Главная » 2020 » Январь » 2 » Fransuz tilini o‘rganayotganlar uchun: Qaysi kitobni o‘qigan ma’qul?
17:24

Fransuz tilini o‘rganayotganlar uchun: Qaysi kitobni o‘qigan ma’qul?


Fransuz tilini o‘rganayotganlar ko‘pincha qaysi kitobni o‘qisam ekan, deb bosh qotirishadi. A. Sent-Ekszyuperinining “Kichkina shahzoda”si va R. Gossininning “Kichkina Nikolya” asarlari frankofonlarning doimiy hamrohiga aylanib ulgurgandir ham.

Bularga qo‘shimcha ravishda bugun zamonaviy fransuz yozuvchilarining nafaqat fransuzlarning o‘ziga yoqadigan, balki butun dunyo bo‘ylab adabiyot ixlosmandlari qalbidan joy olgan asarlari haqida ma’lumot beramiz.

Undan avval esa eng ko‘p so‘raladigan savolga javob beramiz: “Qaysi darajadan  boshlab kitoblarni original versiyada o‘qish mumkin?”
1.  Agar til bilish darajangiz yuqori bo‘lmasa, unda darajaga moslashtirilgan kitoblarni o‘qigan ma’qul. Cle International, Hachette, Cideb Black Cat fransuz nashrlari har bir darajaga mos kitoblar seriyasini chop etadi. U yerdan siz mashhur asarlarning darajaga moslashtirilgan variantini ham, til o‘rganuvchilar uchun chiqarilgan maxsus kitoblarni ham topishingiz mumkin. Odatda bunday kitoblarning audiosi ham bor bo‘ladi. 

2.  Oxirgi yillarda Didier nashri fransuz tili o‘rganuvchilariga atab “Mondes en version française” kitoblar seriyasini chiqardi. Bu kitoblar fransuzzabon yozuvchilarning badiiy asarlari to‘plamidir. Ular til bilishning barcha darajasiga moslashgan. Endi A1 darajadagi o‘quvchi ham bemalol original tilda kitob o‘qishi mumkin.
3.  Lekin ko‘pgina fransuz yozuvchilarining tili baribir murakkab bo‘lgani uchun quyidagi ro‘yxatda keltiriladigan adabiyotlarni B1 darajadan boshlab o‘qigan ma’qul.
“Figaro” jurnaliga muvofiq eng mashhur zamonaviy fransuz yozuvchilari

1.  Giyom Myusso (Guillaume Musso) 
Fransiyaning eng mashhur va yosh yozuvchilaridan biri. Asarlari yildan yilga bestsellerlar ro‘yxatida yuqorilab bormoqda. 
Birinchi kitobi “Skidamarink” (Skidamarink) Jokondaning Luvrdan o‘g‘irlanishi haqida hikoya qiladi. Ikkinchi romani “Keyin esa” (Et après) 20 milliondan ortiq nusxada sotilgan va 20 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Shuningdek, uning “Meni qutqar” (Sauve-moi), “Sen o‘sha yerda bo‘lasanmi?” (Seras-tu là?), “Chunki seni sevaman” (Parce que je t’aime), “Yoningga qaytaman” (Je reviens te chercher), “Parijdagi uy” (Un appartement à Paris) asarlari ham mashhur.
Myusso asarlarida detektiv va romantik janrlarni uyg‘unlashtirib yuborgani uni keng kitobxonlar orasida mashhur qilgan.

2.  Rafaella Jordano (Rafaëlle Giordano) 

Yozuvchi, rassom va psixolog uzoq yillik tajribasi davomida hayotga ijobiy lahzalarni jalb qilishni o‘rgangan. Shu izlanishlari natijasida “Bir marta yashashingni anglaganingda ikkinchi hayoting boshlanadi” (Ta deuxième vie commence quand tu comprends que tu n’en as qu’une). Bir vaqtning o‘zida ham badiiy asar ham psixologik trening hisoblangan ushbu kitob 1 milliondan ortiq nusxada sotilgan.

3.  Mishel Byussi (Michel Bussi) 

Kamtar geografiya o‘qituvchisining adabiy iqtidoriga uzoq vaqt ishonishmadi, nashriyotlar uning qo‘lyozmalarini qaytarib yubordi. Den Braunning “Da Vinchi siri” asaridan keyin Mishel Byussi o‘zini detektiv janrda sinab ko‘rishga qaror qildi. 
“Lyupin kodi” (Code Lupin) romani unga unga mashhurlik keltirdi, “Halokatdan so‘ng” (Un avion Sans Elle) asari esa uni Fransiyaning eng mashhur detektiv yozuvchilaridan biriga aylantirdi. “Qo‘limni qo‘yib yuborma” (Ne lâche pas ma main), “Qora liliya” (Nymphéas noirs) asarlari ham ko‘p o‘qiladi.

4.  Mark Levi (Mark Levy) 

Uning birinchi romani “Koshki bu haqiqat bo‘lsa” (Es si c’était vrai…) nashrdan chiqishi bilan bestsellerga aylandi. 2005-yil AQSh ushbu asar asosida film ishlash huquqini sotib oldi va uni ekranlashtirdi. Shundan so‘ng Mark Levi biznesini tashlab kitob yozishga o‘tadi. Hozirda uning asarlari 40 dan ortiq tilga tarjima qilingan, millionlab nusxada sotiladigan hamda film olish uchun asos bo‘ladigan mashhur fransuz yozuvchilaridan biri.

5.  Oreli Valon (Aurélie Valognes)

Oreli Italiyaga turmush o‘rtog‘i bilan ko‘chib o‘tgach, mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmagan. Shundan keyin bolalikdagi orzusi – yozuvchi bo‘lishni sinab ko‘radi. “Mémé dans les orties” asari shu tariqa dunyoga kelgan. 2017-yilda “En voiture, Simone”, “Minute, Papillon” asarlari uni bestseller yozuvchiga aylantirdi.

6.  Fred Vargas (Fred Vargas) 

Bu erkak ismi ortida komissar Adamberg haqidagi mashhur triller seriyalari yozuvchisi Fransuaza Oduen-Ruzo turadi. Uning romanlari bir necha marta turli mukofotlar olgan. “Muhabbat va o‘lim o‘yini” (Les Jeux de l’amour et de la mort), “Moviy aylana ichidagi odam” (L’Homme aux cercles bleus), “Neptun shamoli ostida” (Sous les vents de Neptune) asarlari keng kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan.

7.  Fransuaza Burden (Françoise Bourdin) 

15 yoshida yozishni boshlagan qizaloqqa otasining adabiyotshunos do‘sti maslahatlar berib boradi. Uning birinchi asari iliq qarshilanadi, 21 yoshida esa ishqiy romanlar muallifi sifatida mashhur bo‘ladi. Fransuazaning “Yosh qizning ismi…” (Nom de jeune fille), “Yangi hayot” (Une nouvelle vie), “Sevgi asosida turmush” (Un marriage d’amour) asarlari muhabbat qissalariga qiziquvchilar uchun yoqib tushadi.

8.  Jil Legardinye (Gilles Legardinier) 

Ushbu yozuvchi o‘zining yumor janri orqali mashhurlikka erishgan. Lekin u detektiv janrda ham, bolalar adabiyotida ham ijod qiladi, bolalar uchun ham asarlar yozadi. Uning “Bari o‘zgarganda” (Et soudain tout change) xitga aylanadi va uning qahramonini hamma fransuzcha Brijit Jons deb ataydi. Yengil hazm bo‘luvchi adabiyot ishtiyoqmandlariga yozuvchining boshqa asarlari ham manzur bo‘ladi.

9.  Anyes Marten-Lyugan (Agnès Martin-Lugand) 

Yaxshi ham bizning zamonda istalgan odam Amazonda o‘z puli evaziga asar chiqarishi mumkin. Aks holda hech kim “Baxtli odamlar kitob o‘qiydi va qahva ichadi” (Les gens heureux lisent et boivent du café) asari borligini bilmas edik.  Onalik ta’tilidagi psixolog esa mashhur yozuvchiga aylanmasdi.
U murojjat qilgan 4 ta nashriyotdan bittasi ham uning asarini qabul qilmagan. Ammo elektron kitob muvaffaqiyatli sotilgach, uni qog‘oz shaklida ham nashr qilishgan. Uning “Xavotir olma, hayot qiyin emas,” (La vie est facile, ne t’inquiète pas) asari ham kitobxonlarda xuddi shunday qiziqish uyg‘otdi hamda yosh fransuz xonimiga “espresso ta’miga ega qalb kitobi” muallifi maqomini berdi.

10.   Frank Tilye (Franck Thilliez) 

Qo‘rqinchli trillerlar muallifi bolalagidan Stiven Kingning muxlisi bo‘lgan. Shuning uchun o‘zi ham mana shu janrda ijod qilgan. Ammo uning kitoblarini ko‘ngli bo‘sh odamlar o‘qishi tavsiya qilinmaydi. Chunki ular beshafqat sahnalarga boy. Shunday bo‘lsa ham dinamik syujeti dunyo bo‘ylab ko‘pgina o‘quvchilarni o‘ziga jalb qilib keladi. Eng mashhur asari: “Qurbonlar xonasi” (La Chamber de morts).


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя