Главная » 2016 » Ноябрь » 10 » Issiq – sovuq bor narsami?
10:30

Issiq – sovuq bor narsami?


«Turmush — to‘rt musht» deganlaridek, hamma oilada ham kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Qaerga qarama, kim bilan gaplashma oilasidagi muammoni hal qilishga urinayotganini ko‘ramiz. So‘nggi vaqtlarda “issiq-sovuq” dastidan “dod” deganlar, “erim biroz e’tiborsiz bo‘lib qoldi, o‘qitmasam bo‘lmaydi” deb turmush o‘rtog‘ining rasmi bilan domlaga yugurgan kelinlarni ko‘p uchratamiz. Keling, yaxshisi, turli hayotiy vaziyatlarni ko‘rib chiqib, baho beramiz. 

«Erimning ma’shuqasi «jodugar» ekan…»

— Turmushimizning to‘rtinchi yiliga kelib, erim oiladan ancha uzoqlashayotgani sezila boshladi. Avvaliga buni ishidagi muammolar bilan bog‘liq deb o‘yladim. Juftim bilan suhbatlashishga bo‘lgan urinishlar besamar ketgach, qaynonamga maslahat soldim. Biroq u kishi ham o‘g‘lidan tayinli gap ololmadi. Bu orada erim jondan aziz o‘g‘lini sababsiz turtkilaydigan odat chiqardi. Qaynonam bilan  erimning ma’shuqasi borligiga gumon qila boshladik. Qayniegachim arosatda qolgan ikkimizga turmush o‘rtog‘imni uyga «isitish» uchun kuchli bir domla topib, «o‘qitish»imizni maslahat berdi. Najot topgan odamdek uch oy vaqtim va uch oylik maoshimning hammasini domla, folchiyu a’zayimxonlarga sarfladim. Qani endi foydasi bo‘lsa.... «Kuf-suf» bilan ovora bo‘lib yuraveribman-u, erim oilasidan butunlay uzoqlashib ketganini sezmabman. Oxiri sabrim tugab, hammasiga qo‘l siltadim-u, otamnikiga ketib qoldim. 

Oradan 3 oy o‘tib, oilasi, jufti halolidan o‘zgasi do‘st bo‘lmasligini tushungan erim bosh egib qaytdi. Emishki, bo‘lib o‘tgan voqealarda aslida u emas, uni “issiq-sovuq” qilib yurgan ma’shuqasi gunohkormish. O‘z tajribamda bunday “muolaja”ning ta’sirini ko‘rmaganim bois gaplariga ishonmadim. To‘g‘ri, birovni aybdor qilishdan osoni yo‘q. Ammo har kim o‘ylab, fikrlab ish qilishi uchun aql degan xislat bejiz berilmagan bo‘lsa kerak. Qanchalar erimdan xafa bo‘lmay, farzandimning otasi bo‘lgani uchun uni kechirishga majburman… 

Gulnora, Toshkent shahri

SUG’DIYONA: Shukurki, fikrlash va til-zabondek fazilatlarga ega bo‘lib, har qanday muammoni idrok bilan yengib o‘tishga qodirmiz. Biroq, ba’zan qars ikki qo‘ldan chiqishini unutib, qarshimizda turgan masalaning osonroq va bizdan kamroq urinish talab qiladigan yo‘lini tanlab qo‘ya qolamiz... Bu esa bizning asosiy xatoimizdir! 

Ona “sovuq”,  xotin “issiq”mi?

— Uch qizdan keyin ko‘rgan o‘g‘limizni orzu-havaslar bilan o‘zi yoqtirgan qizga uylantirdik. Kelinim chakki emas, xizmatimni qiladi. O‘g‘lim gapirmasidan turib, birgina qarashining o‘zidanoq nima istayotganini fahmlaydi. Shirindan-shakar ikki nabiramni dunyoga keltirib, tarbiyalayotgan kelinimdan ko‘nglimiz to‘q edi. Ikkinchi qizimning turmushida ozgina muammo bo‘lib, yarim yilga yaqin vaqt farzandlari bilan biznikida yashashiga to‘g‘ri keldi. Hayotidagi notinchliklar sabab, uni ayashga harakat qiganim, kelinimga og‘ir botdi chog‘i, bizga bo‘lgan munosabati o‘zgardi. Oradan hech qancha o‘tmay, bu kayfiyat o‘g‘limga ham o‘tdi. Chunki er-xotin ikkovi birga qaergadir borib kelsa tamom, o‘g‘limni taniyolmay qolaman. Men, otasi va mehmonga kelgan opalariga qo‘pol munosabatda bo‘ladi. Uch-to‘rt kun o‘tibgina biroz “yumshaydi”. Yaqinda esa o‘g‘lim alohida uy qilib, bo‘lak chiqishini aytib, “Istagan qizingizni olib kelib yashayvering” dedi. Onaman axir, ko‘nglimga og‘ir botsa-da, murosa qildim. Yolg‘iz o‘g‘limiz bo‘lsa, keksayib qolgan ota-onasini tashlab ketish fikri unga qaerdan keldi, hayronman. To‘ydan avval “Shundan boshqasiga uylanmayman” deganida nima balo, bu qiz “issiq-sovuq” qilib, boshini aylantirib olganmi, degandim. Kelinim endi ham o‘sha usullarini qilib, o‘g‘limni oilasidan sovutmoqchi, bag‘rimizdan yulib olayapti! Men ham bittagina o‘g‘limni berib qo‘yarmidim, qarab tursin, sehr-jodu qilishni ko‘rsatib qo‘yaman!

Malohat aya, Farg‘ona viloyati

SUG’DIYONA: Yoshlarning mustaqil yashash istagini hech qanday “issiq-sovuq” bilan yo‘qotib bo‘lmaydi. Qizlarning muammolari ham tugamasligi aniq. Shuning uchun bu holatda ota-onadan qizlarga sal qattiqqo‘lroq bo‘lish talab etiladi. Agar ular ota uyida yashashiga to‘g‘ri kelsa, uy yumushlarini kelin va qizlar o‘rtasida adolat bilan taqsimlab berilishi o‘rtadagi sovuqchilikni ilitishi turgan gap. 

«Ovsinim qaynonamni sehrlagan»

— Oilamizning katta keliniman. Turmush qurganimizning beshinchi yili qaynimni uylantirdik. Meni qiynayotgan muammolar shundan so‘ng boshlandi. Chunki ungacha qaynona-kelin munosabatlarimizga hammaning havasi kelardi. Balki ishonmassiz, ammo biror marta san-manga borish u yoqda tursin, hatto arazlashmaganmiz. 

Yangi kelinchakka ro‘zg‘or tutish, xonadonimiz past-balandini tushuntirishni qaynonam menga yukladi. Astoydil harakat qilsam-da, ko‘p o‘tmay ovsinimning uy ishlariga no‘noqligi-yu pishir-kuydirga qo‘li kelshmasligi ko‘rinib qoldi. Qaynonam kabi, yaxshisini oshirib, yomonini berkitishga harakat qildim. Evaziga esa ovsinim meni qaynonam bilan teskari qilib qo‘ydi. Biror marta ovozini ko‘tarmagan qaynonam men bilan jerkib gaplashadigan, har bir ishimdan xato axtaradigan odat chiqardi. Aybimni tushunmay halak yurgan kunlarimda xolamning qizi g‘alati gap topib keldi. Aytishicha, ovsinimni qizlik mahallasidagi folchi ayolning uyidan chiqib ketayotganida, qo‘lida qaynonam bilan ikkimizning suratimiz bo‘lgan ekan. Avvaliga bu gaplarga ishonmadim. Keyin bir–ikki marta xonamdagi gilamning ostidan zanglagan igna topganim va ostonaga sepilgan turpoqni supurib tashlaganim yodimga tushdi. O‘shanda bu narsalarga ahamiyat bermagandim. Endi esa qaynonamning menga nisbatan nega o‘zgarib qolganini tushungandek bo‘layapman... 

Nargiza, Samarqand shahri

SUG’DIYONA: Oilaga yangi kelin kelganidan so‘ng butun oila a’zolarining diqqat-e’tibori unga qaratilishi shubhasiz. Hammadan iymanib, uyalib, o‘zining faqat yaxshi xislatlarini ko‘z-ko‘z qilishga urinayotgan kelinchak oldida bor-u yo‘g‘ini yashirmay, muomala qilayotgan katta kelinning shubhasiz, ilgari hech kim ilg‘amagan ayblari chiqa boshlaydi. Lekin bu holat uzog‘i bilan bir yil davom etadi va hammasi o‘z iziga tushadi. Yana bir narsa, gumon iymondan ayiradi, degan gapni unutmang! 

«Qo‘shnim baxtimni «bog‘ladi»

— Yoshim 24 da. Men tengilar allaqachon oilali bo‘lib, farzandlarini parvarishlab yurishibdi. Yaqindan menga “qari qiz” yoki “nuqsoni bor” deya qaray boshlashganini sezdim. Otam va akalarim taqdir bo‘lganida to‘yi bo‘ladi-da deyishsa, onam va buvilarim “o‘tirib” qolishimdan joni xalak. Katta akamning ikkinxb marta o‘ylangani, kichik akamning esa xotini bilan hech chiqisholmay yashayotgani kamlik qilgandek, mening to‘yim bo‘lmayotgani ota-onamni tashvishga solishi shubhasiz. To‘g‘ri, so‘roqlagan sovchilar ko‘p. Ammo bir marta kelishgach, qaytib ko‘rmaysiz. Bu esa oilamdagi ayollar uchun muammo. Shubha-gumonlar kayfiyatimni sindirsa-da, o‘zimni qo‘lga olishga harakat qilaman. 

Bir kuni ammamning qistovi bilan nomi chiqqan domlaning oldiga bordik. U kishi duo o‘qib, menga va oilamizga ziyon yetkazadigan amal qilinganini aytdi. Bu ishlarni qilib yurgan ayol esa yon qo‘shnimiz ekan. Ammam va onam o‘sha kundan beri qo‘shnimizga yovdek qaraydi. Tansiq taom yoki shirinlik pishirganida biz bilan baham ko‘radigan qo‘shnimizning berganlarini tezda suvga oqizib yuboradi... 

Ammo, bir savolga javob topolmayman: Oilasi va farzandlarining rizqidan qiyib, boshqalarni “issiq-sovuq” qiladiganlarga nima naf? 

Gulhida   

SUG’DIYONA: Oilasi tinch bo‘lmagan oila bilan quda-andachilik qilishni hech kim ham istamasligi aniq. Sovchilar, odatda, muammolarning sababini o‘rganib o‘tirmaydi. Shunchaki, kelinlari bilan murosa qilolmagan, o‘g‘lini ikkinchi marta uylantirgan odamlar bilan qarindoshchilik rishtasini bog‘lashga biroz cho‘chishi tabiiy. hayotimizdagi hamma voqeaga ham “issiq-sovuq”ni aralashtirish to‘g‘ri emas. 

Go‘zal RO‘ZMATOVA, ruhshunos:

—  Iroda va e’tiqodi sust bo‘lgan insonda bid’at hamda xurofotga ishonch kuchli bo‘ladi, deb bejiz aytishmagan. “Issiq-sovuq” qilishibdi”, “o‘qitib qo‘yishibdi”, “baxti va omadini bog‘lashibdi” degan gapni har bir muammosiga sabab qilib ko‘rsatadigan kishilar, odatda haqiqatga tik boqishdan cho‘chishadi. Zero, ko‘ngilni xotirjam qilish, o‘zgalardan ayb qidirish, ular uchun osonroq. Aniqrog‘i, irodasiz, o‘ziga ishonchi past, boshqalarning ta’siriga beriluvchan hamda ojiz insonlar uchun sehr-jodu o‘zini himoyalash uchun yaxshigina quroldir.  Dunyoqarashi keng, o‘z ustida ishlaydigan, aqli butun inson bu ishni qilmaydi va ishonmaydi ham. To‘g‘ri, ba’zan  “Qildirgan “amal”im foyda berdi” deganlar ham uchrab turadi. Ammo bu o‘zini-o‘zi ishontirish, xolos. Unutmang, inson nimagaki ishonsa, o‘sha ro‘y beradi, qidirganini topadi, istaganini ko‘radi. Fikr moddiylashishi haqiqat.  

Yulduz KOMILOVA, islomshunos, “Movarounnahr” nashriyoti muharriri: 

— Alloh taoloning iznisiz yer yuzida hech kim boshqa birovga zarar ham, foyda ham yetkaza olmaydi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar” (Baqara, 102). Bunga ishonish insonni xotirjam qiladi, qalbiga taskin beradi.

Musibatga sabr qilmasdan sehrgar, folbin, kohinga borib, shifo yoki yordam so‘rash shar’an haromdir. Bu ish bilan kishi katta gunoh qilgan bo‘ladi. Uni halol desa, Alloh saqlasin, dindan chiqadi.

Musulmon kishi o‘ziga yetgan har bir narsani Allohdan deb bilishi kerak. Yaxshilik yetsa – shukur, musibat yetsa – sabr qiladi. Ana shunda gunohi kabiralar domiga tushib qolishdan o‘zini himoyalagan bo‘ladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Issiq – sovuq | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя