Главная » 2017 » Июль » 24 » Ichki ishlar xodimlariga o‘zini fuqarolardan ustun qo‘yish va boshqalar qat’iyan man etildi
18:24

Ichki ishlar xodimlariga o‘zini fuqarolardan ustun qo‘yish va boshqalar qat’iyan man etildi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil 10 aprel kuni imzolagan “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ichki ishlar organlari mansabdor shaxslari, shu jumladan profilaktika inspektorlarining aholi bilan muloqoti yo‘lga qo‘yilmagani, fuqarolar bilan muomala madaniyati pastligicha qolayotgan aytib o‘tilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2017 yil 14 iyuldagi buyrug‘i bilan ichki ishlar organlari xodimlari uchun muomala madaniyatini oshirish choralari belgilab berildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabarbermoqda.

– muomala madaniyatiga rioya etish ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy faoliyatini va xizmatdagi xulq-atvorini baholashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanishi;

– ichki ishlar organiga yoki aniq bir xodimga murojaat qilgan har qanday shaxs zudlik bilan qabul qilinishi va e’tibor bilan tinglanishi shartligi;

– ichki ishlar organlarining barcha darajadagi rahbarlari o‘z xodimlarini qo‘pollik va loqaydlikka nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashlari, o‘zaro va fuqarolar bilan qo‘pol muomalada bo‘lish holatlariga qat’iy munosabat bildirishlari hamda xulq-atvor va muomala madaniyatlari bilan o‘zlari shaxsiy namuna ko‘rsatishlari zarurligi belgilab qo‘yildi.

Ichki ishlar organlari xodimi:

– har doim aholi ko‘z o‘ngida ekanligini hamda ichki ishlar organlarining obro‘si uning xulq-atvoriga va xatti-harakatlariga bevosita bog‘liq ekanligini hamda ichki ishlar organlariga murojaat qilgan har bir fuqaroga yordam ko‘rsatish aholida ichki ishlar organi faoliyati to‘g‘risida ijobiy fikrni shakllantirishini yodda tutishi;

– fuqarolar bilan xushmuomala bo‘lishi, ularning murojaatlariga xolisona va vijdonan yondashishi, ayniqsa, bolalar, ayollar va qariyalarga alohida e’tibor qaratishi;

– ichki ishlar organlariga olib kelingan har bir inson shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligini yodda tutishi va aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi;

– fuqarolar bilan muloqotda sansalorlikka yo‘l qo‘ymasligi hamda bevosita o‘z vakolatlari doirasiga kirmaydigan murojaatlar yuzasidan fuqarolarni tegishli rahbar yoxud malakali mas’ul xodim bilan bog‘lashi;

– ichki ishlar organlariga chaqirilgan (olib kelingan) fuqaroga birinchi navbatda o‘zini tanishtirishi, unga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, uning chaqirilishi yoxud yo‘lda to‘xtatilishi sabablarini tushuntirib berishi, uning savol va tushuntirishlariga nisbatan e’tiborli bo‘lishi, unga taalluqli masalaga oid qonun hujjatlari normalarini tanishtirishi, basharti fuqaro takroran chaqirilgan hollarda uni zudlik bilan qabul qilishi hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlik qilganligi uchun minnatdorlik bildirishi zarur.

Xodimlar uchun quyidagilar qat’iyan man etildi:

– o‘zini fuqarolardan ustun qo‘yish, ularga nisbatan bepisand munosabatda bo‘lish yoki qo‘pollik qilish, yolg‘on gapirish yoxud boshqa asossiz bahonalar bilan ularni chalg‘itish;

– fuqarolarni sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi xatti-harakatlar va muomalaga (haqorat qilish) yo‘l qo‘yish, ularga nisbatan qonunga xilof ravishda jismoniy kuch ishlatish yoki shunday kuch ishlatish bilan qo‘rqitish;

– jismoniy shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqishdan bo‘yin tovlash yoki ko‘rib chiqishni asossiz rad etish;

– xizmat zarurati bilan ichki ishlar organlariga chaqirilgan (olib kelingan) shaxslarni asossiz kuttirib qo‘yish;

– xizmatni olib borish vaqtida, shuningdek xizmat kiyimida spirtli ichimliklar iste’mol qilish.

Ichki ishlar organlariga murojaat qilgan har bir fuqaroning muammosini atroflicha o‘rganish va o‘z vakolati doirasida qonuniy hal etish har bir xodimning xizmat burchi ekanligi ham ushbu buyruq orqali belgilab qo‘yildi, deyiladi xabarda.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: o‘zini, boshqalar, fuqarolardan ustun qo‘yish, man etildi, qat’iyan, Ichki ishlar xodimlari | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя