Главная » 2021 » Октябрь » 8 » Gulnora Karimova qizi bilan uchrashtirilmayotgani rostmi?
20:45

Gulnora Karimova qizi bilan uchrashtirilmayotgani rostmi?


Xabaringiz bor, shveysariyalik advokat Fanni Margayraz Gulnora Karimova bilan oxirgi marta uchrashganida uning qo‘lida ko‘kargan joylarni ko‘rganini aytgandi. Shuningdek, uning qizi Imon Karimova onasi bilan uchrashishga bir necha bor urinib ko‘rgani, lekin uning oldiga kirolmaganini aytib, norozilik bildirgandi. 

Bugun, 8 oktyabr kuni “O‘zbekistonda milliy preventiv mexanizmni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada QALAMPIR.UZ jurnalisti ushbu xabarlarga oydinlik kiritish uchun Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatovaga yuzlandi.

Feruza Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi hozirda sud tomonidan o‘ziga tayinlangan jazoni o‘tayotgan Gulnora Karimovaning ahvoli yaxshi.

“Respublika bo‘yicha 200 dan ortiq muassasalar bor. Biz reja asosida barcha muassasalar va ayollar koloniyasiga ham boramiz. Aynan Gulnora Karimova saqlanayotgan koloniyaga ham bir necha marotaba borib, monitoring o‘tkazdik. Karimovaning qizi Imon Karimova o‘sha vaqtda karantin cheklovlari sababli onasi bilan ko‘risha olmagan bo‘lishi mumkin. Hozir karantin choralari yumshagan va uchrashuvlar amalga oshirilyapti. deydi ombudsman.

Feruza Eshmatova so‘zida davom etarkan, u monitoringlar vaqtida Gulnora Karimova bilan uchrashgani va uning holati yaxshi ekaniga guvoh bo‘lganini ta’kidladi.

Jazoni ijro etish departamenti jazoni ijro etish muassasalaridagi vaziyatdan va mahkumlarning muammolaridan bevosita xabardor idora hisoblanadi. Shu sababdan QALAMPIR.UZ jurnalisti ayni masala yuzasidan JIED boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Qurbonovga yuzlandi. Ammo u Karimovaning advokati va qizi aytgan holatlar bo‘yicha ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi.

“Bu haqda ma’lumotga ega emasman. Bizda mahbuslarga nisbatan qiynoq yoki jarohat yetkazish bo‘yicha qonunchilikda jazo belgilab qo‘yilgan. Agar shu kabi holat kuzatiladigan bo‘lsa, birinchi o‘rinda xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi va barchasi to‘liq o‘rganiladi. Agar bu vaziyatda rostan ham xodimning aybi bo‘lsa va holat intizomiy javobgarlik doirasida hal qilinadigan bo‘lsa jazoga tortiladi. Jinoiy javobgarlik doirasida ko‘rib chiqiladigan bo‘lsa, to‘plangan materiallar, albatta, prokuraturaga taqdim etiladi. Ular xodimni tegishli tartibda jinoiy javobgarlikka tortish masalasini hal qilishadi”, deydi Qurbonov.

JIED mas’uli QALAMPIR.UZ jurnalistining Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bir necha marotaba onasi bilan uchrashishi uchun imkon berilmayotganini aytganiga qaramay, departament bunga munosabat bildirmagani haqidagi savoliga javoban u bu borada ma’lumotga ega emasligini aytib qutuldi.

Qurbonov shuningdek, Karimovaning bugungi ahvoli haqida ham hech narsa bilmasligini, uning vazifasi qoidalar, normativlar ishlab chiqish va ularni amaliyotga tadbiq qilishdan iborat ekanini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, Fond Forum vasiylik kengashi raisi, professor va maishatsevar Gulnora Karimovaning “saltanat”i 2013 yilga kelib quladi. 2005 yildan boshlab o‘zini madaniyat va san’at, sport, ilm-fan, axborot texnologiyalari va yoshlar g‘oyalari rahnamosi sifatida ko‘rsatishni boshlagan Googoosha 2013 yilgacha mamlakatda mislsiz qudrat sohibi bo‘lgani hech kimga sir emas. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. 

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Gulnora Karimova, qizi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя