avgust kuni soat 16:00larda tirik, jinsi o‘g‘il, 3200 gramm vaznli, ammo og‘ir ahvoldagi chaqaloqni dunyoga keltirgan.

Tug‘uruqni akusher-ginekolog Yu.A. va shifokor-neonatolog H.Nlar qabul qilgan. Dastlabki tibbiy tekshiruvlar natijasida bolada ona qornidalik davrida embrional rivojlanish va homila organlarining paydo bo‘lishi buzilgan va nuqsonli rivojlangani aniqlangan. Natijada go‘dak to‘liq rivojlanmagan organlar bilan tug‘ilgan. Qolaversa, chaqaloqda tug‘ma nuqsonlar kuzatilib, bolaning o‘pkasi 70 foizga rivojlanmagan.

Shu bois, chaqaloq zudlik bilan intensiv terapiya xonasiga o‘tkazilib, unga zarur reanimatsion yordam ko‘rsatilgan. Biroq bolaning o‘pkasi o‘z faoliyatini bajarmaganligi sababli unda og‘ir asfiksiya holati kuzatilgan.

Afsuski, tibbiyot xodimlari tomonidan olib borilgan kerakli reanimatsion chora-tadbirlarga qaramasdan go‘dak 2021-yilning 27-avgust kuni soat chamasi 12:20 da «O‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi» tashxisidan vafot etgan. Shundan so‘ng chaqaloq murdasi va tibbiy hujjatlar patalogoanatomik tekshiruvga yuborilgan.

Shifokor-neonatolog H.N chaqaloq vafot etganligi sababli shu kuni soat chamasi 12:30larda go‘dakning buvasi, fuqaro S.S.ni chaqirib, unga vaziyatni tushuntirishga harakat qilgan. Biroq S.S. muassasa tug‘uruq bo‘limining vrachlar xonasida tug‘uruq tarixlarini yozib o‘tirgan va tug‘uruqni olib borgan akusher-ginekolog Yu.A.ning oldiga borib, uni sababsiz sochidan tortib, tashqariga sudrab olib chiqib, jiddiy tan jarohati yetkazgan.

Eng achinarliki, dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, ushbu zo‘ravonlik harakatini sodir etgan shaxs, ya’ni 1971-yilda tug‘ilgan fuqaro S.S. o‘z vaqtida ichki ishlar organlari tizimida ishlab, nafaqaga chiqqan.

Tibbiy tekshiruv davomida jabrlangan shifokor Yu.A.ga miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda shifokor tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam markazi jarrohlik bo‘limida davo muolajalarini olmoqda.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: sobiq, IIB, sudragan, shifokor, xodimi, sochidan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя