Главная » 2021 » Октябрь » 2 » «Ish atayin uyushtirilgan, degan shubha ko‘p…» – Rasul Kusherbayev avtobloger Bobur G‘aniyevning ushlanishi haqida
17:04

«Ish atayin uyushtirilgan, degan shubha ko‘p…» – Rasul Kusherbayev avtobloger Bobur G‘aniyevning ushlanishi haqida


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev avtobloger Bobur G‘aniyevning ushlanishi va unga qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan bir qator savollarni o‘rtaga tashladi.

Bobur G‘aniyev ismli bloger Uchtepa tumanida IIB xodimlarini «ment», deb haqorat qilgani va shaxsiy telefonida pornografik materiallar borligi uchun ushlangani haqida xabarlar tarqalmoqda. Yana bloger jamoat tartibini buzdi, degan ayb ham qo‘yilgan.

Qizig‘i fuqaroni so‘roq qilish jarayoni videosi tarmoqlarga atayin tarqatilayapti.

Vijdon nimaligini bilmaydigan va buning uchun blogerlardan ko‘p tanqidga uchraydigan sudya va prokurorlar ham ishlayotgan bir vaqtda blogerning jamoat tartibini buzmaganini isbotlash ko‘rsatkichi nolga teng.

Shu bois, ish atayin uyushtirilgan, degan shubha ko‘pligi sababli protsessual qoidalar doirasida quyidagi savollarga javob berilishi kerak bo‘ladi.

Birinchidan, qanday qilib IIB xodimlari qo‘liga blogerning telefoni tushib qoldi? Telefondan jinoyat quroli sifatida foydalanilib IIB yoki boshqa shaxslarga tan jarohati yetkazilganmi?

Ikkinchidan, telefon nima uchun tintuvdan o‘tkazildi? Bu tintuv emas, ko‘zdan kechirish, deyilsa telefonning ost-ustiga qaraladi xolos. Ya’ni uning pichoq, to‘pponcha, non emas, aynan telefon ekanligiga ishonch xosil qilish uchun ko‘riladi. Bu o‘rinda IIB xodimlari fuqaroning telefonidan  qandaydir noqonuniy material topish maqsadida tintuv o‘tkazishgan ko‘rinadi. Tintuv uchun esa sanksiya kerak.

IIB xodimlariga sanksiyasiz tintuv o‘tkazishga huquq berilganmidi?

Uchinchidan, telefonni tintuvdan o‘tkazish qanday usul va tartib bo‘yicha olib borildi, tartib bormi o‘zi?

To‘rtinchidan, erkak va ayol o‘rtasidagi jinsiy aloqaga doir video va tasvirlarning voyaga yetgan fuqaro telefonida bo‘lishi mumkinmasligi qaysi qonunda belgilangan?

Beshinchidan, ahloq normalariga to‘g‘ri kelmasa-da, er-xotin sifatida ayol va erkak o‘rtasidagi jinsiy aloqa noqonuniy bo‘lmagani holda, voyaga yetgan inson uchun bu kabi tasvirlarni o‘z telefonida bo‘lishi qanday huquqiy javobgarlikka sabab bo‘ladi?

Oltinchidan, haqorat qilish deganda, fuqaro aynan qanday so‘zlarni ishlatgan bo‘lishi lozim. Masalan, IIB xodimlarini kalamush, deyish haqoratga kirmaydiyu, «ment» so‘zi kiradimi. Bu qayerda belgilangan?

Yuqoridagi savollarga aniq va asosli javob berilishi shart. Aks holda blogerning huquqbuzarligiga doir harakatlarning qonuniyligi  bo‘yicha shubhalar yo‘qolmaydi. Bo‘lmasa istagan fuqaroni yo‘q joydan jinoyatchiga chiqarish mumkin.

Umid qilamizki, Uchtepa tumani IIB xodimlari Prezident kafilligidagi Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan so‘z erkinligidan foydalanib, tanqid qilayotgan fuqarolarni qo‘rqitib, erkinliklarini bo‘g‘ish maqsadida o‘zlari jinoyatga yo‘l qo‘yishmagan.

Agar shunday bo‘lib chiqsa, bunday IIB xodimlari bor jamiyatda yashayotganimdan uyalaman, – deb yozadi deputat.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Avtobloger, Bobur G‘aniyev, Rasul Kusherbayev | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя