Главная » 2021 » Февраль » 18 » «Ichishga suvi ham yo‘q davlat qanday boyidi?»: Singapurning raqamli iqtisodiyoti haqida
21:48

«Ichishga suvi ham yo‘q davlat qanday boyidi?»: Singapurning raqamli iqtisodiyoti haqida


Singapurning maqsadi raqamli texnologiyalarni shunchaki rivojlantirish bilan cheklanmaydi, o‘z tajribasini eksport qilishni ham rejalashtirgan (ma’lumot uchun: mamlakat YaIMning uchdan ikki qismi tashqi bozori hisobiga shakllantiriladi). So‘nggi 4 yilda mamlakat iqtisodiyotini raqamlashtirish va raqobatbardoshliligini oshirish maqsadida hukumat 2,4 mlrd. Singapur dollari ($1,68 mlrd.) ajratdi. Kichik va o‘rta biznesning raqamli imkoniyatlarini oshirishga esa — $56,43 mln.

Mamlakatda davlat agentliklari va texnoparklar firmalarga rivojlanishining turli bosiqichlarida maslahat yordamlari ko‘rsatadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sinovdan o‘tkazadigan kompaniyalar qo‘shimcha moliyalashtiriladi.

Singapur yaqin kelajakda raqobatbardosh, mamlakat YaIMning 20 foizigacha beradigan sanoat sektorini barpo etishni ko‘zlagan. Shundan kelib chiqib, mamlakat soliq tizimini isloh qilib, yanada universal, progressiv va adolatli tizimga aylantirish ketmoqda.

Mamlakat pul-kredit boshqaruvidagi tartiblar yaqinda yangilandi: tashkilotlarga innovatsion servis va texnologiyalarni ancha yengillashtirilgan sharoitda «sinab ko‘rish» imkoni berildi. Xususan, chet el bozorlariga uchirma bo‘layotgan Singapur kompaniyalarini qo‘llash uchun $423 millionlik jamg‘arma tashkil etilgan.

Singapur yalpi ichki mahsulotining qariyb uchdan ikki qismi tashqi talab hisobiga shakllantirilmoqda — eksportning roli o‘ta muhim. Mamlakat xalqaro shart-sharoitlarga moslashishi uchun so‘nggi o‘n yillar davomida uning iqtisodiy siyosatiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritildi.

Muammolar yo‘qmi?

Singapur «bir kunda» qurilmagan. Chinakam taraqqiyotni ko‘zlaganlar muammoni katta-kichikka ajratmaydi — har biri muhim.

Global o‘sishidagi sustlik, eksport yo‘nalishlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar va shiddatli texnologik yangilanishlar — mamlakat oxirgi yillarda eng ko‘p duch kelayotgan muammolar.

Singapur shularni hisobga olib eski hamkor-davlatlar bilan savdoni yanada erkinlashtirish, qolaversa, o‘zi uchun yangi bozorlarga kirib borishga intilmoqda. Xususan, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Xitoy va Hindiston bilan aloqalar yanada kuchaytirilyapti.

Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining o‘ziyoq mamlakat iqtisodiyotining yillik 2-3 foizgacha o‘sishini kafolatlashi singapurlik strateglar tomonidan hisoblab chiqilgan.

«Aqlli millat»

Singapurning «Aqlli millat» («Smart Nation») tashabbusiga 2014-yil 24-noyabrida bosh vazir Li Syan Lun rasman start bergandi.

Ushbu dastur mamlakat qurayotgan raqamli yoki kelajak iqtisodiyoti tamoyillari oliy ifodasi bo‘lib, ta’bir joiz bo‘lsa, uni quruvchi mexanizmdir.

«Smart Nation» tashabbusi shahar-davlatdagi muammolarga yechim bo‘lajak innovatsion texnologiya tizimlari uchun Singapurni haqiqiy sinov poligoniga aylantiradi. Masalan, «aqlli» avtomobillar, telemeditsina loyihalari va boshqalar.

Birinchi maqolada Andijon va Toshkent misolida Singapurda aholi o‘ta zich yashashini qiyoslashga harakat qilgandik. Ammo «zichlik» singapurliklar yaxshi yashashi yo‘lida to‘siq bo‘layotgani yo‘q. Qanday uddalashyapti?

Shaharni yangilashni avvalo butun Singapur bo‘ylab «aqlli» kameralar o‘rnatishdan boshlashdi, «Aqlli millat» dasturi mutaxassislariga birinchi navbatda uy-joy, sog‘liqni saqlash, transport tarmog‘idagi muammolarni hal etish vazifasi yuklandi.

Uy-joy

Ma’lumotlarga ko‘ra, Singapur aholisining 80 foizi davlat qurib bergan shinam va hamyonbop xonadonlarda yashaydi.

Misol: Yuxua tumanidagi dahalardan biri to‘lig‘icha «aqlli» sensorlar kuzatuvi ostida. Elektr energiyasi, suv va boshqa kommunikatsiyalar real vaqt tartibida nazorat qilib boriladi va xarajatlar optimallashtiriladi. Ya’ni hech yerda ortiqcha lampochka yoniqligicha yoki krandagi suv ochiqligicha qolib ketmaydi. Yana birinchi maqolaga qaytamiz: o‘zida yo‘qligi bois Singapur ichimlik suvini to‘liq qo‘shni Malayziyadan keltiradi — suvning tomchisigacha valyuta.

Yuxuada chiqindilarni boshqarishning vakuum tizimi hamda o‘z energiyasini quyosh batareyalaridan olish ham yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, yuqoridagi sensorlar resurslarga sarflangan mablag‘larni hisoblab, aholiga maishiy xarajatlarni qanday tejashni ham maslahat berib boradi.

Bu «Smart Nation» doirasidagi sanoqsiz loyihalardan birgina misol, xolos.

Sog‘liqni saqlash

Aholining qarishi, keksalar uchun davlat xarajatlarining oshib borishi — aksariyat taraqqiy etgan mamlakatlar oldida turgan global muammo.

Singapur — yoshlar keksalarni ulug‘laydigan, farzandlar ota-ona uchun mas’uliyatni birinchi o‘ringa qo‘yadigan mamlakat. Shuning uchun ishidan-da voz kechib, keksa ota-onasiga qarashga ketayotganlar mehnatga yaroqli aholi orasida ko‘payib boryapti. Singapur sog‘liqni saqlash tizimi oldidagi birinchi masala — aynan keksalar.

Besh-olti yil avval mamlakatda keksa fuqarolarni kuzatish tizimini sinovdan o‘tkazishni boshlashdi. Xonadonlarga keksalar harakatini tinmay kuzatadigan kameralar o‘rnatishdi. Tizim bironta shubhali holatni sezsa (yiqilish yoki uzoq vaqt harakatsizlikka o‘xshash) darhol yaqin qarindoshlar yoki tibbiy tez yordamni ogohlantiradi.

Tizim texnologiyalari sinovlari xarajatlarini davlat o‘z bo‘yniga oladi, keyinchalik istovchilar uni o‘z hisoblaridan o‘rnattirib foydalanishlari mumkin.

«Smart Nation» tamoyiliga ko‘ra, davlat barcha sinovlar uchun xarajatni ko‘taradi, tizimni tayyor holatga keltiradi, keyin esa xususiy tadbirkorlarga berib yuboradi.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi raqamli islohotlardan yana bir muhim yo‘nalish — telemeditsina (shifokor bilan masofadan bog‘lanish) tizimi. 2014 yildan boshlab shifoxonada davolanib chiqqanlarning ayrimlari sinov tariqasida tiklanish jarayonini uylarida davom ettirishni boshlashdi. Bemor shifokordan maslahat olishi uchun videoaloqa tashkil etib beriladi.

Transport

Singapur yo‘llarida jahonda birinchilar qatorida haydovchisiz avtomobillar va avtobuslar sinovdan o‘tkazilgan.

2016 yildan shahar ko‘chalarida haydovchisiz avtobuslar qatnovi sinovlari boshlandi.

«Aqlli» sensorlar transport tizimiga ham yordamga keldi: jamoat transporti harakatlanishi tinmay kuzatib borilishi va yuzaga kelgan muammolar vaqtida bartaraf etilishi yo‘lovchilarning bekatlarda kutish vaqtini o‘rtacha 3-5 daqiqagacha qisqartirdi.

2020 yildan Singapurda barcha haydovchilarga o‘z mashinalariga navigatsiya tizimi o‘rnatish majburiyati qo‘yildi. Har bir mashinaning harakatlanishi real vaqt tartibida kuzatib boriladi. Olingan ma’lumotlar yo‘llardagi muammolar (xususan, «probkalar» hosil bo‘lishi, avariyalar)ni bartaraf etishda muhim. Haydovchilarga ham qulay: parkovga yoki pulli yo‘llardan foydalanilganda to‘lov avtomatik ravishda amalga oshadi, qolaversa, yo‘llardagi vaziyat haqida oldindan ma’lumot olishadi.

Virtual Singapur (yagona ekotizim)

Yuqorida sanalgan uy-joy xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va transport sohalaridagi tashabbuslar birgalikda yagona ekotizimni tashkil etadi — «Virtual Singapore». Shahar haqidagi barcha kerakli ma’lumotlar: kvartiralar o‘lchamlari, derazalari qay holatda joylashgan — santimetrigacha aniqlikda va qanday materialdan yasalgan, barchasi Virtual Singapurda to‘planadi.

Avtomobillar harakatlanishi va zichligi, piyodalar oqimi zichligi, suv va elektr sarfi, shahar mavzelaridagi shovqin darajasi, hatto nafas oladigan havoning sifatigacha barcha ma’lumotlar ushbu ekotizimda to‘planib, yuzaga kelgan muammolarning yechimini topishga darhol kirishiladi.

«Aqlli millat» dasturi moslashtirib beriladi

Singapur taraqqiyotining muhim jihatlaridan biri uning jug‘rofiy joylashuvi. Bu shahar-davlatda texnologiyalarni rivojlantirish masalasi tumanlar rahbarlari bilan kelishib ham o‘tirilmaydi. «Smart Nation»dan maqsad aslida shu — kelajak shahariga aylanish.

Albatta, Singapur tajribalarini shundoqqina olib borib, boshqa bir mamlakatda tatbiq etish juda murakkab ish. Ammo qoyil qolmaslikning iloji yo‘q: Singapur istalgan sohadagi tajribasini moslashtirib beradi, tayyor servis yoki xizmat eksport qilinadi. Mamlakat hukumati o‘z ma’lumotlarini ochiqlab, xorijdan mustaqil ekspertlarni jalb etishga tadorikni ham allaqachon boshlab yuborgan.

«Katta og‘a»

Hammayoqda kameralar, sensorlar, bosilgan qadam kuzatuv ostida — «1984» asarini, «Katta og‘a»ni eslatib yubormayaptimi?

Singapurliklarni bu masala o‘ylantirgani ham yo‘q. «Google»ga shaxsiy ma’lumotni taqdim etgandan ko‘ra, ishonchingni qozongan hukumatingga kerakli ma’lumotlarni berganing chandon xavfsiz. Buning ustiga hukumatning o‘zi shaffof bo‘lsa.

Darvoqe, Singapur korrupsiyadan xolilik reytingi (Corruption Perceptions Index 2020)da jahonda 3-o‘rinda. Reytingdagi qo‘shnilari: Daniya (1-o‘rin), Yangi Zelandiya (2), Finlyandiya, Shvetsiya va Shveysariya (3, Singapur bilan bir xil ko‘rsatkich). Shu yerdayam mantiqiy izchillik.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Singapurning, raqamli, iqtisodiyoti haqida (ikkinchi maqol | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя