Главная » 2020 » Сентябрь » 17 » Haydovchiga besh million, artistga bir million jarima: mantiq qayerda qoldi, qonuniylik-chi?
11:39

Haydovchiga besh million, artistga bir million jarima: mantiq qayerda qoldi, qonuniylik-chi?


Qo‘shnisining qiziga uylanayotganini ma'lum qilgan xonanda Vohidjon Isoqov 14-sentabr kuni uylangani, uning to‘yi Tashkent City parkida bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi. Xonanda va uning turmush o‘rtog‘ini tabriklash uchun to‘yga ko‘plab shou-biznes vakillari tashrif buyurgan. Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi sanitariya-epidemiologiya talablarini buzib, mehmonlari soni ellikdan oshgan holda to‘y tadbirini o‘tkazgan estrada xonandasiga BHMning 5 baravari (1 million 115 ming so‘m) miqdorida jarima belgilangani haqda xabar tarqatdi. “Kun.uz” bu borada xonandaga jazo haqqoniy va adolatli tanlanmagani to‘g‘risida maqola e'lon qildi. Quyida ushbu maqola to‘lig‘icha keltirilgan.

Bu kabi savollarga karantinda o‘tgan yaqin o‘tmishimizni yodga olib javob izlashga urinib ko‘ramiz.

Eslab ko‘ring: yaqin-yaqinlarda ruxsat etilmagan vaqtda o‘z avtotransport vositasida harakatlangan haydovchilarga eng kamida bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari – 4 million 460 ming so‘mdan jarima qo'llandi. Bu ham yetmagandek avtomashinalari bir necha oylab qonunga xilof ravishda jarima maydonlarida ushlab turildi. Jarima-yu, jarima maydoniga to‘langan pullarning aniq hisobi bo‘lmasa ham kerak.

Bu kabi ayovsiz jarimalar ortidan karantin e’lon qilinganining dastlabki oyidayoq davlat xazinasi sal kam 50 milliard so‘mga boyidi. Ularning asosiy qismi karantin cheklovlari davrida avtomashinani boshqargan shaxslarga to‘g‘ri keldi.

Darhaqiqat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari (4 460 000 so‘m)dan 30 baravari (6 690 000 so‘m)gacha, mansabdor shaxslarga esa undan ham ko‘proq, 50 baravari (11 150 000 so‘m)gacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Ammo hozir gap bu haqda emas.

Endi mavzuning ikkinchi va asosiy qismiga o‘tib, xonanda Vohidjon Isoqov belgilangan me’yorlardan oshirib to‘y qilganlikda ifodalangan qilmishining huquqiy malakalanishi va unga qo‘llangan jazo miqdoriga to‘xtalsak.

Toshkent shahar IIBB xabarida Vohidjon Isoqov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasining qaysi qismi bilan javobgarlikka tortilgani aytilmagan. Mazkur moddaning birinchi qismida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lishga oid huquqbuzarlikka nisbatan javobgarlik nazarda tutilganini inobatga oladigan bo‘lsak, Vohidjon Isoqov shu moddaning ikkinchi qismi talabini buzgan bo‘lib chiqadi.

Biroq qo‘llangan jarima miqdori (BHMning 5 baravari) esa bu xulosani shubha ostida qoldirmoqda. Sababi 54-moddaning ikkinchi qismida jarima miqdori besh baravargacha emas, balki 20 dan 30 baravargacha belgilangan. Bu moddaning esa uchinchi qismi yo‘q.

Demak, bundan kelib chiqadiki qonun himoyachilari Tashkent City’da to‘y o‘tkazib, erkalik qilgan xonandani “avaylagan” bo‘lishlari mumkin.

Xabarda Vohidjon Isoqovga ma’muriy bayonnoma sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgani aytilgan. Xonanda niqob taqmagani uchun emas, aynan to‘y marosimida 50 dan oshiq mehmonlar qatnashgani uchun jazolangan. Respublika maxsus komissiyasining amaldagi qaroriga muvofiq, to‘y marosimlarida ishtirok etuvchilarning cheklangan soni 30 nafardan oshmasligi kerak.

Endi haqli e’tiroz paydo bo‘ladi: unda xonanda nima sababdan BHMning 5 baravari miqdorda jarimaga tortildi? Axir u karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzdi-ku?! Shunday ekan, unga nima uchun qonunda qat’iy belgilanganidan yengilroq jazo chorasi tanlandi?

Masalaning shu yeriga kelganda qonun normalari qo‘pol ravishda buzilgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Chunki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 33-moddasiga ko‘ra, javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni va huquqbuzarning moddiy ahvolini inobatga olgan holda belgilangan eng kam jazodan ham kamroq jazo yoki undan ham yengil jazo chorasini faqatgina sud qo‘llashi mumkin.

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiquvchi boshqa organ yengilroq ma’muriy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun ishni sudga yuborishi shart. Ya’ni, suddan boshqa birorta ma’muriy organ jazoni yengiliga almashtirishga vakolatli emas.

Shunday ekan, Vohidjon Isoqov ishida SES xodimlari o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan bo‘lishlari mumkinligi ehtimoli yuqori.

Ushbu holat vakolatli organlar tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, qonuniylik to‘liq ta’minlanishiga umid bildirib qolamiz.

Zero qonunlar oldida estrada xonandasi ham, oddiy haydovchi ham tengdir.


Manba: "daryo.uz"
| Теги: qonuniylik-chi, qayerda qoldi, mantiq, jarima, artistga, Haydovchiga, Million | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя