Главная » 2017 » Август » 20 » Hajga qora dori olib o'tmoqchi bo'lgan o'zbekistonlik qo'lga tushdi
13:59

Hajga qora dori olib o'tmoqchi bo'lgan o'zbekistonlik qo'lga tushdi


Davlatimiz tomonidan yurtdoshlarimizning islom dinining ulug‘ arkonlari, jumladan, haj va umra amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, joriy yilda ham 7350 nafar O‘zbekistonlik ziyoratchilar muborak haj safariga yo‘l olishmoqda.

Afsuski, muqaddas va tabarruk zaminga ruhan poklanish maqsadida emas, aksincha o‘z nafsi izmida yo‘l olgan shaxslar ham uchrab turibdi.

Samarqandlik Sh.Ahrorov ham ana shunday yurtdoshlarimiz safida bo‘lishi mumkin edi. Joriy yilda haj mavsumiga borish baxtiga muyassar bo‘lgan ushbu shaxs o‘zining shaytoniy nafsiga erk berishi oqibatida ana shu beqiyos imkonni qo‘ldan boy berdi.

Joriy yilning 11 avgust kuni Samarqand xalqaro aeroportida ham katta taraddud bilan ziyoratchilarni haj safariga kuzatish ishlari tashkil qilindi. Xususan, Samarqand viloyati bojxonachilari tomonidan yurtdoshlarimizga bojxona nazoratidan o‘tish tartib-qoidalari batafsil tushuntirildi.

Shunga qaramay, Sh.Ahrorov o‘zining qing‘ir niyatidan voz kechmadi. Milliy xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi va bojxona xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbir davomida uning rejalari chippakka chiqdi.

Ushbu shaxsga tegishli bagajlar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, yuklar orasidagi quritilgan non bo‘laklarining nazorat-rentgen apparatidagi shubhali tasvirlari bojxonachilarning diqqatini tortdi. Shundan so‘ng xolislar ishtirokida ushbu non bo‘laklari sinchiklab tekshirilganda, ular ichiga xufiyona tarzda mohirlik bilan 2 dona polietilen o‘ramlar joylashtirilganligi fosh etildi. Bundan tashqari bagajlardan birining tutqichlari orasiga ham xuddi shunday o‘ram yashirilganligi aniqlandi. O‘ramlar ochib ko‘rilganda esa ular ichidagi modda salkam 72 gr. opiy ya’ni qoradori narkotik moddasi ekanligi aniqlandi.

Qonunbuzar shu bilan kifoyalanmagan ekan. Ko‘zdan kechirish jarayonida bagajlardan birida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan 3800 AQSh dollari, qo‘l sumkasida esa 422 AQSh dollari, shuningdek Janubiya Koreya, Malayziya, Ukraina, Qozog‘iston, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Fillippin pul birliklari borligi aniqlandi.

Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan shaxsiy ko‘rik davomida esa Sh.Ahrorov bojxonachilarni chalg‘itishga urinib, chap oyog‘idagi paypog‘i ichiga ham 1500 AQSh dollarini yashirgancha olib chiqmoqchi bo‘lganligi fosh bo‘ldi.

Shu tariqa ushbu shaxs jami 24 mln. so‘m ekvivalentdagi naqd xorijiy valyutalarni bojxona nazoratidan chetlab o‘tib, olib chiqishga uringan ekan.

Iymon-e’tiqodini pulga alishgan, muborak Ka’ba ziyoratini tijorat safariga aylantirishga uringan Sh.Ahrorov bu qilmishining o‘zi uchun mudhish oqibatlaridan o‘z vaqtida xalos bo‘lganini bilarmikan?

Boisi, agarda u giyohvandlik vositalarini Saudiya Arabistoniga olib kirish vaqtida fosh etilganida, ushbu mamlakat qonunchiligiga ko‘ra o‘lim jazosiga xukm qilinishi mumkin edi.

Nafaqat qonunchiligimiz, balki muqaddas dinimiz talablariga ham zid ish tutgan Shamshi Ahrorovning qilmishi ortidan Ona Vatanimiz sha’niga dog‘ tushishi, yurtimizdan borgan ziyoratchilarga nisbatan esa salbiy qarashlar shakllanishining oldi olindi.

Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan yuksak g‘amxo‘rlik va berilgan ulkan imkoniyatni suiste’mol qilgan Sh.Axrorovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deya ma’lum qildi Davlat bojxona qo‘mitasining axborot xizmati.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Hajga qora, o'zbekistonlik qo'lga tushdi, dori olib, o'tmoqchi bo'lgan | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя