Главная » 2017 » Июль » 29 » Insonlarga yaxshilik qilish
10:23

Insonlarga yaxshilik qilish


Insoniyatni johiliyat zalolatidan Islom nuri sari yuzlanishga sabab bo‘lgan ulug‘ zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytganlar:

«Quyosh balqigan har bir kunda ikki kishi o‘rtasini adolat bilan isloh etishing – ehsondir.

Bir kishini uloviga minishida yordam berishing va yukini uloviga ko‘tarib yuklab berishing ehsondir. Bir kishiga tabassum bilan yaxshi so‘z aytishing — ehsondir. Namoz sari bosgan har bir qadaming barobarida sen uchun ehson bor, odamlarga aziyat beradigan narsani yo‘ldan bartaraf etishing ham senga ehsondir».

Bugun mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, xonadonimizdagi osoyishtalik, dasturxonimizdagi to‘kinchilik Yaratganning biz bandalariga ko‘rsatayotgan cheksiz rahmati, yurtdoshlarimizning ezgu ishlari samarasi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Islom hidoyatida tarbiya ko‘rgan va uning sof va pok buloqlaridan bahra olib ulg‘aygan musulmon kishisi o‘zi yashab turgan jamiyatdagi barcha insonlarga naf keltirishga, ulardan zararni daf qilishga sa’yu-harakat qiladi. Chunki, u haqiqat, yaxshilik, fazilat kabi odob-axloq asosida tarbiya olgan.

Zotan, har bir kunini, yoinki har bir soniyasini o‘zgalar korini oson qilishga, o‘ksiklarning ko‘nglini ko‘tarishga baxshida etadigan insonlar chinakam fidoyilardir. Insonlar xizmatida bo‘lish, ularga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zish va xojatlarini ravon qilishda doimo sa’y-harakatda bo‘lish — ulkan saodat.

Insonlarga yaxshilik qilish — uni ikki dunyo saodatiga olib kelishini yaxshi anglaydi. Alloh taolo xitob qilib aytdi:

«Ey, imon keltirganlar! Ruku’ qilingiz, sajda qilingiz va Rabbingizga ibodat qilib ezgu ish qilingiz — shoyadki, najot topsangiz!».

Musulmon kishi ushbu oyati karima mazmunidan kelib chiqib o‘zgalarga yaxshilik qilishga astoydil harakat qiladi. Chunki, u yaxshilik yo‘lida qo‘yilgan har-bir qadam uchun Allohdan ulug‘ ajrlar bo‘lishiga qat’iy ishonadi.

Alloh taolo O‘z kalomida sizu biz, ya’ni bandalariga qarata xitob qiladi: «Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang («Moida» surasi, 2-oyat).

Insonlarni doimo yaxshi ishga dalolat qilmoq katta-yu kichik, yosh va keksalarning burchidir. Ayniqsa, yoshi ulug‘ kishilarimiz yoshlarga qilayotgan pandu nasihatlarini tinglab, amalda qo‘llab borsak, aslo adashmaymiz, hayotimiz yanada go‘zal hamda farovon bo‘ladi.

Musulmon kishi o‘zining ijtimoy hayotida ado qiladigan yaxshi amallari bilan namoz o‘qish uchun masjid sari bosgan qadami o‘rtasidagi bu bog‘lanish qanday ham go‘zal! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shuni alohida ta’kidlaydilarki, Islom dini Insonga va uning dunyo va oxiratdagi hayotiga doir barcha ishlarni isloh etish va tartibga solish uchun kelgan bo‘lib, din va dunyo, ijtimoiy va ruhiy hayot o‘rtasini aslo ajratmaydi.

Dunyoda savobga, yaxshilikka olib boradigan ishlar juda ko‘p. Jumladan, ota-onasiga yaxshilik qilish, qo‘ni-qo‘shnisiga, aka-ukasiga, qavmu-qarindoshlariga, mahalla-ko‘ydagi yordamga muhtojlarga, qarovsizlarga ko‘mak berish singari xayrli ishlarni o‘z burchi, deb qabul qilish yuksak insoniy fazilatlardir.

Ongli musulmon tasavvurida insonning barcha amallari, modomiki niyatida Alloh taolo roziligini topish bo‘lsa, shubhasiz ibodat kabi bo‘ladi.

Shuning uchun ham musulmon kishisiga yaxshilik eshiklari doimo ochiq, u Allohning keng rahmati, beqiyos savoblari va rahmati soyasida bu eshiklardan xohlagan vaqtida kiraveradi.

Ulug‘ sahoba Jobir (rz.) Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi, Ul zot: «Yaxshilik qilishning barchasi — sadaqadir» — deb marhamat qilganlar.

Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Bir kishining ulovga minishida yordam berishing yaxshilik — ehsondir. Bir kishiga tabassum ila yaxshi so‘z aytishing ham yaxshilikdir, odamlarga aziyat beradigan narsani yo‘ldan olib tashlashing ham senga yaxshilikdir, ikki kishi o‘rtasida adolat bilan isloh qilishing yaxshilikdir. Moddiy yordamga muhtoj oilaga muruvvat qilishing ham sen uchun yaxshilikdir. Kishiga bu kabi yaxshiliklarni ado etgani uchun Alloh, unga qalb musaffoligini beradi, qolaversa, ko‘p xayru savoblarga ega bo‘ladi», deganlar.

Abu Hurayra (rz.) Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan naql qiladilar. Ul zoti sharif aytdilar: «Tabassum bilan aytilgan chiroyli so‘z — sadaqadir».

Abu Muso (rz.)dan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytdilar:

«Har bir musulmon kishisi sadaqa-ehson qilmog‘i lozim. Sahobayi kirom savol qilib so‘rashdi: Ey Allohning Rasuli! Agar sadaqa qilishga biror narsa topa olmasa nima qiladi? Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Qo‘li bilan mehnat qiladi, o‘ziga ham foyda keltiradi va sadaqa ham qiladi. Ular so‘rashdi: Ey Allohning Rasuli! Agar bunga qodir bo‘lmasa, nechora qiladi? Ul zoti sharif dedilar: Qiynalgan, muhtoj kishiga yordam qiladi. Ashoblar savol qilishdi: Ey Rasululloh! Agar buni ham qila olmasa nima qiladi? Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam javob berib aytdilar: «Yaxshilikka yoki xayriyatga yo‘llaydi» Sahobayi kirom so‘rashdi: Buni ham qila olmasa-chi,? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytdilar: «O‘zini yomonlikdan tiyadi, shu narsa undan sadaqa bo‘ladi».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarini (Har bir musulmon kishisi sadaqa-ehson qilmog‘i lozim, degan so‘z bilan boshladilar, so‘ngra turli xayrli, ma’ruf va yaxshiliklarni sanab o‘tdilar. Musulmon kishisi bu amallarni qilishi orqali ulug‘ savoblarga erishishi mumkin. Demak, musulmon kishisi sadaqa-ehson qilmog‘i, ya’ni o‘zi yashayotgan jamiyat farovonligi va saodati yo‘lida xayrli amallarni ado etmog‘i lozim. Agar bundan ojiz bo‘lsa yoki biror-bir sabab yuzasidan qila olmasa, u vaqtda tili va qo‘l-oyoqlarini yomonlikdan tiysa, shubhasiz ajru-savobga sazovor bo‘ladi. Musulmon kishisining barcha sa’yu harakatlari inson manfaati xizmatida bo‘lish zarur. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytdilar:

«Haqiqiy musulmon bu — musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lishliklaridir».

Darhaqiqat, musulmon kishisi jamiyat uchun faqat yaxshilikni ravo ko‘rmog‘i, yomonliklardan tiyilmog‘i va boshqalarga aziyat berishdan uzoqda bo‘lmog‘i kerak. Haqiqiy musulmon yaxshi amallarni qilishda bardavom bo‘ladi, u har vaqt Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislariga amal qilib bormog‘i matlubdir:

«Sizlardan hech biringiz o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsani, birodariga ham ravo ko‘rmaguniga qadar chin imonli bo‘lmaydi».

Demak, musulmon kishi o‘ziga sevimli bo‘lgan narsani boshqa birodarlariga ham bo‘lishini yaxshi ko‘rishi, ya’ni ularga foyda keltirish va ulardan har qanday zararni daf qilishi lozimdir.

Bugun mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, xonadonimizdagi osoyishtalik, dasturxonimizdagi to‘kinlik Yaratganning biz bandalariga ko‘rsatayotgan cheksiz rahmati, fidoiy insonlarning elim-yurtim deb qilayotgan ezgu mehnatining samarasidir desak, aslo yanglishmaymiz. Zotan, har bir kunini, yoyinki har soniyasini o‘zgalar korini oson qilishga, o‘ksik qalblarning ko‘nglini ko‘tarishga baxshida etadigan insonlar — chinakam fidoiylardir. Insonlar xizmatida ham bo‘lish, ularga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zish va hojatlarini ravo qilishda doimo sa’yu-harakatda bo‘lish qanday saodat. Bu haqda Payg‘amabarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib shunday deganlar:

«Banda modomiki birodari hojatini ravo qilar ekan, Alloh taolo uning hojatini oson qilishda davom etadi».

Ezgulikni faqat moddiy ko‘mak berish yoxud biror jismoniy yordam ko‘rsatish deb tushunish biryoqlama tasavvur bo‘lar edi. Zero, yaxshilikning cheki-chegarasi yo‘q. Mehrga, muruvvatga mushtoq ko‘ngillarni ziyorat etish ham — bir yaxshilik.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV

Yunusobod tumani bosh imom—xatibi,

Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,

«Mirza Yusuf» jome masjidi imom—xatibi


Manba: "mulohaza.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: yaxshilik qilish, Insonlar | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя