Главная » 2020 » Июль » 11 » Hindistonda karantin vaqtida ishsizlik ortgani va maktablar yopilgani sababli bolalar nikohi ko‘paydi
12:23

Hindistonda karantin vaqtida ishsizlik ortgani va maktablar yopilgani sababli bolalar nikohi ko‘paydi


Hindistonda koronavirus pademiyasi munosabati bilan joriy qilingan karantin vaqtida bolalar o‘rtasidagi nikohlar soni ko‘paydi. OAV va ijtimoiy soha xodimlari bunday hodisaning asosiy sabablari sifatida cheklov choralarining iqtisodiy oqibatlarini ko‘rsatmoqda. Bu haqda TJournal xabar berdi.

Hindistonda bolalar o‘rtasidagi nikoh rasman taqiqlangan bo‘lsa-da, mamlakatda hali ham bu holat saqlab qolingan. Bolalar o‘rtasidagi nikohning ko‘paygani bir nechta shtatda qayd etilgan.

Maxarashta shtatining ayollar va bolalar ishlari bo‘yicha departamenti ma’lum qilishicha, shtatda mart oyidan iyun oyigacha bolalar o‘rtasidagi 80 ta nikohning oldi olingan. Telangan shtatida shu vaqt oralig‘ida department 218 ta shunday holatga to‘sqinlik qilgan.

Tamilnad shtatining Tiruvannamalay okrugida iyun oyida bolalar nikohlari soni 40 taga yetgan, o‘tgan ikki yil ichida esa 27 ta shunday nikoh aniqlangandi.

Shuningdek, Odisha shtatida 183 ta, G‘arbiy Bengaliyada 138 ta, Jarkxand shtatida 56 ta shunday holat qayd etilgan. Bunda nikoh asosan kichkina qizlar, o‘smir qizlar hamda yigitlar va katta yoshli erkaklar o‘rtasida bo‘ladi.

Tiruvannamalaydagi ijtimoiy ta’minot xodimining fikricha, mazkur holatlarning ko‘payishiga COVID-19 “juda yaxshi hissa qo‘shgan”. Xodimning qayd etishicha, karantin fonida oilalar to‘ylarni kam sonli mehmonlar bilan kamxarj o‘tkazishi mumkin.

Qayd etilishicha, bolalar o‘rtasidagi nikohning ortishiga yana bir sabab ishsizlik hisoblanadi. Odamlar pandemiya vaqtida ishsiz qolmoqda va ularda moliyaviy noaniqliklar yuzaga kelmoqda.

Vice nashri qizini to‘yning barcha xarajatlarini to‘lagan va qalin talab qilmagan kuyovga berishga rozi bo‘lgan oilani misol qilib keltirgan.

The Indian Express’ning yozishicha, maktablar yopilganidan keyin ota-onalar har doim ham bolasini boqa olmaydi. Ijtimoiy ta’minot xizmati xodimining ma’lum qilishicha, ko‘p hollarda oilalar yana bir odam uchun to‘lashga puli yo‘qligini aytadi. Ko‘plab bolalar maktabda bir mahal beriladigan ovqatga bog‘lanib qolgan. Shuningdek, ota-onalar bolalar, ayniqsa, qizlar xavfsizligi masalasida tashvishlanadi. Ota-onalarning fikricha, qizlar maktabga bormagan vaqtda tegajog‘liklar oldida ojiz qoladi.

Vice’ning yozishicha, Hindistonda bolalar nikohlarining hisob-kitobi milliy darajada olib borilmaydi. Ma’lumotlar nodavlat tashkilotlar va mahalliy hokimiyatlar tomonidan yig‘iladi, ba’zi holatlarda esa bunday nikohlar oshkor qilinmaydi. Shu sababli haqiqiy holat boshqacha bo‘lishi mumkin. “Biz ko‘rib turganimiz faqat aysebrgning uchi”, — deya ma’lum qilgan ijtimoiy ta’minot xodimi.

The Times of India nashrida qayd etilishicha, Hindistonda qizlar 18 yoshgacha, yigitlar 21 yoshgacha rasman nikohdan o‘tishi mumkin emas. Biroq amaliyotda bu taqiq har doim ham ishlamaydi, huquq himoyachilari esa ko‘pincha bo‘lib o‘tgan nikohdan bexabar qoladi.

Eslatib o‘tamiz, Hindiston koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o'rinda turibdi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: maktablar yopilgani, ko‘paydi, bolalar nikohi, sababli, Hindistonda, ishsizlik ortgani, karantin vaqtida | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя