Главная » 2020 » Апрель » 29 » Hindistonlik shifokorlar yangi turdagi koronavirusning 10 ta mutatsiyasini aniqladi
13:31

Hindistonlik shifokorlar yangi turdagi koronavirusning 10 ta mutatsiyasini aniqladi


Yangi turdagi koronavirus mutatsiyaga uchrab, uning 10 ta turli ko‘rinishi yuzaga kelgan. Ulardan biri — A2a boshqa barcha mutatsiyalarning o‘rnini egallab, turli geografik mintaqalarda keng tarqalgan. Bu haqda hindistonlik shifokorlarning tadqiqotlari natijalariga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Tadqiqot Hindistonning Biotibbiy genomika milliy instituti olimlari Nidxan Bisvas va Partxa Majumder tomonidan o‘tkazilgan bo‘lib, yaqin vaqt ichida “Hindiston tibbiy tadqiqotlar jurnali”da e’lon qilinadi.

“Koronavirusni ko‘plab turlarga ajratish mumkin — O, A2, A2a, A3, B, B1 va hokazo. Hozirgi paytda 11 ta mutatsiya mavjud. Ular qatoriga Uxanda paydo bo‘lgan dastlabki ko‘rinish — O ham mavjud”, — deya ma’lum qilgan Majumder.

Tadqiqot mualliflarining ma’lum qilishicha, yangi turdagi koronavirusning A2a nomli mutatsiyasi odam o‘pkasi hujayralariga juda yaxshi kirib boradi, shu sababli kasallik barcha mintaqalarda keng tarqalgan. Olimlarning ma’lum qilishicha, A2a mutatsiyasi koronavirus yuzasidagi asosiy oqsilning tarkibini o‘zgartirgan. Bu esa koronavirusning o‘pka hujayrasi yuzasidagi oqsil bilan osongina aloqaga kirishishiga imkon beradi.

Shifokorlar butun dunyo bo‘yicha COVID-19 ustida tadqiqot olib borgan olimlar tomonidan GISAID ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan RNK ketma-ketligi haqidagi ma’lumotlardan foydalangan. Hindistonlik tadqiqotchilar 2019-yilning dekabr oyidan 2020-yilning 6-apreliga qadar 55 ta mamlakatdan yig‘ilgan 3,6 mingta koronavirusning RNK ketma-ketligidan foydalangan.

Hindistonda kasallangan kishilarning RNK davomiyligidan iborat to‘plam juda kam (35 ta namuna) bo‘lsa ham, A2a mutatsiyasi 47,5 foiz holatda aniqlangan. Ta’kidlanishicha, A2a mutatsiyasi bilan zararlangan kishilarning aksariyati Hindistondan tashqarida safarda bo‘lmagan. Tadqiqotchilarning ma’lum qilishicha, A2a mutatsiyasi Hindistonda ustunlik qilishi haqida biror xulosa chiqarish uchun RNK ketma-ketligining ko‘proq namunasi kerak bo‘ladi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistonda 29 mingdan ortiq kishi koronavirus bilan xastalangan, ayni paytda 21 mingdan ortiq bemor davolanmoqda. Kasallikdan tuzalganlar soni 6800 kishidan oshgan, 934 kishi kasallik qurboniga aylangan.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: mutatsiyasini, Shifokorlar, aniqladi, koronavirusning, Hindistonlik | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя