Главная » 2021 » Март » 10 » Firibgarlikmi? "Zulfiya" mukofoti g‘olib o‘rniga boshqa bir qizga topshirilgan
10:55

Firibgarlikmi? "Zulfiya" mukofoti g‘olib o‘rniga boshqa bir qizga topshirilgan


Men Aliya Temuriyzoda – «NeMolchi.uz» loyihasida ko‘ngilliman. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining 2020 yilgi taqdirlanuvchilaridan biri bo‘lganman. Lekin taqdirlashda yo‘l qo‘yilgan adolatsizlik sabab, ism-sharifim taqdirlanuvchilar safidan tushib qolib, o‘rnimga boshqa bir qiz mukofot sovrindori bo‘ldi.

Men Xalqaro adabiy tanlov g‘olibasi, Yevroosiyo Ijodkorlar Uyushmasi a’zosi, Xalqaro Kitob forumining 6 karra finalisti, ijodi xorijiy adabiy to‘plam va nashrlarda yoritib kelinayotgan ijodkor, O‘zbekiston begisi ko‘krak nishoni sohibasi, qator respublika tanlovlari g‘olibasi (viloyat yo tuman bosqichi g‘olibi bo‘lib, respublika bosqichi ishtirokchisi maqomidan farqli ravishda!) sifatida Respublika final bosqichida yuqori baho to‘plagan edim. Taqdirlangan qiz esa, asosan viloyat va tuman miqyosida yutuqlarga erishgan, shuningdek, Hindistonda yoga festivaliga borib-kelganini adabiyot olamidagi yutuq deb hisoblaydigan bir qizcha edi.

  

Natijalar haqida xabar topgach, apellyasiya berish maqsadida, o‘sha vaqtda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiya raisi bo‘lgan Elmira Basitxonovaga qo‘ng‘iroq qildim va muddaoyimni aytdim. Basitxanova menga hali hujjat e’lon qilinmaganini, yo‘q hujjatga apellyasiya bera olmasligimni, Toshkentga borsam, Respublika saralash bosqichi yozib olingan videotasvirlarni «ko‘tarishi»ni, bu videotasvirlar baholangan natijalar bilan birgalikda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida seyfda saqlanayotganini aytdi.

Hujjat e’lon qilingach, apellyasiya berish uchun Toshkentga bordim. Sobiq Xotin-qizlar qo‘mitasi joylashgan binoda 2020 yil 9 mart kuni Elmira Basitxanova bilan uchrashdim. O‘sha davrada Guljamol Asqarova hamda hakamlar safida bo‘lgan Qutlibeka Rahimboyeva ham bor edi. Qutlibeka Rahimboyeva Elmira Basitxanovaga men yuqori baho olib, taqdirlanishga tavsiya etilganimni, taqdirlashda xatolikka yo‘l qo‘yilib, boshqa bir qiz taqdirlanganini aytdi. Elmira Basitxonova «Agar shunday bo‘lsa, baholarini ko‘ringlar, xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, apellyasiya arizasini yozsin, 16 mart kuni kelsa, ko‘rib chiqamiz,» – deb aytdi. Men arizani yozdim va ketdim.

2020 yil 11 mart kuni Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi tarkibida ham, hakamlar safida ham mavjud bo‘lgan Munavvara Usmonova menga olgan baholarimni ko‘rsatdi. Adabiyot yo‘nalishida 27 ball bilan Respublika bo‘yicha 3-o‘rinda edim, ya’ni, taqdirlashga tavsiya etilgandim. Taqdirlangan nomzod qiz esa juda past baho olgan, hakamlarning aytishicha, berilgan savollarga ham javob bera olmagan ekan. 16 mart kuni borishimni aytib, ketdim. Baholarimni ko‘rgach, ko‘nglim xotirjam bo‘lib, bir-ikki haftada arizam ko‘rib chiqilib, apellyasiya bilan ishim ijobiy tomonga hal bo‘lishiga ishonardim.

Lekin 16 mart kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi binosiga borganimda, meni hatto ichkariga ham kiritishmadi, baqir-chaqir, janjallar bo‘lib o‘tdi. Ertasiga Vazirlar Mahkamasining yuristi ishga aralashdi, Elmira Basitxanovaning qabuliga olib kirishdi. Elmira Basitxanova yurtimizda epidemiologik vaziyat yuzaga kelganligi bois, karantin e’lon qilinganini, vaziyat borishiga qarab, uzog‘i bir-ikki haftada ishim hal bo‘lishini aytdi. Shuningdek, menga 317 ta nomzod qizning ijodiy ishlari va yutuqlarini Prezidentning shaxsan o‘zi chuqur o‘rganib chiqib, taqdirlanuvchilarni o‘zi tanlab olganini aytdi! Yordamchisi (16 mart kuni meni ichkariga kiritmagan ayol) apellyasiya o‘tkazilishidan 2 kun avval xabar berib, chaqirib olishlarini aytib, kuzatib qo‘ydi.

Men O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasiga, O‘zbekiston Respublikasi Senatiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqiga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasiga adolatni tiklashda yordam so‘rab, arizalar yozdim.

Shu bilan kuchaytirilgan karantin boshlandi. Men biror umid uchquni milt etib ko‘zga tashlanishini kutardim. Gap uning mukofotligida, oliy ta’lim olish imtiyozi borligida emas. Men adolat istardim, shu oddiygina bir vaziyatda ham yo‘l qo‘yilgan adolatsizlik, nohaqlik, ko‘zbo‘yamachilik ko‘nglimni og‘ritardi.

May oyida Zebo Nurmanova ismli vazirlik xodimasi (Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiya kotibi) menga qo‘ng‘iroq qildi. Bu ayol hali arizabozlik qilib yurgan paytlarim (2020 yil mart oyi o‘rtalarida) menga «Hakamlar qo‘ygan baholar hech nimani bildirmasligi, nomzodlar hakamlarning qarindoshi bo‘lishi va bu holat mahalliychilikka olib borishi»ni aytgan, taqdirlanuvchilar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasiga yuborilgan hujjat haqida ma’lumot bermaslik payida bo‘lgan.

U menga telefon qilib, arizalarim o‘rganilayotganini aytdi. Lekin matbuot kotibining telegram kanalida nomzod qizlarning e’lon qilingan annotasiya (erishgan yutuqlar haqidagi ma’lumot)lari ichida nega mening annotasiyamdan erishgan yutuqlarim ro‘yxati qisqartirib tashlanganini, Xalqaro tanlov g‘olibasi, Yevroosiyo Ijodkorlar Uyushmasi a’zosi ekanim kabi jahon miqyosidagi yutuqlarim nega butkul o‘chirib tashlanganini izohlab berolmadi. Men mukofotga taqdim etgan fayl va uning qog‘ozga chiqarilgan nusxasi butkul boshqa edi.

Shundan so‘ng, shuncha payt biror marta hech qayerda tilga olinmagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasidagi qandaydir ekspertlar guruhi 317 ta nomzodning ishini ko‘rib chiqib, baholagani haqida gap topilib qoldi. Agar ular bizni baholasa, nega yozuvchi-shoirlarni, yana baholash jarayonini «shaffof» deb og‘iz ko‘pirtirib, videotasvirga olishdi? Talab qilib ham biror marta ko‘rolmadim shu videotasvirlarni, menga ko‘rsatishmadi. Holbuki, 2020 yil 15 fevraldagi Zulfiyachi qizlar forumida Elmira Basitxanova alohida urg‘u berib, bu yilgi baholash shaffof o‘tgani, baholash jarayoni hammasi videotasvirga tushirib olingani takror-takror ta’kidlagan edi. Qani, qayoqqa ketdi o‘sha gaplar, o‘sha shaffoflik? Qo‘limda shuncha dalil turib, haqligimni isbotlay olmayapman-ku, yana qanaqa shaffoflik haqida gap bo‘lishi mumkin?!

Iyun oyida Zebo Nurmanova bo‘shab ketgani sababli, shu ish bilan shug‘ullanayotgan boshqa bir xodima (Aziza Mahmudova) bilan bog‘lanib, apellyasiya taqdiri bilan qiziqdim. U tez fursatlarda ma’lumot berishini aytdi. Lekin hanuzgacha birorta hujjat, birorta qog‘oz qo‘limga yetib kelgani yo‘q. Vaholanki, murojaat shaklidan qat’i nazar, u 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, javob berilishi shart. Yana «suvga tushib» ketishdi. Ora-sirada Davlat organlariga yozgan arizalarim ularga yetib borsa, komissiya arizalarni tuman va viloyat komissiyalariga yo‘naltirib, rosa qo‘g‘irchoq teatri qo‘yishdi. Holbuki, arizalarimda muammo yuqori bo‘g‘in – Respublika komissiyasida ekanini, quyi bo‘g‘in – tuman va viloyat komissiyalariga e’tirozim yo‘qligini yozganman.

Sentyabr oyida yana apellyasiya taqdiri bilan qiziqdim. Bu ish yopilib ketganini, takroriy ariza yozishim kerakligini aytishdi. Takroriy ariza yozdim. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri mening vaziyatim bilan qiziqib qolganini va qabuliga chaqirganini aytishdi. O‘sha paytda sog‘lig‘im yaxshi bo‘lmagani sabab (2-bor kovid xastaligidan davolanayotgan edim.) qabulga bora olmadim. Arizam yetib borishi ham noyabr oyi oxiriga to‘g‘ri keldi. Hech qanaqasiga menga yordam berishni istamayotgan komissiya xodimlari bloger Aqida Hanum aralashuvi bilan meni yoshim 30 ga yetganiga qaramasdan, mukofotga hujjat topshirishimni, tuman va viloyat saralash bosqichlaridan sinovsiz o‘tkazilishimni va adolat tiklanib, 2021 yilgi taqdirlashda taqdirlanuvchilar safida mening ism-sharifim ham bo‘lishini aytishdi. Mukofot Nizomida «14 yoshga yetgan va 30 yoshdan oshmagan» degan shart mavjud. Ma’lumot uchun, shu yil dekabr oyida 31 yoshga kiraman, ya’ni, hali 30 yoshdan oshgan hisoblanmayman. Endi hammasi yaxshilik bilan yakun topganiga ishongandim, yirtiqqa yamoq holida bo‘lsayam, adolat tiklanishiga ishongandim.

Lekin «qo‘zg‘olon» biroz tinchiganidan so‘ng yana mukofot komissiyasidagilar o‘z bilganlaricha ish tutishni boshladilar – tuman bosqichi o‘sha payt o‘tib ketgan, hujjatlarim viloyat komissiyasida bir oydan ko‘proq chang bosib yotdi. Lekin negadir viloyat bosqichidan xabar yo‘q edi. Surishtirsam, bu yil viloyat bosqichiga nomzodlar chaqirilmay, faqat hujjatlari ko‘rilishini aytishdi. 2021 yil fevral oyida rosa surishtirib, arang bilganim shu bo‘ldiki, Respublika komissiyasidagilar men 30 yoshga kirishim munosabati bilan hujjatlarimni qaytarib berishni, men qatnashmasligimni amr etishibdi!

Xullas, shunaqa gap (ko‘zbo‘yamachilik)lar. Menga birovning o‘rniga mukofot berishlarini istamagan edim, albatta. Lekin, hech bo‘lmasa, apellyasiyani o‘tkizib berishsin, haqiqatni yuzaga chiqarishsin. Hech kim ko‘rmagan va eshitmagan o‘sha ekspertlar guruhi nimaga asoslanib u qizni taqdirlashganini ko‘rsatib, haqliklarini isbot qilib berishsin? Apellyasiya o‘tkazish mumkin emas, degan gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, chunki, norozilik bo‘lsa, videotasvirlar ko‘rib chiqilib, adolat tiklanishi haqida ko‘p va xo‘p bong urib bo‘lindi, Elmira Basitxanova ham apellyasiya o‘tkazilishini menga bir necha bor takrorladi, va’da berdi. Shunday ekan, buni nega paysalga solishadi, nohaq bo‘lsam, shu apellyasiyani o‘tkazib, meni uyaltirib chiqarib yuborishsin qo‘llaridan kelsa?!

Yaqinda yana menga yetib kelmagan hujjatning elektron nusxasini tashlab berishdi. Unda yozilishicha, 2020 yilgi taqdirlash ekspertlarning yashirin ovoz berish orqali qo‘ygan baholari asosida bo‘lib o‘tgan emish. Menga yashirin baholash natijalari deb ko‘rsatgan hujjatlari nima edi unda? Ehtimol, Basitxonova meni ham mukofot ololmaganidan norozi bo‘lgan va past baho olgan nomzod qizlardan biri, deb o‘ylagan va o‘sha hujjatni ko‘rsatishni buyurgan bo‘lsa kerak.

Kuni kecha taqdirlanganlar ro‘yxati e’lon qilinibdi. Birgina yordam qo‘lini cho‘zib,adolatli hukm bo‘lishi uchun istisno kiritib, avvalgi yilda yo‘l qo‘yilgan xatolikni to‘g‘irlashning iloji bor edi-ku? Birovning haqi bilan qanday tinch uxlashadi, qanday qo‘rqishmaydi ular? Xudo bor-ku?

Xullas, bu yerda adolatni tiklash uchun faqat Prezidentning shaxsan o‘ziga murojaat qilishdan boshqa birorta yo‘l topishning iloji yo‘q ekan. Men taslim bo‘lmayman!

Men baribir bu yo‘lning oxirigacha boraman. Adolat tiklanishi uchun ham oxirigacha boraman. Duo qiling, mukofot uchun emas, adolat tiklanishi uchun duo qiling!


Manba: "aniq.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Zulfiya, qizga, g‘olib, Firibgarlikmi, mukofoti | Рейтинг: 1.0/1

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя