Главная » 2016 » Декабрь » 7 » Hayotimga issiq-sovuq aralashgan...
18:50

Hayotimga issiq-sovuq aralashgan...


«Kelin bo‘lib shu hovliga kelganimga 3 yil to‘libdi. Er-xotin – oramizdan qil o‘tmas do‘stmiz.  Buni ikkimizning sevishib, qiyinchiliklarni yengib turmush qurganimiz, erimning mulohazali inson ekanligidan deb bilaman. Ammo negadir bu yaqinligimiz qaynonamga yoqmaydi. O‘g‘lini ayirib, o‘zimga isitib olgan emishman. Qo‘ni-qo‘shnilar, o‘ziga yaqin odamlarga meni yomonlab o‘tiradi. «Ha, bu kelin balo, kimga nima qilishni, qaerga borishni yaxshi biladi» deb, meni folbinga qatnaydi, degandek gap orasida qistirib o‘tadi. Umrimda folbin kimu qaerda yashashini bilmayman, mantiqan o‘ylab ko‘rilsa, agar shu ish qo‘limdan kelganida birinchi navbatda qaynonamni o‘zimga isitib olgan bo‘lmasmidim? Shu haqda ham mulohaza yozinglar!»

Ismini sir tutgan mushtariy

Esimni tanigunimcha «Mahallada duv-duv gap» kinofilmidagi bir epizodini tushunolmay halak bo‘lardim. Nega ona bir qo‘rqinchli kishining oldiga borib, qog‘ozga nimanidir yozdirib, o‘g‘lining ovqatiga solib ichirmoqchi bo‘ladi? Sehr-jodu qilmoqchimi? Unda nega otasi o‘g‘lining ovqatini ichib qo‘yadi-yu unga balo ham urmaydi?

Nega ayrimlar fol ochish-u issiq-covuqqa ishonadi, buni amalda qo‘llashga urinadi,  ayrimlar esa «butunlay bo‘lmagan gap»  deb isbot talab qilishadi. Keling, shu haqda bilganlarimizni hikoya qilamiz.

«BAXTINI BOG‘LASh...» , «OMADINI O‘G‘IRLASh...» YoKI O‘ZIMIZNI O‘ZIMIZ QANDAY ALDAYMIZ?

Odamdan odamni ayirish, yoki aksincha bir-biriga «bog‘lab qo‘yish», kimnidir gah desa qo‘liga qo‘nadigan qilish – bular aslida yaramas istaklar, gunohi kabiralardir. Insonga ayon bo‘lmas sirlar borligi haqiqat, ko‘z tegishi, kimningdir badbin fikrlari sizning olamingizga ta’sir etishini – bular ilmiy isbotini topmagan bo‘lsa ham – mutloq inkor etishning iloji yo‘q. Ko‘pincha shu kabi holatlarga mutaassir kishilar aniq faktlar bilan og‘zingizga urishadi, «darvozamning tagida qum sepilganini ko‘rdim, axir yon-atrofimizda hech kim qurilish qilgani yo‘q, o‘shandan beri ishim orqaga ketyapti», deydiganlar topiladi. «Yoshim 30 ga to‘ldi. Tashqi ko‘rinishim, ma’lumotim, oilaviy ahvolim tuppa-tuzuk, lekin hali biror marta eshigimizni ostona hatlab sovchi kelgani yo‘q, axir bunday bo‘lishi mumkinmas-ku! Eng notavon qizni ham so‘rab kelguvchilar bor. Demak, kimdir baxtimni bog‘lab qo‘ygan» deydi yana bittasi. Ularga qarshi biror gap topib berolmay o‘ylanib qolasan kishi. Axir qanday qilib, odamzot Yaratganning ishlariga aralashishi, taqdirni o‘zgartirishi mumkin? Buning iloji bo‘lganda, har birimiz yon-atrofimizdagilarni o‘z xohishimizga ko‘ra, o‘zgartirib yuborganimizda,  shu paytgacha dunyo hozirgidan ko‘ra boshqacha bo‘lib ketgan bo‘lmasmidi?

NEGA «ISSIQ-COVUQ» QILIShADI?

Odamlarda o‘z muvaffaqiyatsizligiga boshqalarni aybdor qilish istagi ustunlik qiladi, huddi shuningdek, hech kim o‘zini yomon demaydi. Bizni «yoqtirmaydigan», aniqrog‘i aslida biz yoqtirmaydigan «aybdorlar»ni qo‘lidan ushlab, jazolashning iloji yo‘q-da, shuning uchun ulardan «o‘ch olish» uchun hech kim bilmas usullardan foydalanmoqchi bo‘lamiz. Qandaydir ovloq joylaru boylik uchun iymoni va vijdonidan kechgan firibgarlar oldiga yugurgilab qolamiz. Xo‘sh keyin-chi? Ikki-uchta chala ma’lumot bergani uchun folbinning allaqanday g‘ayrioddiy avliyo ekaniga ishonib, o‘shaning og‘zidan chiqqan gapga angrayib, kelinimizning ashaddiy afsungar ekaniyu qaynegachimiz o‘z akasini ko‘rolmasligini, qaerlardadir «amallar» ko‘mib qo‘yganini, ovsinimiz tugun bilan yo‘llarimizni bog‘lab tashlaganini tusmol qilib, alamimizni olmoqchi bo‘lamiz. hamma firibgarlarning ishlash formulasi bir xil: «siz qilmasangiz, sizga qilishadi!». «Eshikdan kirib keldingiz-u, «odamlarim» bo‘g‘ilib ketdi, bunchayam o‘qitib tashlashibdi sizni. Voy-voy-voy, shunchayam qiynaldingizmi, jonim... Sizni qaytariq qilgunimcha 40 kun chilla saqlashim kerak, ruhim ezilib ketyapti»... Bunday gaplarni asabi chatoq, laqmalar eshitsa, «ajalimga bir kun qolgan ekan, meni o‘limdan qutqarib qoldingiz» deb borini nazr-niyoz qilib yuborishdan ham qaytmaydi. To‘xtang, taqdiri azal Xudodan ekanligini unutishga haqqimiz bormikin? Inson ruhiyatining zaif jihatlarini yaxshi o‘zlashtirgan, gapga usta, yeng ichidagi toshini berkitib, go‘yoki tomog‘imizdan sug‘urib olingan «jodu»dek tog‘oraga tashlaydigan masxarabozga jaraq-jaraq pul tashlab kelib, o‘zimizni himoyalagandek xotirjam tortyapmizmi? Siz «domla»ning «turnaqator» navbatida turganingizda, sizni gapga tortuvchi, zimdan kuzatuvchi, o‘zaro suhbatlaringizga aralashuvchi, «domla»ning suvni teskari oqizuvchi nafasi borligini aytib, o‘z qizining baxti ochilib ketganini reklama qiluvchi, siz haqingizda ayrim gaplarni bilib olib, «domla»ning qulog‘iga shipshitib chiquvchi «maxsus odamlari» borligini bilasizmi? Qo‘ying, kimnidir kimgadir bog‘lash yoki ayirish uchun vositachi qo‘ymang, hatto siz odamlarga yomonlik istamayotgan bo‘lsangiz ham hammasini taqdir hukmiga qo‘yib bering, uning o‘zi barini joy-joyiga qo‘yadi.

«O‘G‘LIMNI QAYTARIQ QILDIRDIM...»

Malohat opa, 52 yosh:

– O‘g‘lim 28 yoshga to‘ldi. Bir yildan beri turmushidan ajralgan juvonga ilakishib qolgandi. Har qancha gapirsak ham gap kor qilmadi, otasining nasihati, hatto ur-tepkisi ham yo‘lidan qaytarolmadi. Oxiri yaqinlarimning maslahati bilan bir «odami bor» ayolga bordim. U menga o‘g‘limning kiyim, sochlarini olib kelishimni aytdi. Aytganlarini bajargandim, yaxshilab «o‘qib berdi». O‘g‘lim shu kunlarda kechalari ketib qolmayapti, shukr.

ASLIDA: Bizning aybimiz, muammoning sababini hech qachon o‘rganmasligimizdir. Shuning uchun ham kim qanday yechim aytsa, ishonib ketaveramiz. O‘zimizni har cho‘qqiga uramiz. Nega bo‘z yigit 28 yoshgacha uylantirilmadi? Opasi erga tegdi, singlisini uzatishga to‘g‘ri keldi, yillar o‘tdi, tengdoshlari uylanib, bolali bo‘layotgan bir paytda yigit ham oromni ko‘chadan izladi va topdi. Yoki aksincha, qizimizning yurish-turishi odob doirasida emas, yoki bo‘lmasa, oilamizda kunu tun janjal, shuning uchun ham  eshigimizdan sovchilar aylanib o‘tayotgan, yoki shunchaki tengi topilmayotgan qizimizni qaysidir «dushmanlarimiz» ning «issiq-sovug‘» idan «qaytariq» qilib, taskin topmoqchi bo‘lamiz. Keling, duoi fotihamizni boshqalarga ishonmay, o‘zimiz qilaylik-da, yaxshisi, baxtimiz va muvaffaqiyatsizliklarimizga to‘siq bo‘layotgan muammolarimizni o‘rganib chiqaylik va bartaraf etaylik.

«HOMILADOR BO‘LASAN DEGANDI, AMMO...»

Gulnoza, 27 yosh:

– 7 yilga yaqin xomilador bo‘lolmay, qilmagan ishim qolmadi. Tibbiyot yordam berolmagach, qaynonam sho‘rlik «bir oydan keyin boshqorong‘i bo‘ladi» deb aldagan bir firibgar «o‘qiydigan ayol» ga palon million so‘mlik tilla komplektlarini sovg‘a qilib yubordilar. Odam boshiga ish tushganda hammadan shubhalanadi, najot kutadi va xatoga yo‘l qo‘yar ekan. Nochor vaziyatingdan esa ustomonlik bilan foydalanadigan odamlar bo‘larkan. «To‘yingiz kuni kimdir sizlarni issiq-sovuq qilgan» deganlar ham bo‘ldi. Kelin erini o‘ziga “isitib”, qaynona o‘g‘lini qizg‘anib, “sovutib” yurganini, ikki orada o‘g‘il bechora jinni bo‘layozganini eshitganman. Bunday masalalarni jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.  Hozir shuni tushundimki, nimaiki biz o‘ylagan vaqtda sodir bo‘lmayaptimi, demak bu hayot sinovi, taqdir imtihoni. Katta-kichik sinovlar esa ko‘p bo‘ladi, iymoni butun odam bunday imtihonlarda dinimiz qaytargan ishlardan nari yuradi.

IYMONNI MUSTAHKAM QILING!

 Islom dini olimlari tomonidan aytilgan odamlarga taskin beruvchi shunday mulohazalar bor: «Mo‘min banda hamma narsa Allohning qazoi qadari va xohishi bilan sodir bo‘lishiga imon keltiradi. Sehr-jodu, amallar, ko‘z tegishi-odamning kuchi bilan emas, faqat Allohning izni bilangina bandaga zarar yetkazadi». Demak, o‘z hayotini yo‘lga qo‘yolmay, tirikchiligini «jinlari» bilan o‘tkazadigan, dinda bu ish bilan shug‘ullangan odam imondan chiqishi haqida aytilgan bo‘lsa ham, odamlarning ko‘ziga uyida tasbeh, joynamoz osib qo‘yib, childirma chalib o‘tirib, boylik topadigan bir guruh yolg‘onchi «azayimxon»larga ishonmay, sabab va himoyani kishi o‘zidan izlashi lozim. Xotirjam bo‘lingki, pokiza yurgan, nafaqat amallari ezgu, balki xayollari ham yaxshilik bo‘lgan odamga yomonlik yaqinlasha olmaydi.

 Aslida, taqdir degan azaliy bitikda ikki yo‘l bo‘ladi: to‘g‘ri va noto‘g‘ri. Taqdir sinovlarida to‘g‘ri yo‘ldan borsak, mukofotini ko‘ramiz, albatta. Oiladagi arzimagan kelishmovchiliklarni deb, farzandimiz, kelinimiz, qaynonamizning ruhiy olamiga doxil bo‘lishdan saqlanaylik. Ko‘pchiligimizda kuzatilgan holat: «boshim og‘riyapti» deb kimnidir aldasak va o‘zimizni kasaldek tutsak, biroz o‘tmay, chindan ham boshimiz qattiq og‘rib qoladi. Biz atay yomonlik istab tursak, nafrat bilan yashasak, yonimizdagi odamga ham uning ta’siri bilinadi, «ana, «domla»ning «amali» kor qildi, deb suyunmasdan, muammoni ildizi bilan qo‘porishga urinaylik, munosabatlarni mulohaza va murosa yo‘li bilan hal qilaylik.             

                                                                                                             Aziza QURBONOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: issiq-sovuq, Hayotim | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя