Главная » 2016 » Декабрь » 23 » Fohishabozlik bilan birovning oilasini buzayotgan va farzandiga aliment to‘lamayotganlar haqida ma’lumotlar tarqatildi
19:29

Fohishabozlik bilan birovning oilasini buzayotgan va farzandiga aliment to‘lamayotganlar haqida ma’lumotlar tarqatildi


O‘zbekistonda tug‘ilish va nikohlar soni yil sayin ortib bormoqda. Har yili mamlakatimizda 300 mingga yaqin yangi oila barpo etiladi. 600 mingdan ortiq chaqaloq dunyoga keladi. Respublikamizdagi 7,5 milliondan ziyod oilalarning 16 foizini esa yosh oilalar tashkil etmoqda.
 
Biroq o‘sish sur’atlari qanchalik yuqori bo‘lmasin, oilaviy ajrimlar soni yil sayin ortib bormoqda. Eng achinarlisi, ajrim bo‘layotgan oilalarda yetim qolayotgan, tug‘iliboq yetimlik yukini gardaniga olayotgan bolalar ham bor.
 
Yuqoridagi kabi faktlar kecha, 21 dekabr kuni Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytildi.
 
Unda Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Obidov, Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Farida Abdurahimova, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari Iroda Boltaxodjayeva, O‘zbekiston Musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakili o‘rinbosari, “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi Rahimberdi Rahmonov, Toshkent shahar Adliya boshqarmasi boshlig‘i Abdurahmon Safoyev hamda Toshkent shahridagi FHDYolar xodimlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari, prokuratura, ichki ishlar, soliq organlari xodimlari, tuman hokimliklari vakillari ishtirok etdilar.
 
Toshkent shahar hokimi Mirzohid Obidovning so‘zlariga qaraganda, o‘tgan vaqt mobaynida Toshkent shahar hokimiyati tomonidan tuzilgan ishchi guruh oilalardagi ajrimlarning sabablari va oqibatlarini o‘rganib chiqqan. Statistik ma’lumotlar esa o‘ta ayanchli.
 
2016 yilning 11 oyi davomida Toshkent shahrida 3988 ta oila ajralgan.
 
Bu ko‘rsatkich ayni damda butun hukumatni, xususan, Toshkent shahridagi vakolatli idoralar vakillarini tashvishga solmoqda. Mahalla, tuman hokimiyati, FHDYo, ichki ishlar, prokuratura, sud organlariga mayda bahonalar bilan ajrimga ariza berayotganlarni fikridan qaytarish, ajrashtirmaslik bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilgan.
 
Ajrim faqatgina ayol va erkak o‘rtasidagi munosabatlarning qonuniy tarzda uzilishi bo‘lsa mayliga edi. Bu jarayon ortidan ota-ona, amma-hola, akakiyu pochcha, xullas, hamma sarson. O‘rtadagi farzandlarni aytmaysizmi... Ota o‘z yo‘lidan ketadi. Qaramog‘ida 2-3 bolasi bilan ona o‘zi qoladi. Bemehr ayrim otalar o‘z farzandiga aliment to‘lashdan ham bo‘yin tovlaydi.
 
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Toshkent shahrida yetarli sharoiti bo‘la turib, oilasi, farzandlarini uy-joy bilan ta’minlamagan fuqarolar soni  151 tani, imkoniyati bor bo‘lsa ham aliment pulini to‘lamasdan yurgan fuqarolar 153 tani tashkil etmoqda. Eng ahamiyatlisi shundaki, ularning 259 ta voyaga yetmagan farzandlari bor.
 
Fohishabozlik bilan shug‘ullanib, birovning oilasi buzilishiga sabab bo‘layotganlar esa Toshkent shahrida 21 nafarni tashkil etmoqda. Balki bu ko‘rsatkich undan ham yuqori, kimlardir panada qolgan bo‘lishi ham mumkin. Biroq bunday qabih kimsalar haqida yana ma’lumotlar to‘planmoqda.
 
Bugungi kunda Toshkent shahrida oilaviy ajrim sababli uy-joyga, yetarli yashash sharoitiga ega bo‘lmagan noto‘liq oilalar soni 229 tani tashkil etmoqda. Uyga kiritib qo‘yish bo‘yicha sudning ijro hujjatlari mavjud, ammo ijro etilmagan oilalar soni esa 50 taga yetgan.
 
Toshkent shahar hokimiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan yig‘ilishda shular haqida so‘z bor ekan, oilaviy ajrim masalalariga panja ortidan qarashga chek qo‘yish, masala sudlarga yetib borgunga qadar mahalla fuqarolar yig‘inida hal etilishi kerakligi talab qilindi.
 
Mavzuga yana qaytamiz.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: Er-xotin, buzuqlar, Oila, fohishabozlik, yetim bolalar, Fohisha | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя