Главная » 2018 » Июнь » 21 » “Ha, yanga, o‘ynang, ha, yanga, qo‘ymaysiz-da-a?” yoxud axloqsizlikka sabab bo‘layotgan «zamonaviylik»
20:42

“Ha, yanga, o‘ynang, ha, yanga, qo‘ymaysiz-da-a?” yoxud axloqsizlikka sabab bo‘layotgan «zamonaviylik»


Internet sahifalarini kuzata turib, bir video lavhaga ko‘zim tushdi. Yoshi elliklarga borib qolgan bir ayol 25 yoshlar atrofidagi o‘n chog‘li yigitlar ichiga kirvolib tengma-tengiga raqsga tushyapti. Yigitlar “ha, yanga, o‘ynang, ha, yanga, qo‘ymaysiz-da-a?” deb qiyqirib yotishibdi. “Yanga”miz ham bu ovozlardan yanada zavqlanib, shunaqangi xirom aylayaptiki, asti qo‘yaverasiz. O‘ylab qolasan kishi, yanganing qiz-o‘g‘illari, boringki, quda-andalari ham bo‘lsa kerak. Nahotki, atrofidagilardan, kelinu kuyovlaridan istihola qilmagan, bu bilan o‘zini qanchalik “axloqsiz”larcha tutayotganini anglamayotgan bo‘lsa. Ha, gapning indallosini aytadigan bo‘lsak, bunaqangi holatlar o‘zini o‘zi gap-so‘zga qo‘yish, sharmanda qilish degani emasmi?

Zamonaviylik, tezkorlikni behayolik va zo‘ravonlik yenga oladimi?

Ayni paytda zamonaviylik, tezkorlik, taraqqiyot bilan hamqadam bo‘lish yoshlarning hayot tarziga aylanib bormoqda. Albatta, bu quvonarli hol. Chunki bir necha tilda so‘zlasha olish, internet olamiga kirib dunyo yangiliklaridan boxabar bo‘lish imkoniyatining mavjudligi ularning bilimi, dunyoqarashi kengayishiga xizmat qiladi. O‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama yetuk bo‘lib shakllanishida xalqimizning ezgu an’analariga asoslangan ta’lim-tarbiyaning ahamiyati beqiyosdir. Axloqsizlik, behayolik, zo‘ravonlik kabi yomon illatlar dunyodagi hech bir xalqning milliy madaniyatiga ham, umumbashariy qadriyatlariga ham mos kelmasligi esa ayni haqiqat.

Tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, virtual olam masalasining ham ikki tomoni bor. Quvonarli tarafi, o‘sib kelayotgan yoshlar internetga kirib dunyo yangiliklaridan boxabar bo‘lish barobarida bilim olmoqda, xorijiy tillarni o‘rganib, ilmiy-aqliy salohiyati ortmoqda. Tanganing ikkinchi tomoniga qaraydigan bo‘lsak, internetdan turli buzuq maqsadlarda foydalanayotgan yoshlar borligini ham inkor etib bo‘lmaydi.

“Zamonaviy” ota va ona

Xalqimizning go‘zal ma’naviy qadriyatlariga yo‘g‘rilgan or-nomus, uyat va andisha, sharmu hayo kabi tushunchalar ongimizga singib ketgan. Ayniqsa, keksalarga hurmat, ota-onaga ehtirom, qolaversa, bolalar tarbiyasiga e’tibor kabi jihatlar uzoq o‘tmishdan bugungi kungacha o‘z qadrini, ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Farzand borki, har ishda, har sohada ota-onasidan o‘rnak olishga urinadi. Ota mast holatda, bir ahvol bo‘lib uyiga kelaversa, ona ham “gap”dan allamahal qaytsa, bunday muhitda tarbiya olgan farzand ertaga kim bo‘lib voyaga yetadi?.. Ayniqsa, ayol degan nomga bir gard yuqishining o‘zi xunuk. Lekin afsus bilan shuni aytamizki, ba’zi “zamonaviy” ayollarimiz hech narsadan tap tortmay, erkaklardan qolishmaslikka urinishmoqda. Gap-gashtaklarda erkaklar bilan tengma-tengiga ichish, raqsga tushishni qoyillatishmoqda. Internet tarmoqlarida o‘zlarining har kuydagi suratlarini joylashtirib, unga “layk” ham bosib qo‘ymoqda. To‘g‘ri, zamonaviylik insonga kerak, albatta. Biroq zamon bilan hamnafas bo‘lish kerak ekan deb, ijtimoiy tarmoqdagi suratini farzandi tengi yigitlar bilan muhokama qilib o‘tirishi qay mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Xulosa qilib aytganda, bugun yoshlarning yuksak intellektual salohiyatga ega ma’naviy barkamol shaxs bo‘lib yetishishida milliy-ma’naviy tarbiya muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, o‘z mamlakatining boy tarixi, milliy qadriyatlari, urf-odat va an’analari, ajdodlari xotirasi, xalqining bebaho merosini asrab-avaylashdek mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan, qadrlaydigan yoshlargina el ishonchini oqlay oladi. Bunday o‘g‘il-qizlarning voyaga yetishida esa oila muhiti asosiy o‘rinda turadi.

Psixologlarning fikricha, tartibli, ibratli oilada ulg‘aygan bola mehrli, mustaqil fikrlaydigan, o‘z kelajagi uchun muhim rejalar tuza oladigan bo‘lib ulg‘ayarkan. Aksincha, muhit nosog‘lom, urush-janjalli oilada ulg‘aygan bola, birinchidan, tushkun, befarq bo‘lib qolsa, ikkinchidan, jizzakiroq, atrofdagilarga nisbatan mehrsiz bo‘lib voyaga yetarkan.

“Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan naql xalqimizda bejizga aytilmagan. Mahallamizdagi, ko‘chamizdagi yoshlarning nima ish qilayotganidan, qaerga borib, qaerdan kelayotganidan boxabar bo‘lib tursak, yoshlar o‘rtasidagi nomaqbul xatti-harakatlarga bir muncha barham bergan bo‘lar edik.

Sirasini aytganda, bu so‘zlarimiz bilan kimlargadir aql o‘rgatmoqchi yoyinki qanday yashash kerakligini tushuntirmoqchi emasmiz. Aksincha, muddaomiz yoshlar taqdiriga, turmush tarziga befarq bo‘lmaslik orqali obod va farovon hayotimizni ta’minlashdan iborat.

Latofat Bo‘riyeva,


Manba: "hordiq.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: ahloqsizlik | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя