Главная » 2018 » Июнь » 22 » “Fast fud“ foydalimi yoki zararlimi?
17:59

“Fast fud“ foydalimi yoki zararlimi?


Gamburger, xot-dog, sendvich, pissa… Qorin ochligida ularni tasavvur qilishning o‘ziyoq odamning ishtahasini «qitiqlashi» shubhasiz. Muhimi, tez tayyorlanadi, ham arzon. Bundan ham qulayroq taklif bo‘lishi mumkinmi!

Ayniqsa, darslardan qorni ochiqib chiqqan o‘quvchi yoshlarga ta’lim muassasalari oldidagi xot-dog yoki gamburger o‘tday ko‘rinishi tabiiy. Xo‘sh, «fast fud» deya nomlanuvchi, xaridorgirligi ortib borayotgan bu taom inson salomatligi uchun qanchalik foydali yoki aksincha zararli?

Keling, suhbatimizni «Fast fud»larning kelib chiqish tarixi bilan boshlaylik. Ular qadimgi Rim davridayoq paydo bo‘lgan ekan. Amerikacha fast food tarixi esa 1912 yilga borib taqaladi. Horn & Hardart kompaniyasi ilk «Avtomat» nomi bilan ataluvchi tamaddixona ochgan. Keyinchalik 1921 yilda «fast fud»lar Amerikaning Kanzas shtatida paydo bo‘lib, aka-uka Makdonaldslar orqali yanada shuhrat topgan. Hozirda (McDonald’s) Makdonalds restoranlari tarmog‘i dunyoning 120 ta mamlakatida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan.

Bizning mamlakatimizda ham ayni paytda ko‘pchilikning ko‘cha-ko‘yda yurib ketaturib ovqatlanishi tobora urfga kirib bormoqda. Tibbiyot xodimlari bunday taomlanishning sog‘liqqa katta zarari borligi haqida ko‘pdan buyon aytib kelishadi. Chunki ovqatlanayotganda taom hazm bo‘lish va modda almashinuvi jarayonlari bosh miya or-qali boshqariladi, hamma ichki a’zolar uning «buyrug‘i» bilan ishga tushadi. Yurib ketayotganda esa miyaning «e’tibori» asosan yo‘lda bexatar va adashmay yurishga, to‘qnashuv ob’ektlariga «qaratilgan» bo‘ladi va bu muhim ish bilan mashg‘ulligi sababli uning ovqat hazm qilish jarayoniga aralashuvi kechikadi. Buning natijasida yeyilgan taomning tanaga foydadan ko‘ra zarari ko‘proq tegadi. Taom ustida biror narsa o‘qish, televizor ko‘rish ham ana shunday salbiy asoratlar qoldirishi mumkin.

Buyuk Britaniya poytaxtidagi «Ruhiy salomatlik jamg‘armasi» mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, fast fud (shoshilinch ovqatlanish)ga mo‘ljallangan gamburger, chipsa, xot-dog kabilar bilan noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida kishilarning tushkunlik (depressiya), semirib ketish, aqldan ozish, altsgeymer xastaligi kabi ruhiy kasalliklarga chalinishi, bolalardagi giperfaollik sindromi ehtimoli keskin kuchayar ekan. Altsgeymer va aqldan ozish xastaliklariga esa ko‘p jihatdan hayvonlarning zararli yog‘i va shakarni me’yordan ortiq iste’mol qilish ham sabab bo‘ladi. «Tezkor ovqatlanish» mahsulotlarida esa bu narsalar yetarlicha bor.

Yaqinda rossiyalik mutaxassislar o‘tkazgan tajribalar shuni ko‘rsatdiki, yeyilgan bitta gamburgerda kishi kunlik iste’mol qiladigan tuzning 46 foizi, zararli (to‘ydiringan) yog‘ning 45 foizi mavjud ekan. Bundan tashqari, unda kishi bir kunda oladigan xolesterinning 25 foizi, yog‘ning 37 foizi, o‘ta zararli transmoylarning bir yarim grammi borligi aniqlangan. Shifokorlar umuman g‘arbcha taomlanish uslubining odamlar salomatligiga katta zarari borligi haqida tashvishlanib yozishyapti. Chunki bunday taomlarda tayyor yoki yarim fabrikat mahsulotlar ko‘pu, ammo yangi sabzavot va mevalar kam bo‘ladi.

Yanayam oddiyroq tushuntiradigan bo‘lsak, fast fud yeguliklaridagi keragidan ortiq kaloriya, yog‘ va tuzning ko‘p miqdorda ishlatilishi hamda vitaminlarning yo‘qligi kishi organizmida turli ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu turdagi mahsulotlarni tayyor-lashda asosan gidrogenlashgan, ya’ni tarkibiga margarin qo‘shilib, qattiq va quyuq holatga keltirilgan sifatsiz yog‘lardan foydalanish urf bo‘lmoqda. Chunki ular sof o‘simlik moyiga nisbatan bir necha barobar arzon va qayta-qayta ishlatish imkonini beradi. Yomon tomoni, margarinlar tarkibidagi yog‘ kislotlarining trans-izomerlari jigarga, qon tomirlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, moddalar almashinuvining buzilishi va immunitent pasayishi kabbi jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Ayniqsa, yozning jazirama havosi «xot-dog», «gamburger», «chizburger» singari taomlarga solinadigan salatlarga ham bir muncha ta’sir ko‘rsatadi. Kunning qizishi natijasida salatlar buziladi. Ayrim sotuvchilar salatning aynigan-aynimaganiga e’tibor ham berishmaydi. Natijada bu qon aylanishi, yurak, oshqozon va jigar bilan bog‘liq ko‘plab xastaliklarni, gastrit, xolesistit, tromboz singari kasalliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Britaniyaning sog‘liqni muhofaza qilish instituti tadqiqotchilari har yili maxsus reyd o‘tkazib, nosog‘lom oziq-ovqatlar tayyorlash oqibatida qirq ming nafardan ziyod kishi vafot etayotganligini aniqlaganlar. Shuningdek, yomon ovqatlanish mamlakat iqtisodiyotiga katta talofat yetkazayotganligini ta’kidlaganlar. Tadqiqotchilar ana shunday nosog‘lom oziq-ovqatlarga iqtisodiy chegara tatbiq qilishni tavsiya etadilar. Ayni paytga qadar besh millionga yaqin britaniyaliklar «fast fud»lar orqali yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rishganligi internet orqali ma’lum qilindi. Sog‘liqni muhofaza qilish instituti tad-qiqotchilari hukumatga mamlakat miqyosida tuz va yog‘ bilan boyitilgan mahsulotlarni sezilarli darajada kamaytirish hamda iqtisodiy sog‘lom turmush tarzini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdilar.

To‘g‘ri, shiddat bilan odimlayotgan hozirgi hayotimiz har bir kishidan tezkorlikni talab etadi. Kun davomida barcha yumushlarga ulgurishimiz zarur. Zamonaviylashgan sari ehtiyojlarimiz ham shunga yarasha ortib boradi. Ba’zan ovqat yeyishga ham vaqt ajrata olmagan paytlarimiz bo‘lgan. Lekin bu g‘arbliklardan o‘rnak olib, tez tayyorlanuvchi ovqatlarni iste’mol qilish degani emas-ku.

Oshxona taomlarining rang-barangligini ta’minlash albatta, yaxshi an’ana. Lekin bu bizning salomatligimizga o‘z ta’sirini o‘tkazmasligi lozim. Eng yomoni, taomlar orqali ham ommaviy madaniyatimizga sekingina kirib kelayotgan g‘arb madaniyatining, ayniqsa, yosh avlod tarbiyasiga rahna solayotganiga hammamiz oddiy tomoshabin bo‘lib qolmayapmizmikin…

Zero, tik turib, tezkor (fast fud) ovqatlanishning odobimizga va mentalitetimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi oddiy haqiqat.

Oydinoy VAHOBJONOVA.


Manba: "mulohaza.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: zararlimi, Yoki, Fast fud, foyda | Рейтинг: 4.7/3

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя